بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Eronning yahudiy vujudiga zarbasi qanchalik jiddiy
Ustoz As’ad Mansur
Har qanday davlatning tashqi siyosati haqida so‘z yuritmoqchi bo‘lsak, avvalo bu siyosat qanday negizlarga asoslanganini, uning maqsadlari va aloqalarini, shuningdek, undan kelib chiqadigan va unga aloqador bo‘lgan barcha narsalar ana shu ishlarga asoslanishini tushunishimiz kerak. Aks holda, kishi voqealar o‘zgarishi bilan sarosimaga tushgan holda tartibsiz harakat qilib, qarama-qarshiliklar iskanjasida qoladi. Uning qarashi voqealarni ushbu asoslarga bog‘lamagan holda ularning zohiriy ko‘rinishiga asoslanib, yuzaki bo‘lib qoladi. U siyosatni tushunmay, to‘g‘ri fikr bildira olmaydi.
Gap Eron haqida ketayotgani uchun aytamizki, u o‘z tashqi siyosatini mavjud xalqaro tizimga muvofiq olib boradigan davlatdir. U BMT, Islom Hamkorlik Tashkiloti, BRIKS va Shanxay kabi tashkilotlarga a’zo. Uning barcha xalqaro aloqalari Islomga asoslanmagan va maqsadi milliy manfaatlarga erishishdir. U bu manfaatlarga erishish uchun shia mazhabi jihatidan foydalanadi. Agar bu jihat o‘sha manfaatlarga zid kelsa, shia mazhabiga ahamiyat bermaydi. Aholisining aksar qismi shia mazhabiga mansub bo‘lgan Ozarbayjon bilan bo‘lgan aloqalari bunga dalildir. Chunki 1989 yilda Ozarbayjon xalqi Rossiyaga qarshi qo‘zg‘olon qilganida, bu qo‘zg‘olon uning Rossiya bilan bo‘lgan aloqalariga zid kelgani uchun, ularni qo‘llab-quvvatlamadi. 1993 yilda Ozarbayjonning 20 foizini bosib olgan armanlarga qarshi ularga yordam bermadi. 2020 yilda ular o‘z yerlarini qaytarib ola boshlaganlarida ham ularni qo‘llab-quvvatlamadi.
Eron asoschisi Xumayniy: «Eron Amerika bilan, uning ichki ishlariga aralashmasligi sharti bilan, hamkorlik qilishga tayyor», deb bayonot berdi. Bu bilan u o‘zining Amerika orbitasida harakatlanishini e’lon qildi. Bu haqda Eron sobiq prezidenti Banisadr ma’lum qilgan. AQSH razvedkasi Xumayniyning bu borada AQSH sobiq prezidenti Jimmi Karterga yo‘llagan maktubini chop etdi. Eronning Afg‘oniston va Iroq bosib olinishida hamda u yerlarda barqarorlik ta’minlanishida Amerika bilan hamkorlik qilganini Eron sobiq prezidenti Ahmadinajod va Eron sobiq prezidenti Xotamiyning noibi Muhammad Abtahiy ham ma’lum qildi. Bu Suriyada o‘z tasdig‘ini topdi va Eron Amerika malayi Bashar Asadni qo‘llab-quvvatladi.
Eron musulmonlar, nasroniy va yahudiylar o‘rtasida hamjihatlikni ta’minlovchi boshqaruv nizomini tasdiqlash uchun referendum o‘tkazishi bilan o‘zining oliy rahnamosi Xomanaiy orqali Falastinga nisbatan siyosatini bildirib qo‘ydi. Shu bilan Falastinda bosqinchi yahudiylarning mavjud bo‘lib turishini tan olishini va ularning u yerda qolishini istashini e’lon qildi.
Shuning uchun, Eron mintaqada hech bir ishni Amerikaning ko‘rsatmasisiz qilmaydi. Eron siyosatini shu asosda tushunish kerak. Aks holda, kishi o‘zini ham, boshqalarni ham adashtiradi. Ushbu siyosat o‘zgarmaganligiga ishonch hosil qilish uchun uni o‘tmishdagi ko‘plab misollar orqali kuzatish kerak.
