Neft-dollar kelishuvining haqiqati

66
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Savolga javob

Neft-dollar kelishuvining haqiqati

Savol:

Hurra veb-sayti 2024 yil 18 mayda quyidagi xabarni e’lon qildi: (So‘nggi paytlarda yangiliklar veb-saytlarida Saudiya Arabistoni va Amerika o‘rtasida 1974 yilda imzolangan va Saudiya o‘zining barcha neft savdolarini dollarda amalga oshirishi ko‘zda tutilgan kelishuv haqida xabarlar keng tarqaldi. Ushbu xabarlarga ko‘ra, 50 yillik shartnomaning muddati ayni paytda tugagan… Ammo, Leader Insight veb-sayti bu xabarlarni rad etib, «bunday kelishuv bo‘lmagan»ini ta’kidladi). Men bunday kelishuvning haqiqatda bo‘lgan yoki bo‘lmaganiga hamda neftning dollar hukmronligini saqlab qolishdagi roliga oydinlik kiritib berishingizni so‘rayman… Keyin, BRIKS bloki kelajakda dollar hukmronligiga ta’sir qiladimi?

Javob: yuqoridagi savollar javobini oydinlashtirish uchun quyidagi ishlarni ko‘rib chiqamiz:

Birinchi: Neft sotishni dollarga cheklash bo‘yicha Saudiya-Amerika kelishuvining muddati tugagani haqidagi xabarlarga kelsak, ijtimoiy tarmoqlar ular bilan to‘lib ketdi. Ammo, go‘yo ataylab noaniq qoldirmoqchi bo‘lgandek, har ikki davlatning biror rasmiysi bu haqda gapirmadi. Ommaviy axborot vositalariga kelsak, ular avvaliga bu xabarni tarqatishdan o‘zlarini tiyishdi, keyin esa bu haqda gap-so‘zlar ko‘p bo‘lgani sababli ularning ba’zilari bu haqda gapira boshladi. Masalan Rossiyaning RT veb-sayti 2024 yil 15 iyunda quyidagi xabarni berdi: (Olga Samofalova Vzglyad.ruda quyidagicha yozdi: Saudiya Arabistoni va AQSH o‘rtasida 1974 yilda imzolangan neft-dollar kelishuvining muddati tugadi. Ommaviy axborot vositalarida ta’kidlanishicha, bu Saudiya Arabistoniga neft va boshqa mahsulotlarni nafaqat AQSH dollarida, balki boshqa valyutalarda ham sotish imkonini beradi). Bu Rossiya Axborot manbasining bunday kelishuv borligi haqidagi norasmiy tasdiqidir.

Ikkinchi: Ammo, Amerika axborot manbalari buni rad etmoqda:

Savolda kelganidek, Hurra veb-sayti 18 iyunda bergan xabarda shunday keladi: (Ushbu xabarlarga ko‘ra, 50 yillik shartnomaning muddati ayni paytda tugagan… Bu esa, AQSH valyutasi hukmronligi tugashidan darak beradi. Ammo, Leader Insight veb-sayti bu xabarlarni rad etib, «bunday kelishuv bo‘lmagan»ini ta’kidladi).
Morning Star sayti 2024 yil 17 iyunda ijtimoiy tarmoqlarda Amerika va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi neft-dollar kelishuvining qulagani to‘g‘risidagi xabarlar haqida gapirar ekan, «Bunday kelishuv hech qachon bo‘lmagan», dedi.
UBS Global Wealth Management bosh iqtisodchisi Pol Donovan jum’a kuni o‘z blogida (neft-dollar kelishuvi haqidagi feyk xabar hayratlanarli darajada keng tarqalib, «tasdiqlash tarafkashligi» xavfi haqida yana bir bor saboq berganiga ishora qildi. Morning Star sayti, 2024 yil 17 iyun).

