Ukraina urushi xalqaro ko‘lamga ega mintaqaviy urush

55
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Ukraina urushi xalqaro ko‘lamga ega mintaqaviy urush

Doktor Muhammad Jiyloniy

Rossiya 2022 yil 24 fevralda Ukrainaga uning NATOga qo‘shilishini oldini olish bahonasi bilan intensiv hujum boshladi. Qo‘shma Shtatlar Yevropadagi ittifoqchilarini Rossiya Ukrainada urush olovini yoqishi mumkin deb ogohlantirgan edi. 2021 yil iyun oyida Bayden Jenevada Putin bilan uchrashdi. Uchrashuvda ikki tomon tinchlikni saqlash uchun strategik barqarorlik va hamkorlikning muhim ekanini ta’kidlashdi. Biroq, ikki tomon o‘rtasidagi ayni kelishuvga qaramay, Rossiya Ukrainaga keng qamrovli urush boshlab, shu orqali Donbass viloyatini egallab olishga muvaffaq bo‘ldi. Urush hanuz alangalanmoqda va Yevropaning boshqa davlatlariga ham kengayadi, degan xavotirlar kuchaymoqda.

Siyosiy nuqtayi nazardan qaraganda, bu kabi xavotirli gaplarni Rossiyaning G‘arbga tahdidi, deyish mumkin. Aslida, bu yerdagi G‘arb tushunchasi Yevropa bilan cheklanib, Amerikani o‘z ichiga olmaydi. Rossiya Sovet Ittifoqining strategik va harbiy jihatdan tabiiy merosxo‘ri sifatida AQSH bilan strategik barqarorlikka oid – ayniqsa yadroviy qurollar bo‘yicha – imzolagan shartnomalarga sodiq.

Amerika siyosiy doiralarida Ukraina urushi haqidagi bahs-munozaralar avjiga chiqqanda, uning siyosatchilari urush ta’siri Yevropani o‘z ichiga olishi, Amerikaga esa yetib bormasligini ochiq e’lon qilishdan tortinishmayapti. Nyu-York Tayms gazetasi 2022 yil 21 oktyabrda Baydenning kongressdagi Respublikachilarga raddiya bildirib shunday deganini nashr qildi: «Ular Ukraina urushi hajmini anglashmayapti. Bu urush Ukrainadan uzoqroqqa tegishli. U Sharqiy Yevropa va NATO uchun xatardir. Ular (Respublikachilar) AQSHning tashqi siyosatini tushunishmaydi». Bu gapi bilan Bayden Ukrainadagi urush aslida (Sharqiy) Yevropa va NATOni nishonga olganligiga ishora qilyapti.

Haqiqat shundaki, NATO haqida so‘z yuritilishidan oldin Amerika ayrim Yevropa davlatlarining NATOdan chiqib ketishga urinayotgani va Yevropa uchun maxsus xavfsizlik tashkiloti qurishga harakat qilishlaridan qattiq qo‘rqqan. Chunki bundan oldin Fransiya prezidenti Makron 2019 yil noyabr oyidagi bayonotida NATO miya o‘limi bosqichida bo‘lib, hozir reanimatsiya bo‘limida yotibdi, degan edi. Yevropada Amerikaning NATO himoyasi ostidagi global xavfsizlik bo‘yicha gegemonligidan alohida xavfsizlik kuchlarini yaratish g‘oyasini Yevropa davlatlari ichida Fransiya ko‘proq qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq Ukrainaga qarshi urush Yevropaning NATOdan qutulish va mustaqil faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qildi. Darhaqiqat, NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg 2024 yil 4 aprelda NATO harbiy qo‘mitasi raisi va a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi yig‘inda «Bugun NATO har qachongidan ham katta, kuchli va hamjihatdir», dedi. Ko‘plab amerikalik siyosatchilar ilgari NATOni qayta-qayta shunday sifatlashgan. NATOning miya o‘limi bosqichida bo‘lib, reanimatsiya bo‘limida yotgani haqidagi gapdan besh yil o‘tgach, NATO Ukraina urushidan keyin yanada kuchli, uyushgan va sanog‘i ko‘p alyansga aylandi!

