بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Hasan Nasrulloh o‘ldirilishining qisqacha obzori
Muhandis Mujdiy Ali
2024 yil 27 sentyabr, juma kuni Netanyaxu, uni qarsak chalib olqishlab turish uchun u bilan birga kelganlarni hisobga olmaganda, deyarli rasmiy delegatsiya va siyosatchilardan xoli zalda hayosizlarcha, kishini jig‘iga teguvchi ohangda nutq so‘zladi. U nutqini tugatar ekan, harbiy kotibi kelib uning qulog‘iga pichirladi. Shundan so‘ng, u kutilmaganda matbuot brifingini tark etdi. Ko‘p o‘tmay Netanyaxuning suratlari (tarmoqlarda) tarqaldi va uning katta operatsiyani amalga oshirishga buyruq bergani aytildi. Birozdan keyin yahudiy vujudi mudofaa vaziri, bosh shtab boshlig‘i va havo kuchlari qo‘mondonining suratlari tarqaldi. Ularning qimmatli ovga qarshi operatsiya ijrosini kuzatib borishlari aytildi. Musulmonlar qonini to‘kish uchun olib boriladigan bu jirkanchli urushda, ular ta’riflagandek, qimmatli nishonga, ya’ni yer osti tunnellariga yetib borish bahonasida ko‘p qavatli turar joy majmuasini, tom ma’noda, ichidagi yashovchilari bilan yakson qilish uchun tonnalab bunkerlarni vayron qiluvchi bombalarni tashlashga qaror qilindi. Ular aytayotgan qimmatli nishon Eron hizbi bosh kotibi Hasan Nasrulloh va ko‘p sonli rahbarlar edi. Netanyaxuning nutqi tugaganidan ko‘p o‘tmay Bayrut va Madinai Munavvara vaqti bilan soat oltilar atrofida Eron hizbining tayanch nuqtasi bo‘lgan Bayrutning janubiy chekkasida o‘nta kuchli portlash sodir bo‘ldi.
Shanba kuni ertalab yahudiylar Nasrulloh o‘ldirilganini ta’kidlashdi. Livandagi Eron hizbining bayonoti esa, o‘sha kunning asriga qadar kechikdi. Eron ham voqea joyida yuqori martabali rahbarlar o‘ldirilganini e’lon qildi.
Bo‘lib o‘tgan voqeaning, ayniqsa, bu zarbada Eron hizbining rahbarlik iyerarxiyasi yo‘q qilinganini e’tiborga olganda, Livan siyosiy sahnasidagi va mintaqadagi katta qadam ekanligiga shubha yo‘q. Bundan oldin 2024 yil 20 sentyabr, juma kuni bir joyga to‘plangan Rizvon bo‘linmasi rahbarlariga zarba berilgan edi. Aqso to‘foni boshlanganidan beri boshqa rahbarlar konsentratsiyalangan havo hujumlari orqali individual (yakka tartibdagi) suiqasd yo‘li bilan yo‘q qilindi.
2023 yil 7 oktyabrda Aqso to‘foni operatsiyasi boshlanganidan keyinoq Eron hizbi 2023 yil 8 oktyabrda «qo‘llab-quvvatlash va mashg‘ul qilish» deb atalgan front liniyasiga kirdi va hozirgacha shu frontda davom etdi. U yahudiy vujudining harbiy obyektlariga raketa va dron zarbalarini berishga tayandi. Jang qoidalari deb atalgan qoidalardan oshib o‘tib ketmaslik uchun fuqaroviy obyektlarga zarba berishdan qochdi. Yahudiy vujudi esa, ushbu qoidalarning barchasini buzib o‘tib, Hasan Nasrullohni, Hizbulloh va Eronning yuqori martabali rahbarlarini o‘ldirishgacha yetib bordi. Bu nishonlarga yetib borish yo‘lida yuzlab tinch aholini o‘ldirdi.
Al-Va’y jurnalining 2005 yil mart oyida chiqqan 217 sonida quyidagicha keladi: (Taniqli siyosiy arboblarga qarshi suiqasd operatsiyalari mahalliy qaror bilan amalga oshirilmaydi. Aksincha, bunday operatsiyalar uchun bir yoki bir nechta yirik davlatlarning xalqaro himoyasi kerak bo‘ladi va bu nishondagi shaxsdan «siyosiy himoyani ko‘tarish» deb nomlanadi. Ba’zi hollarda jismonan yo‘q qilish qarori mahalliy tomonga xorijdan kelishi yoki aksincha, mahalliy tomon yo‘q qilishga ruxsat so‘rashi mumkin. Shunda agar xorijiy tomon mahalliy malay fikrining asosliligiga ishonch hosil qilsa, rozilik xorijdan keladi…).