Uchinchi: biroq, har ikki taraf ham Qo‘shma Shtatlar bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasida 1974 yilda tuzilgan neft-dollar kelishuvining muddati 2024 yil 9 iyunda tugagani haqidagi so‘nggi maqolalarga rasman izoh bermadi. Yuqorida aytganimizdek, ikkala tomon ham rad etish yoki tasdiqlash haqida rasman izoh bermagan, aksincha, izohlar boshqa axborot manbalari yoki shunga o‘xshash manbalar tomonidan bo‘lgan. Bu yerda Amerika va Saudiya Arabistoni o‘rtasida bu xususda kelishuv bo‘lgani haqidagi fikrni quvvatlaydigan boshqa belgilar ham bor. Ushbu belgilar orasida quyidagilar mavjud:

Amerika bosh nazoratchisining 1978 yilda «AQSH-Saudiya iqtisodiy hamkorlik komissiyasi» sarlavhasi bilan chiqarilgan hisobotida shunday keladi: (Bosh nazoratchi 1974 yil iyun oyida tashkil etilgan Saudiya-Amerika iqtisodiy hamkorlik komissiyasining faoliyatini kuchaytirishni va neft-dollarni qayta muomalaga kiritish uchun Riyozda AQSH Moliya vazirligi ofisini ochishni tavsiya qiladi). Hisobotning kirish qismida ushbu qo‘shma komissiya tashkil etilgani tasdiqlangan.
Pol Donovan o‘z blogida («Bugungi kunda tarqalayotgan neft-dollar kelishuvi haqidagi gaplar feyk xabar ekanligi aniq» deb aytganidan so‘ng, yana shunday qo‘shimcha qiladi: «Ehtimol 1974 yil AQSH va Saudiya Arabistoni o‘rtasida imzolangan maxfiy kelishuv neft-dollar kelishuviga eng yaqin narsa bo‘lgan. Bu kelishuv bo‘yicha Saudiya Arabistoniga neft sotishdan tushgan milliardlab dollarlarini AQSH g‘aznasiga sarmoya qilib kiritishi evaziga harbiy yordam va texnika va’da qilingan. Morning Star, 2024 yil 17 iyun).
Morning Star sayti 2024 yil 17 iyunda Amerika va Saudiya o‘rtasidagi neft-dollar kelishuvi haqida «Bunday kelishuv hech qachon bo‘lmagan», deb aytganidan keyin shunday deydi: «AQSH hisob palatasi e’lon qilgan hisobotga tayangan holda aytadigan bo‘lsak, masala ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan AQSH-Saudiya qo‘shma qo‘mitasi bilan bog‘liq bo‘lib, qo‘mitani tashkil etish to‘g‘risidagi qaror 1974 yil 8 iyunda AQSHning o‘sha paytdagi davlat kotibi Kissinjer bilan Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Fahd ibn Abdulaziz o‘rtasida imzolangan».
Quvaytning Qabas gazetasi 2020 yil 20 oktyabrdagi «xabarlar xotirasi»da 1974 yil 7 iyundagi sonida berilgan xabarni nashr qildi. Unda quyidagilar keladi: (Bugun Prezident Nikson Saudiya Arabistoni Vazirlar Kengashi rahbarining ikkinchi o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri shahzoda Fahd ibn Abdulaziz bilan – Misr va Suriyaning (Isroil) bilan bo‘lgan frontlarida kuchlar o‘rtasini ajratib qo‘yish to‘g‘risidagi kelishuvlardan so‘ng – Yaqin Sharqda doimiy tinchlikka erishish imkoniyatlarini muhokama qildi. Ular, shuningdek, Saudiya Arabistoni Qirolligi bilan AQSH o‘rtasida iqtisod, sanoat va mudofaa sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish yo‘llarini ham muhokama qilishdi. Ularning muzokaralari prezident Niksonning Oq uydagi kabinetida, kecha uch kunlik tashrif bilan bu yerga kelgan mehmon sharafiga Amerika prezidenti Oq uyda bergan tushlikdan oldin bo‘lib o‘tdi. Ma’lum qilinishicha, shahzoda Fahd Qo‘shma Shtatlarga neft yetkazib berish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish evaziga o‘z mamlakatiga AQSH harbiy yordamini oshirishga harakat qilmoqda).
com.sg veb-sayti 2024 yil 18 iyunda quyidagi xabarni berdi: (1974 yil 8 iyunda The New York Times gazetasi o‘zining birinchi sahifasida shunday xabarni e’lon qildi: «Davlat kotibi Kissinjer va Saudiya Arabistoni bosh vazirining ikkinchi o‘rinbosari, qirol Faysalning o‘gay ukasi shahzoda Fahd ibn Abdulaziz bugun ertalab Oq uy qarshisidagi Bler Xausda olti sahifalik kelishuvni imzolashdi»).

