Qirg‘iziston “Tolibon”ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarib tashladi

18
0

Qirg‘iziston “Tolibon”ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarib tashladi

Qirg‘iziston hukumati “Tolibon” harakatini terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarib tashladi. Bu haqda Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi. Ushbu qaror Tolibon harakati Afg‘oniston hukumatini uch yil boshqargandan so‘ng qabul qilindi.

6 sentyabr kuni Vazirlar Mahkamasining raisi Akilbek Japarov Afg‘onistonning Qirg‘izistondagi vaqtinchalik vakili Nurulla Amin bilan uchrashdi. Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar, transport aloqalarini rivojlantirish, Afg‘onistondagi mineral resurslarni birgalikda ishga tushirish, energetika, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Izoh: 2001 yil 11 sentyabr teraktlaridan so‘ng AQSH boshchiligidagi NATO kuchlari “terrorizm” bahonasida Afg‘onistondagi Tolibon harakatiga qarshi urush ochdi. 20 yil davom etgan qirg‘in natijasida o‘n minglagan tinch aholi qurbon bo‘ldi. Shunga qaramay, Amerika armiyasi 2021 yilda sharmandalarcha mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi. Afg‘oniston hokimiyatini qo‘lga olgan Tolibon hukumatini hech bir davlat rasman tan olmagan bo‘lsa-da, biroq u bilan diplomatik aloqalar davom etmoqda. Bunga Afg‘onistondagi mineral resurslarning ko‘pligi va zich joylashgan aholining ehtiyojlarini qondirishdan ko‘zlangan manfaatlar turtki bo‘lmoqda. Shu bois bundan avval Qozog‘iston hukumati “Tolibon” harakatini qora ro‘yxatdan chiqargan bo‘lsa, Rossiya hukumati “Tolibon”ni taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish ustida ish olib bormoqda. O‘zbekiston va Turkmanistonda ham Tolibon harakati rasman taqiqlangan emas.

Bundan ko‘rinib turibdiki, bugungi kunda mintaqadagi davlatlarning Islomiy harakatlarga nisbatan tutgan pozitsiyasi vaqtinchalik manfaatlar va xo‘jayinlari bo‘lmish mustamlakachi davlatlarning pozitsiyasiga bog‘liqdir. Ayni paytda, bu mintaqada qurolsiz harakat olib borayotgan uyushmalarning taqiqlanishi ushbu rejimlarning ikkiyuzlamachiligidan dalolat beradi. Qolaversa, o‘zlari terrorchi deb tan olgan harakat bilan siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni davom ettirishlari o‘zlarini jinoyatchiga aylantirib, huquqiy sohada boshi berk ko‘chaga kirgizib qo‘ymoqda.

Xitoy masalasiga kelsak, Pekin hukumati 2021 yildayoq Afg‘oniston bilan savdo aloqalarini o‘rnatib, mintaqadagi bo‘shliqdan foydalangan holda mamlakat xomashyosini tashib ketuvchi asosiy investorga aylanib bormoqda. Hozirgi paytda Afg‘onistonda o‘rganib chiqilgan resurslar miqdori 3 trillion dollarga yaqin ekanligi ma’lum qilingan. Xitoy hukumati o‘z tovarlarining qariyb 98 foizini bojxona solig‘isiz Afg‘onistonga eksport qilmoqda. Xitoyning mintaqaga tez suratda kirib borayotganidan xavotirlangan Amerika ma’muriyati Yaponiya orqali Afg‘onistonda gumanitar yordam va sarmoya kiritish loyihalarni amalga oshirmoqda.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, “Tolibon” harakatining “qora ro‘yxat”dan chiqarilishi Rossiya va mintaqa davlatlarining manfaatlariga asoslangan. Bundan tashqari, Xitoyning Afg‘onistondagi ta’siri kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun G‘arb tomonidan ham yashil chiroq yoqib qo‘yilgan. Shu tufayli mintaqa davlatlari Afg‘oniston bilan aloqalarini kuchaytirmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, Afg‘onistonga muayyan qarorlar qabul qilish uchun bosim o‘tkazish vositasiga aylanishi mumkin. Shundan ekan, Afg‘oniston hukumati o‘nlab yillar mobaynida jang maydonida qo‘lga kiritgan g‘alabasini siyosiy maydonda qo‘ldan boy bermaslik uchun mintaqadagi malay hukmdorlar va ularning boshida turgan mustamlakachilarning hiyla-nayranglaridan ehtiyot bo‘lishlari lozim.

Nurdin Asanaliyev

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.