Qirg‘iziston “ekstremizm” bahonasida Islomga qarshi kurashni kuchaytirmoqda
Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi 3 sentyabr kuni ekstremizm bahonasida Islomning yoyilishiga qarshi jazoni kuchaytirishni o‘z ichiga olgan qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim qildi. Unga ko‘ra, “ekstremistik” materiallarni tayyorlash, olib yurish, boshqaga yetkazish yoki tarqatish maqsadida qabul qilgan yoki saqlagan fuqarolar bu harakatlari uchun 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etiladi. Xuddi shunday harakat bir guruh shaxslar tomonidan maxsus tayyorgarlik ko‘rgan holda chet eldan moliyalashtirilib, sodir etilgan bo‘lsa, o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi. Hozirda mazkur modda bo‘yicha 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Shuningdek, ekstremistik faoliyatni amalga oshirish, jumladan, internet tarmoqlaridan yoki ommaviy axborot vositalaridan foydalangan holda ochiq chaqiriqlar uchun uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish taklif etilmoqda. Xuddi shunday harakat bir guruh shaxslar tomonidan maxsus tayyorgarlik ko‘rgan holda sodir etilgan bo‘lsa, besh yildan yetti yilgacha jazo belgilanadi. Amaldagi qonunlarda bu harakatlar uchun 20 ming so‘mdan 100 ming so‘mgacha jarima ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, qonun loyihasiga yangi modda kiritilib, ilgari ekstremistik materiallarni saqlaganlik uchun ogohlantirish olgan shaxslarni uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tavsiya etiladi.
Qirg‘iziston hukumati bu bilan cheklanib qolmadi, balki Diniy qo‘mita orqali muslimalarning jamoat joylarida niqob kiyishini, musulmonlarning rasmiy masjid va madrasalardan boshqa joylarda ilm olishlari va kitob tarqatishlarishni taqiqlovchi qonun loyihasini ham jamoatchilik muhokamasiga taqdim qildi. Bundan tashqari, mazkur qonun loyihasi diniy muassasalarda turli siyosiy tusdagi tadbirlarni o‘tkazish, diniy asosda partiyalar va boshqa siyosiy birlashmalarni tuzish hamda ularni moliyalashtirish, partiyalar nomi uchun yoki saylovoldi targ‘ibotlar uchun diniy so‘zlardan foydalanish, shuningdek, deputatlarga diniy faoliyat bilan shug‘ullanishni taqiqlashni ham nazarda tutadi.
Qirg‘izistonning amaldagi hukumati ushbu qonun loyihasini Shanxay hamkorlik tashkilotining “Ekstremizmga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi”ga muvofiqlashtirmoqda. Bu esa “Ekstremizmga qarshi kurashda kofir xo‘jayinlardan Rossiya va Xitoyga ergashamiz” degan ma’noni anglatadi. Boshqacha aytganda hukumat Islom va musulmonlarga qarshi kurashda Rossiya va Xitoyning qattiq chora-tadbirlaridan o‘rnak olib, shu orqali kofir xo‘jayinlarining ko‘nglini olishga harakat qilmoqda.
Shuningdek, hukumatning “dunyoviy” muxolifatchilariga ham “ekstremizm” tamg‘asi bosila boshlandi. Zero, Shanxay hamkorlik tashkiloti tomonidan ekstremizmga berilgan ta’rif bunga imkon beradi. Qonun ijrosi amalga oshmay turib ayrim muxolifatchilarni ekstremizmda ayblanayotgani ham buning isbotidir.
Aslida, Qirg‘izistonda allaqachon 21ta diniy tashkilotning faoliyati taqiqlanib, ularning a’zolariga nisbatan turli jazolar qo‘llanilgan. Ayni paytda jazolarni kuchaytirish va “ekstremizm”da ayblanayotgan shaxslarning doirasini kengaytirish ishlari olib borilmoqda. Zero, mamlakatda soliq va to‘lovlarning ko‘payishi aholining hukumatga nisbatan noroziligini kuchaytirmoqda. Bu holat muxolifat uchun qulay fursat bo‘lib, ular bundan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga harakat qildi. Biroq, amaldagi hukumat hibsga olish orqali muxolifat yetakchilarini “sindirdim”, deb o‘ylayotgani bois navbatdagi kurashni musulmonlarga qaratmoqda. Haqiqiy musulmonlarning pozitsiyasi va noroziligini bostirish uchun ularni “ekstremizm”da ayblab, hibsga olish bilan tahdid qilmoqda. Hukumat bunday harakatlardan o‘z manfaatini ko‘zlayotgan bo‘lsa-da, aslida bu yerda olamiy kufr tuzumi Islom va uning qadriyatlariga qarshi kurashmoqda. Bu borada maxsus loyihalar ishlab chiqilib, mablag‘lar ajratilmoqda.
Ma’lumki, hozirda dunyoga hukmronlik qilayotgan imperialistik kapitalizm tuzumi yemirilib, qulash arafasiga kelib qoldi. Uni qulatib o‘rniga vujudga keladigan tuzum bu – Islomdir. Shuning uchun mustamlakachilar musulmonlarni sof Islomdan chalg‘itish uchun “an’anaviy Islom” va “mo‘tadil Islom” kabi loyihalarni ishga solmoqda. Buning aksi o‘laroq, sof Islomni mahkam tutib, uni ko‘tarib chiquvchilarni “ekstremist”ga ayblamoqda. Mana shundan ko‘rinib turibdiki, ekstremizm va terrorizm “ertaklari” kofirlar tomonidan Islom va musulmonlarga qarshi kurashish uchun o‘ylab topilgan. Hatto, hozir ularning xatti-harakatlari o‘zlari bergan tarifga mos keladi. Bunga Ukrainadagi urushda Rossiya va Ukraina bir-birini terrorizm va ekstremizmda ayblayotgani yaqqol misoldir. Qolaversa, Qirg‘izistonning amaldagi va sobiq hukumatlarining barchasi o‘zlarining ta’rifiga ko‘ra, hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olish bilan, to‘g‘rirog‘i, ekstremistik yo‘l bilan hokimiyatga kelgan.
Shubhasizki, xalqaro va mahalliy siyosatdagi bunday ikkiyuzlamachilik kapitalizmning o‘limini yaqinlashtirmoqda. Chunki dunyo va mintaqada sodir bo‘layotgani kabi Qirg‘izistonda ham mafkuraviy-siyosiy bo‘shliq chuqurlashib bormoqda. Umid qilamizki, bu mafkuraviy bo‘shliqni Islom mafkurasi, siyosiy bo‘shliqni esa siyosiy ongli musulmonlar to‘ldiradi. Mustamlakachi kofirlar va malaylarining nayranglari tamoman puchga chiqadi. Alloh Taolo aytadi:
وَيَمْكُرُونَ وَيَمْكُرُ اللَّهُ وَاللَّهُ خَيْرُ الْمَاكِرِينَ
– “Ular makr qilurlar, Alloh ham «makr» qilur. Alloh «makkor»roqdir”. [8:30]
Mumtoz Mavarounnahriy