To‘rtinchi: Yuqoridagi «uchinchi» bandga, xususan, AQSH prezidenti Niksonning Fahd ibn Abdulazizni kutib olishiga diqqat bilan nazar solinsa, ushbu tashrifning naqadar muhim bo‘lgani oydinlashadi. Keyin, tashkil etilganiga rasmiy manbalar, shu jumladan Amerika bosh nazoratchisining hisoboti ham ishora qilganidek, 1974 yil 8 iyunda Amerika-Saudiya iqtisodiy hamkorlik komissiyasining tashkil etilishi kelishuvlar tuzilganini ko‘rsatadi. Go‘yo kelishuvlarning amalga oshishiga shu komissiya mas’uldek. Bularning barchasi Amerika va Saudiya Arabistoni o‘rtasida kelishuv mavjudligini tasdiqlaydi. Bu kelishuvning yozilgan va sir saqlangan yoki majburiy va yozilmagan kelishuvlar bo‘lishining farqi yo‘q. Chunki kichik malay davlat bilan qudratli Amerika o‘rtasidagi bunday kelishuvlar malaylar uchun to‘liq majburiy bo‘ladi. Hatto bu kelishuvlar yozilmagan bo‘lsa ham, malaylar ulardan chetga chiqishmaydi.

Bu kelishuvlar sir saqlangan va rasmiy doiralar tan olmagan, lekin rad ham etmagan bo‘lsa ham, yuqoridagi faktlar ushbu neft-dollar kelishuvi mavjudligi haqidagi bizning taxminimizni tasdiqlaydi.

Beshinchi: Amerikaning butun e’tiborini dollarni dunyoning xalqaro valyutasiga aylantirishga qaratishi kelishuv mavjudligini tasdiqlaydi yoki uning mavjudligi haqidagi ehtimolni kuchaytiradi. Buning bayoni quyidagicha:

1944 yildagi oltinning bir unsiya narxini 35 dollar qilib belgilagan Bretton-Vuds kelishuvidan so‘ng, dollar dunyo valyuta tizimining eng yuqori darajasini, ya’ni oltinga teng maqomni egalladi. Ammo Amerikaning mustamlakachilik loyihalari, xususan, Vetnam urushi va urushning ulkan xarajatlari tufayli Qo‘shma Shtatlar oltinga almashtirish mumkin bo‘lganidan ko‘ra ko‘proq dollar bosib chiqardi. Oltmishinchi yillarning oxiriga kelib, muomaladagi dollar miqdori ortdi. Natijada, dunyodagi dollar miqdori oltindan ko‘payib ketdi. Bu holat xorijiy davlatlarni o‘z dollarlari evaziga oltin talab qilishga undadi. Bu esa AQSH oltin zaxiralarining kamayishiga olib keldi. Ikkinchi jahon urushi oxirida 574 million unsiya bo‘lgan AQSH oltin zaxirasi 1971 yilda taxminan 261 million unsiyaga qisqardi. Shu sababli AQSH prezidenti Richard Nikson 1971 yil 15 avgustda oltin standartini bekor qilib, dollarni oltindan butunlay ajratib yubordi. Bu hodisa tarixda «Nikson shoki» nomi bilan mashhur.
Biroq dollarning oltindan ajratilishi Amerika uchun siyosiy va moliyaviy muammoni paydo qildi. Chunki bu bilan dunyo davlatlarida dollarga erishishga bo‘lgan rag‘bat yo‘qoldi. Bu holat Amerikani davlatlarning dollarga bo‘lgan talabini oshirishga undaydigan boshqa vositalarni izlab topish va shu orqali dollarning xalqaro maqomini saqlab qolishga majbur qildi. Amerika qidirayotgan narsasini dunyoning energiyaga, binobarin, asosiy energiya manbasi bo‘lgan neftga bo‘lgan ehtiyojidan topdi. O‘sha paytda Saudiya Arabistoni neftning eng yirik ishlab chiqaruvchisi edi.
Nikson ma’muriyati buni Saudiya bilan 1972 yildan boshlab 1974 yilgacha neft-dollar kelishuvi, shuningdek, AQSHning Saudiya rejimiga xavfsizlik kafolati berishi, buning evaziga dunyodagi eng yirik neft ishlab chiqaruvchi va dunyodagi eng katta neft zaxiralariga ega Saudiya neftni dollarga sotishi haqidagi kelishuv bo‘yicha muzokara olib borish orqali hal qildi. Shuningdek, Saudiya Arabistoni neftdan tushgan milliardlab dollarlarni AQSH g‘aznachilik obligatsiyalariga aylantirishga rozi bo‘ldi.
Bu kelishuvdan oldin Saudiya neftni funt sterlingga sotgan va bunga o‘sha paytda Saudiyani boshqargan ingliz malaylarining ta’siri sabab bo‘lgan. 1974 yil 8 iyunda davlat kotibi Kissinjer bilan shahzoda Fahd ibn Abdulaziz o‘rtasida ushbu kelishuvning imzolanishi Saudiya Arabistoni bilan neft to‘lovi sifatida funt sterling o‘rniga dollarda muomala qilishning debochasi bo‘ldi.