Ukraina urushi ta’sirini urush Ukraina yerida bo‘layotgan esa-da, undan ko‘zlangan uzoqroq maqsad Yevropa deb sifatlash Nyu-York Tayms gazetasi muharriri Tomas Fridman og‘zidan chiqqan. Ammo Rossiya tomonidan Yevropani nishonga olish rus tafakkuridan ancha uzoqdagi narsadir. Zero, Rossiya NATO davlatlaridan biriga qarshi urush e’lon qilish uni o‘zining qurbi yetmaydigan koalitsiyaga qarshi turishga majbur qilishini yaxshi biladi. Shuning uchun u sovuq urush davridan beri bu yo‘nalishda qizil chiziqni bosishdan ehtiyot bo‘lib keladi.

2022 yil 31 mayda, ya’ni Rossiya urushidan uch oy keyin Fridman Nyu-York Tayms gazetasidagi maqolasida bunday dedi: «Men Putin Ukrainaga bostirib kirdi deb o‘yladim. Men nohaq edim. Aslida, u Yevropani zabt etgan edi». Bu Baydenning keyinroq aytganlariga yaqin gap bo‘ldi. Tomas Fridmanning yana bir maqolasida va boshqa amerikalik jurnalistlar maqolalarida aytilishicha, «Shimoliy oqim 2» gaz liniyasi haqidagi vasvasalar Amerikani doim xavotirga solib kelgan. Amerikani xavotirga solgan narsa bir tomondan, ayni loyiha Rossiyaning Yevropadagi nufuzini kuchaytirishi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Yevropaning energiya manbalari bo‘yicha Amerikaga va uning siyosati doirasida yuruvchi davlatlarga qaramligini kamaytirib yuborishidir. 2022 yil 8 fevralda, ya’ni urushdan bir necha kun oldin «CNN» kanali «Bayden Shimoliy oqim 2 loyihasini yo‘q qila oladimi» nomli hisobotdan iqtibos keltirdi. Narxi 15 milliard dollardan oshgan bu loyiha bo‘yicha yiliga 55 milliard kub metrdan ortiq gaz yuborish kutilgan. Amerika ayni loyihaga 2015 yil imzo chekilgandan beri uni to‘xtatish uchun ko‘p bor urindi, ammo qo‘lidan kelmadi, loyihaning amalda ochilishi qolgan edi. Ammo urush boshlangandan keyin to‘xtab qoldi, keyin uning to‘rt liniyasidan uchtasi portlatildi, Rossiya Amerikani bu portlash ortida turganlikda aybladi.

Xullas, Rossiyaning Yevropaga tahdidi real, xayoliy emas. Biroq bu tahdiddan murod Yevropaga urush e’lon qilish yoki u bilan harbiy nizoga kirishish emas. Qolaversa, Rossiya endi Sovet Ittifoqi davridagidek siyosiy, mafkuraviy va harbiy imkoniyatlarga ega emas. Ammo Rossiyaning Yevropaga tahdididan birdan-bir foydalanayotgan tomon Amerika bo‘lyapti. Chunki u Yevropani o‘z istagiga bo‘ysundirishni istayapti, o‘zidan to‘liq mustaqil bo‘lishiga yo‘l qo‘ymayapti. Ilgari Amerika o‘zining eng ashaddiy raqibi Sovet Ittifoqi bilan shartnoma tuzishdan tortinmagan. Chunki ikkovi ham o‘zining nufuzi ostidagi mintaqalarni saqlab qolishga intilgan. Amerikaning nufuz doirasi G‘arbiy Yevropa, Sovet Ittifoqining nufuz doirasi Sharqiy Yevropa bo‘lgan.