Masalan, Eron inqilobiy gvardiya rahbarlarining Damashqda o‘ldirilishiga javob bermoqchi bo‘lganida, uning sobiq tashqi ishlar vaziri Abdullahyon qanday javob yo‘llashni o‘rganish uchun Ummonda amerikaliklar bilan aloqa o‘rnatayotganini e’lon qildi. Keyin javob zarbasi sifatida 332ta raketa uchirildi. Ko‘rinib turibdiki, bu raketalarning yahudiy vujudiga yetib borishidan oldin urib tushirish ustida kelishuv bo‘lgan. Chunki bu zarbalar jiddiy bo‘lmagan, balki obro‘ni saqlab qolishga qaratilgan.
Hamas siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniyya Eron poytaxtida o‘ldirilganida, u javob zarbasini berishini e’lon qildi. Amerika undan AQSH-Misr-Qatar tashabbusi G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga olib kelguncha kutib turishni va bu zarbalar muzokaralarni to‘xtatib qo‘ymasligi kerakligini so‘radi. Shuning uchun Eron kutishini ma’lum qilib, taktik va strategik sabrni e’lon qildi.
Bularning barchasi yahudiy vujudini Livandagi Eron hizbiga hujum qilib, uning rahbarini va ko‘plab birinchi safdagi yetakchilarini o‘ldirishga undadi. Bundan tashqari, u aloqa vositalari va havo hujumlari orqali minglab Eron tarafdorlarini o‘ldirdi va yarador qildi.
Yahudiy vujudi Livanga quruqlikdan bostirib kirmoqchiligini e’lon qildi va Amerika buni rad etdi. U o‘zining bosh vaziri Netanyaxu orqali Yaqin Sharqni yangidan yaratishini aytib, takabburligini yanada oshirdi. Bu esa, Amerika yahudiy vujudidan istagan narsaning buzilishidir. Chunki Amerika o‘z ta’sirini kuchaytirish, shuningdek, Ummatning ozod bo‘lib, uyg‘onishiga va o‘z Xalifaligini barpo etishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun mintaqada yahudiy vujudini o‘zining quroli bo‘lib qolishini istaydi.
Eronning obro‘si pastlab ketdi. Tarafdorlari uning qudratiga va jiddiyligiga shubha qila boshlashdi. Bu esa, uning mintaqaviy ta’sirini cheklab qo‘yadi hamda ichkaridagi muxolafatni isyonga va uning rejimini qulatishga harakat qilishga undaydi. Ayniqsa, yevropaliklar, xususan, Britaniya uning ichida ish olib borishdan to‘xtamay kelmoqda. Shu bois, u 200ta raketa uchirib, jiddiy emasligini tasdiqlash uchun shu bilan kifoyalanishini bildirdi. Amerika ham Eron rejimining obro‘sini saqlab qolishni hamda Netanyaxu va unga ergashgan podaning takabburligini cheklab qo‘yishni xohladi. Zero, Netanyaxu va uning podasi bir yil davomida G‘azodagi qirg‘inlarni hech qanday to‘siqsiz davom ettirish, himoyasiz bolalar, ayollar va erkaklarni o‘ldirish, shuningdek, uylar, maktablar va shifoxonalarni ularning boshi uzra vayron qilish bilan faxrlanish vasvasasiga tushib qolgan. Bu esa qalbi toshdek qotgan musulmon hukmdorlar qalbiga ta’sir qilmadi. Shuning uchun ular befarq bo‘lib qolishdi. Ummat ham, Uning armiyalari ham ularni qulatish, Falastindagi birodarlariga yordam berib, uni ozod etish uchun hali ham harakatga kelmadi. Yahudiylar har qancha qirg‘inlarni sodir etishsa ham, Amerikaning mutlaq qo‘llab-quvvatlashi ularni vasvasaga solib qo‘ydi. G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va ikki davlat yechimini amalga oshirish bo‘yicha barcha sa’y-harakatlariga to‘sqinlik qilishlariga qaramay, Amerika ularni erkalatib yubordi.