Biz siyosiy himoya ko‘tarilishiga duch keldikmi?! Biz mintaqaning, ayniqsa, Falastin va Livanda, yangidan shakllanishiga duch keldikmi?! Amerika kelishuvga zamin tayyorlash va mintaqaning harbiy qanotlarini yo‘q qilish uchun yirik qurolli kuchlarga tuzoq qo‘ydimi?! Malay yoki orbitadagi (katta davlat ta’sir doirasida aylanuvchi) davlatlar o‘zlari unga qaram bo‘lgan yoki uzoq yillar davomida orbitasida aylangan xo‘jayinlariga ko‘rsatgan xizmatlari mevasini yig‘ib olish uchun o‘z tarafdorlarini sotdimi?». Bundan Falastin Ozodlik Tashkilotining harbiy rahbarlari yo‘q qilinib, uning siyosiy rahbarlari saqlanib qolganida va hamon saqlanib qolayotganida yuz berganidek, bu qurolli kuchlarning siyosiy harakatlarga chekinishi ko‘zda tutilganmi?! Bu – boshqa yirik guruhlarni to‘kilgan qonlar va sochilgan tanalar ta’siri ostida muzokara stoliga o‘tirishda o‘z ifodasini topgan siyosiy harakatlar sari qadam tashlashga qaytarish uchun ularning harbiy harakatlari rahbarlarini yo‘q qilishga urinishmi?! Eron boshchiligidagi «qarshilik o‘qi»ning sukut saqlashi hamda faqat ta’ziya va hamdardlik bildirib qo‘yish bilan kifoyalanishi nahotki tabiiy bo‘lsa?! Eronda hokimiyatga islohotchi prezidentning kelishi, shuningdek, uning yoniga Amerika malayi Javod Zarifning strategik ishlar bo‘yicha maslahatchi bo‘lib kelishi bejiz emasmi yoki bu shunchaki tasodifmi?! O‘zgarishlarga to‘la kelgusi kunlar, shubhasiz, bu savollarga javob beradi.
Iymonli jangovar guruhning zarbalaridan yahudiy vujudi larzaga kelgan payt jangovar guruhlar uchun tobe malaylar bilan aloqani uzib, qat’iyat ko‘rsatish va bor imkoniyat bilan zarba berish imkoniyati edi. Shuningdek, bu payt armiyalarning hukmdorlarga qarshi isyon qilishlari hamda Falastin va Livanga yordam ko‘rsatish sari oldinga intilishlari uchun qulay imkoniyat edi. Agar Alloh ular tomonidan Tavba surasining 15 oyatida «Ular bilan jang qilinglar» deb kelgan buyrug‘ini amalga oshirish uchun jang sari ilk qadam tashlanganini, ya’ni samimiy tashabbusni ko‘rganida, ular uchun O‘z izni ila oyatning qolgan qismidagi narsani ro‘yobga chiqarar edi. Alloh Taolo aytadi:
﴿قَٰتِلُوهُمۡ يُعَذِّبۡهُمُ ٱللَّهُ بِأَيۡدِيكُمۡ وَيُخۡزِهِمۡ وَيَنصُرۡكُمۡ عَلَيۡهِمۡ وَيَشۡفِ صُدُورَ قَوۡمٖ مُّؤۡمِنِينَ + وَيُذۡهِبۡ غَيۡظَ قُلُوبِهِمۡۗ وَيَتُوبُ ٱللَّهُ عَلَىٰ مَن يَشَآءُۗ وَٱللَّهُ عَلِيمٌ حَكِيمٌ﴾
«Ular bilan jang qilinglar, (shunda) Alloh ularni sizlarning qo‘lingiz bilan azoblaydi, rasvo qiladi va sizlarni ularning ustiga g‘olib qiladi hamda mo‘min qavm dillarini qondirib, ko‘ngillaridagi g‘am-anduhni ketkazadi. Alloh O‘zi xohlagan kishilarning tavbalarini qabul qilur. Alloh bilim va hikmat sohibidir» [Tavba 14-15]
Aks holda, keyingi 16 oyatda kelgan narsa ularga tegishlidir. Alloh Taolo aytadi:
﴿أَمۡ حَسِبۡتُمۡ أَن تُتۡرَكُواْ وَلَمَّا يَعۡلَمِ ٱللَّهُ ٱلَّذِينَ جَٰهَدُواْ مِنكُمۡ وَلَمۡ يَتَّخِذُواْ مِن دُونِ ٱللَّهِ وَلَا رَسُولِهِۦ وَلَا ٱلۡمُؤۡمِنِينَ وَلِيجَةٗۚ وَٱللَّهُ خَبِيرُۢ بِمَا تَعۡمَلُونَ﴾
«(Ey mo‘minlar), balki sizlarning orangizda (haq yo‘lda) kurashgan va Allohdan, Uning payg‘ambaridan va mo‘minlardan o‘zga biron kimsani do‘st tutmagan zotlarni, Alloh bilmasdan (ya’ni, imtihon qilmasdan o‘z holiga) qo‘yib qo‘yishini o‘ylagandirsizlar?! Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir» [Tavba 16]
Oyatning ma’nosi quyidagicha: ey mo‘minlar, ularga qarshi jang qilinglar, Alloh ularni sizlarning qo‘lingiz bilan azoblaydi yoki Alloh qay biringiz Islomda rostgo‘yu, qay biringiz yolg‘onchi ekanini bilish uchun sizlarni sinamasdan, shuningdek, orangizda O‘zining yo‘lida jihod qilishga loyiq zotlar kim ekanini, bu borada Alloh va Uning Rosulidan hamda mo‘minlardan o‘zga biron kimsani sirdosh tutmagan zotlar bilan Allohning amrini zoye ketkazayotgan va befarqlik qilayotganlar kim ekanini tekshirmasdan, hech bir mashaqqat bilan sinamasdan, hech bir imtihonga solmasdan sizlarni tek tashlab qo‘yadi, deb o‘ylayapsizmi?! Yo‘q, Alloh sizlarning qilayotgan barcha qilmishlaringizni, jumladan, Alloh va Uning Rosulidan va mo‘minlardan o‘zgani sirdosh tutganingizni yaxshi biladi, zotan, U sizni bundan qaytargandi. Allohga bu va boshqa amallaringiz ma’lum va U sizni shu amallaringizga qarab, yaxshi amal bo‘lsa yaxshilik bilan, yomon amal bo‘lsa yomonlik bilan taqdirlaydi.
Roya gazetasining 2024 yil 2 oktyabr chorshanba kungi 515-sonidan