Darhaqiqat, biz 1992 yil 7 fevralda Yevropaning Maastrixt shartnomasini imzolashga shoshilganini, bu Sovet Ittifoqi parchalanishi (1991 yil 26 dekabr)dan hali ikki oy o‘tmasdan bo‘lganini guvohi bo‘ldik. Keyin Yevropa davlatlari 1999 yil boshida o‘zlarining pul birligi (yevro)ni bosib chiqarishga kelishishdi.

Xulosa qilib aytganda, Fransiya va Germaniya boshchiligidagi Yevropa Ittifoqi o‘ziga mos keladigan xalqaro vaziyatga qaytish uchun tegishli sharoit qidirib topishga va buni Yevropa davlatlarining kuchli Ittifoqi orqali amalga oshirishga tinmay harakat qildi. Sovet Ittifoqi parchalanib, ikki gigant o‘rtasidagi sovuq urush tugaganidan keyin Yevropa o‘zi uchun bu qulay fursatni topganday bo‘ldi. Biroq Ukraina urushi Yevropani yana o‘zining ashaddiy «do‘sti» bo‘lmish Amerika quchog‘iga qaytishga va uning xavfsizlik bayrog‘i ostida qolishga majbur qildi. O‘z zavodlarini ishga tushirish va qahraton sovuqlardan saqlanish uchun zaruriy energiya bilan o‘zini ta’minlashda yana Amerika va uning siyosiy orbitasi doirasidagi davlatlarga tayanadigan bo‘ldi.

Xulosa o‘rnida shuni anglab yetmog‘imiz lozim, xoh ochiq, xoh zimdan bo‘lsin, ro‘y berayotgan barcha voqea-hodisalar va kurashlar faqat va faqat o‘tkinchi va soxta manfaat uchun bo‘lmoqda, ularda mabdaiy mafkuraviy g‘oya yo‘q. Bu esa xalqaro vaziyatni o‘zgartirish istiqbolini cheklamoqda. Modomiki, xalqaro vaziyat har qanday shaklda adolatsiz-zolim ekan va millionlab insonlar hayotini zoye ketkazib, buning uchun mutlaqo fikrlamasdan hamma narsani vayron qilishdan tap tortmayotgan ekan, demak, ushbu kurash maydoniga gigant davlat misolidagi ilg‘or mabdaning kirishidan boshqa iloj qolmadi. Shubhasiz, ushbu davlatgina butun olamni va insoniyatni Amerikaning va uning ashaddiy dushmani Rossiyaning hamda raqibi Yevropaning yovuzligidan xalos etadi.

﴿لَقَدْ أَرْسَلْنَا رُسُلَنَا بِالْبَيِّنَاتِ وَأَنزَلْنَا مَعَهُمُ الْكِتَابَ وَالْمِيزَانَ لِيَقُومَ النَّاسُ بِالْقِسْطِ وَأَنزَلْنَا الْحَدِيدَ فِيهِ بَأْسٌ شَدِيدٌ وَمَنَافِعُ لِلنَّاسِ وَلِيَعْلَمَ اللهُ مَن يَنصُرُهُ وَرُسُلَهُ بِالْغَيْبِ إِنَّ اللهَ قَوِيٌّ عَزِيزٌ﴾

«Qasamki, Biz O‘z payg‘ambarlarimizni aniq hujjat-mo‘jizalar bilan yubordik va ular bilan birga Kitob hamda odamlar adolatni barpo qilishlari uchun mezon-tarozi tushirdik. Yana Biz temirni tushirdik-yaratdik. Unda kuch-quvvat va odamlar uchun manfaatlar bor. Alloh g‘aybda (bandalari ko‘ziga ko‘rinmasdan) turgan holida O‘ziga va payg‘ambarlariga (Alloh yo‘lida jihod qilish bilan) yordam beradigan kishilarni bilish uchun (temirni yaratdi). Albatta Alloh kuchli, qudratlidir»                                                                                                          [Hadid 25]

Roya gazetasining 2024 yil 3 iyul chorshanba kungi 501-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.