Tojikiston Ulamolar kengashi qora hijobni taqiqlash bo‘yicha fatvo chiqardi

89
0

Tojikiston Ulamolar kengashi qora hijobni taqiqlash bo‘yicha fatvo chiqardi

Tojikiston Ulamolar kengashi xotin-qizlar uchun qora rangli yoki tojik milliy madaniyatiga “yot” bo‘lgan kiyim kiyishni man qiluvchi fatvo chiqardi. Ularning ta’kidlashicha, qora rang Hanafiy mazhabi nuqtayi nazaridan majburiy emas va Tojikistonning geografik sharoiti hamda milliy madaniyatiga mos kelmaydi.

Joriy yilning iyun oyidan kuchga kirgan “An’analar, bayramlar va to‘y-marosimlarni tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, “milliy madaniyatga to‘g‘ri kelmaydigan” kiyimlarni Tojikistonga olib kirish, sotish va targ‘ib qilish taqiqlangan. Xuddi shu qonun bilan hayit bayramlarida sovg‘a-salomlar berish va mehmonlarni qabul qilishga ham cheklovlar joriy etilgan. Biroq bundan farqli ravishda, G‘arb saqofatidan kelib chiqqan yarim yalang‘och kiyimlar, milliy madaniyatga mos kelmasa-da, taqiqlanmagan.

Bundan tashqari, Tojikistonda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bahonasida yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga Islomiy ismlar qo‘yish ham taqiqlangan.

Afsuski, Tojikistondagi diktatura rejimi “ulamolar” sinfini qattiq nazoratga olib, o‘zining istak-xohishiga mos keladigan turli fatvolar chiqartirmoqda. Aslini olganda, Islomga zid bo‘lgan har qanday ko‘rinishga qarshilik ko‘rsatib, hokimiyatni muhosaba qilish ulamolarning burchidir. Ammo bular bila turib, Ummatning boshiga tushgan mashaqqatlarni yana-da og‘irlashtirishga sherik bo‘lmoqda. Go‘yoki bu ulamolar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning,

«مَنْ كَتَمَ عِلْماً أَلْجَمَهُ اللهُ بِلِجِامٍ مِنْ نَارٍ يَوْمَ الْقِيَامَةِ»

“Kimki ilmni yashirsa, Alloh Taolo qiyomat kunida uni do‘zax o‘ti bilan yuganlaydi” degan hadisini bilmaganday harakat qilishmoqda! Abu Naim «Xulya»da Ibn Abbos roziyallohu anhudan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganligini rivoyat qiladi:

«صِنْفَانِ مِنَ النِّاسِ إِذَا صَلَحَا صَلَحَ النَّاسُ وَإِذَا فَسَدَا فَسَدَ النَّاسُ: الْعُلَمَاءُ وَالأُمَرَاءُ»

“Ikki toifa odamlar borki, agar ular tuzalsa insonlar ham tuza­ladi, agar ular buzilsa insonlar ham buziladi: olimlar va amir­lar”.

Bugungi ulamolar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minbarlariga chiqib olib, odamlarga Ummatning ahvolini isloh qilmaydigan narsalar haqida gapiradigan bo‘lib qoldi. Ular yakka shaxslarlarga oid ibodatlar haqida gapirishadi-yu lekin jamoat qilishi kerak bo‘lgan majburiyatlar haqida sukut saqlashadi. Qur’ondan ham hukmdorlarning tinchini buzmaydigan qisminigina aytishadi. Hukmdorlarni ayblash va ularga tanbeh berishga kelganda esa, sukut saqlab, bunin uchun ming-bir bahonalar keltirishadi!

Tarixga bir nazar tashlasak, bu Ummatning haqiqiy ulamolari har qanday vaziyatdan qat’iy nazar, Alloh yo‘lida malomatchining malomatidan qo‘rqmay, hukmdorlarni yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarganligiga guvoh bo‘lamiz. Masalan, Xalifa Hajjoj Vositdagi yangi uyini ko‘rsatish uchun Hasan Basriy rahimahullohni olib kelishni buyurganida, u zot uyga kirishi bilan shunday so‘zlarni aytgan edi: “Bu podshohlar o‘zlarini kuchli qilib ko‘rsatishmoqda va biz har kuni ulardan o‘rnak olyapmiz. Ba’zilar go‘zal saroy qurib, ko‘rpa-to‘shaklarni to‘shab, chiroyli kiyim-kechaklar tayyorlamoqda, so‘ngra ochko‘zlik va o‘tlar girdobida qolmoqda. Bu yovuzlik egalari: “Men nimaga qodirligimni ko‘rib qo‘yinglar”, deyishmoqda. Mana, ko‘rdik, ey aldangan banda, endi nima bo‘ladi, ey fosiqlarning fosig‘i?! Osmon ahli seni yomon ko‘rdi, yer ahli seni la’natladi! Chunki sen o‘tkinchi dunyo uyini qurding, lekin abadiy hayot uyini vayron qilding, yolg‘on uyga aldanib, baxt uyidan mahrum bo‘lding”. So‘ng Hasan Basriy rahimahulloh uydan chiqayotib: “Alloh Taolo ulamolardan ilmni oshkora aytish va uni yashirmaslik borasida ahd olgan”, dedi.

Bugungi kunda Islom Ummati uchun mana shunday er yurak ulamolar suv va havodek zarur. Chunki ular Ummatni to‘g‘ri yo‘lga boshlab, hozirgi buzuq vaziyatni o‘zgartirish sari yetaklaydilar.

Mumtoz Mavarounnahriy

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.