Yahudiy vujudi Livanga zarba berib, uni bosib olish bilan tahdid qila boshladi. Mana shu paytda Eron bu zarbani amalga oshirdi. Amerika Eronning unga bo‘ysunmay qo‘yishini to‘xtatish uchun, u otgan raketalardan faqat 12tasini urib tushirdi. Yahudiy vujudi bu raketalardan o‘zining ba’zi inshootlari zarar ko‘rganini va javob zarbasi berilishini e’lon qildi. Amerika yahudiy vujudining Eron yadroviy obyektlariga va neft inshootlariga zarar yetkazishini oldini olish ustida ishlamoqda. Chunki, agar bu inshootlar vayron qilinsa, Eron jiddiy muammoga duch keladi va uning xuddi shunday javob zarbasini berishi kerak bo‘lib qoladi. Aks holda, u o‘zini ichki va mintaqaviy jihatdan xavf ostiga qo‘yadi. Bu bilan Amerika Eronda katta yo‘qotishga uchraydi. Bu esa, yevropaliklarni u yerda o‘z ta’sirlarini qayta tiklashga undaydi. Ayni paytda Amerika prezidentlik saylovlari tufayli yahudiy vujudini jilovlash bo‘yicha keskin qaror qabul qila olmayapti. Demokratlar uni boy berib qo‘yishni istashmaydi. Chunki respublikachilar yahudiy vujudini va uning agressiyasini mislsiz darajada qo‘llab-quvvatlashlari bilan demokratlardan ustun kelishi ham mumkin.
Amerika yahudiy vujudini qo‘llab-quvvatlashi bilan uni itoatkor qilish o‘rtasida muvozanatni paydo qila olmadi. U o‘zini tanqidga, zaif va qobiliyatsiz deb ta’riflanishga duchor qildi. Uning dunyoni boshqarish va dunyo muammolarini hal etish qobiliyatiga bo‘lgan ishonch susaydi.
Yevropaliklar Amerikaning ortidan chopishar ekan, hech narsa qilisha olmaydi. Bundan tashqari, yahudiy vujudini ular yaratgani uchun, uni qo‘llab-quvvatlashdan ham voz kechisholmaydi. Xalqaro sud, Xalqaro jinoyat sudi va BMT kabi xalqaro muassasa deb nomlangan G‘arb muassasalari yahudiy vujudini hech narsaga majburlamoqchi emas. Bu esa ularni boshi berk ko‘chaga kiritib, qarama-qarshiliklarga olib keldi. Agar Amerika va Yevropa uni o‘z qarorlariga majburlashni va unga jiddiy bosim o‘tkazishni istasa, u bo‘ysunadi. Chunki ular uning jon tomirlaridir. Shuning uchun qarorlarni o‘z ixtiyori bilan bajarishini istashdi. Bu esa uni o‘z jinoyatlarini davom ettirishga undadi.
Eron Livanda o‘t ochishni to‘xtatish yo‘lini qidira boshladi. Chunki u Suriya ahli bilan urushga kirgani kabi yahudiy vujudi bilan urushga kirishni istamaydi. Uning Falastinni ozod etish maqsadi ham yo‘q. Shu bois, Eron tashqi ishlar vaziri Arakchi buni muhokama qilish uchun Bayrut va Damashqqa keldi.
Erdogan va boshqa hukmdorlarning niqobi tushib ketgani kabi, Erondan ham niqobi tushib ketdi. Ummat qadr-qimmati va obro‘-e’tiborini tiklaydigan samimiy siyosiy yetakchilikka intila boshladi. Chunki faqat shu yetakchilik payg‘ambarlik minhoji asosidagi roshid Xalifalikni barpo etishga harakat qiladi.
Roya gazetasining 2024 yil 9 oktyabr chorshanba kungi 516-sonidan