Shundan so‘ng, shahzoda Fahdning yulduzi porladi va 1975 yilda akasi qirol Xolid davrida valiahd bo‘ldi. U akasi qirol Xolid davrida ko‘proq vakolatlarni qo‘lga kiritib, qirol vafot etgunga qadar shunday davom etdi. Nihoyat, Fahd 1982 yil 13 iyunda qirol bo‘ldi. U Amerikaga sodiqligi bilan tanilgan edi.

Shunday qilib, Saudiya Arabistoni neft narxini 1975 yil boshidan e’tiboran dollarda belgilay boshladi. Manbalarda Saudiya Arabistoni neft narxini 1974 yildan keyin AQSH dollarida belgilay boshlagani va bu neft ishlab chiqaruvchi davlatlar tashkiloti (OPЕK)ni ham qamrab olgani aytiladi. Bu bilan neft sotib olmoqchi bo‘lgan har bir davlat neft operatsiyalari uchun yetarli dollarga ega bo‘lishi zarur bo‘lib qoldi. Bu esa, davlatlarning dollarda kredit olishlari yoki moliya bozorlaridan yoki boshqa yo‘llar orqali dollar sotib olishlari kerakligini anglatadi. Shunday qilib, Amerika doimiy ravishda dollar oqimini ta’minladi, Federal zaxira banki esa dollar bosib chiqarishni davom ettirishni kafolatladi. Bundan tashqari, Saudiya riyali dollarga bog‘langanligi sababli, Saudiya Arabistoni iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish uchun Amerika dollariga yopishib olishga intiladi. (Saudiya Arabistoni energetika vaziri Xolid Falih AQSH dollari o‘z mamlakatining xom neft sotish va xorijiy davlatlar bilan savdosi uchun tayaniladigan valyuta bo‘lib qolishini tasdiqladi… Anadolu, 2019 yil 9 aprel).

Oltinchi: Saudiya Arabistonining Amerikaning raqiblari Rossiya va Xitoy boshchiligidagi BRIKS blokidagi ishtiroki uning neft narxini dollarda belgilashiga ta’sir qilishiga kelsak, bu masalaga ko‘plab omillar ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunga oydinlik kiritish uchun quyidagilarni ko‘rib chiqamiz:

BRIKS atamasi Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika iqtisodlarini ifodalash uchun ishlatiladi. Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy (BRIK) 2006 yilda rivojlanayotgan davlatlarga xalqaro munosabatlarda kattaroq rol berish maqsadida (BRIK) guruhini tuzishdi. 2011 yilda Janubiy Afrika qo‘shilishi bilan guruh nomi (BRIKS)ga o‘zgartirildi. 2023 yil 24 avgust kuni Janubiy Afrika poytaxti Yoxannesburgda yakunlangan BRIKS guruhining 15-sammitida Saudiya Arabistoni bilan birga Misr, Amirliklar, Eron, Efiopiya va Argentina ham BRIKS guruhiga kiritilgani e’lon qilindi. Bu davlatlarning a’zoligi 2024 yil boshidan boshlanadi. Bu sammitning maqsadlaridan biri dollar hukmronligidan xalos bo‘lish va BRIKSga a’zo davlatlar valyutasini chiqarishga harakat qilish edi. Biroq ular bu borada kelishuvga erisha olmadilar. Ular o‘zaro operatsiyalarni milliy valyutalarda amalga oshirishni rag‘batlantira boshladilar. Shuning uchun ular eng yirik neft eksportchisi bo‘lgan Saudiya Arabistonini guruhga taklif qilish ustida ishladilar. Eslatib o‘tish o‘rinliki, qirollik rasmiy televideniyesi 2024 yil 2 yanvarda Saudiya Arabistonining BRIKSga qo‘shilishini e’lon qilgan bo‘lsa-da, Saudiya savdo vaziri Mojid Qasabiy Shveysariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tgan butunjahon iqtisodiy forumi doirasidagi muhokama davrasida («Saudiya Arabistoni BRIKSga qo‘shilish taklifini oldi, lekin biz hali rasman qo‘shilmadik», deb aytdi. Sky News Arabic, 2024 yil 16 yanvar). Bu shuni anglatadiki, Saudiya Arabistonining BRIKSga qo‘shilishi Amerika manfaatlariga mos kelishi uchun, u bu borada Amerikaning rozilik berishini kutmoqda.
Saudiya Arabistoni kabi Amerikaga tobe davlatlarning BRIKSga kirishi bu guruhni zaiflashtiradi. Biz Janubiy Afrikaning BRIKS valyutasini chiqarishga qarshilik ko‘rsatganini ko‘rdik. BRIKS guruhida Rossiya va Xitoydan boshqa mustaqil davlatlar yo‘q, qolganlari G‘arbning, xususan, Amerikaning malaylaridir. Ammo Rossiya va Xitoy G‘arbga qarshi turishga va qarama-qarshi frontni tashkil etishga muvaffaq bo‘lgandek bo‘lib ko‘rinishni istaydi. Zero, bu ikki davlat doim ko‘p qutbli dunyo haqida gapirib keladi. Amerika 2004 yilda Sharqiy Yevropa davlatlarini Yevropa Ittifoqiga kirishga undab, shu davlatlar orqali Yevropa Ittifoqiga ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘lganidek, BRIKSga ichkaridan ta’sir o‘tkazish uchun Saudiya va boshqa malaylarining unga kirishiga ruxsat berdi. Amerika Yevropa Ittifoqiga qo‘shilgan Polsha orqali Yevropa ittifoqining o‘z siyosiy hokimiyatini kuchaytiradigan va uni kvazi-federal davlatga yaqinlashtiradigan konstitutsiya loyihasini tayyorlashiga to‘sqinlik qildi. Shu bilan ittifoqni parchalanish va qulashga moyil bo‘lgan zaif ittifoq sifatida saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Xuddi shuningdek, AQSH Rossiyaning neft ishlab chiqarishini Saudiya Arabistoni va Rossiya o‘rtasida kelishilgan holda OPЕKning belgilangan chegaralari doirasida tartibga solish maqsadida OPЕKning eng yirik neft ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Saudiyaga OPЕK va Rossiya o‘rtasida qandaydir ittifoq o‘rnatish uchun zarur choralarni ko‘rish vazifasini topshirdi.
Mamlakati BRIKSning asoschilaridan biri bo‘lgan va guruh uchun valyuta chiqarilishiga ishtiyoqmand bo‘lgan Putin a’zo davlatlarning siyosiy voqeligiga taslim bo‘lib, shunday dedi: («BRIKSni kengaytirishda davom etish uning xalqaro maydondagi rolini faollashtiradi. Yagona valyutani qabul qilish masalasi hamon murakkabligicha qolmoqda va keyingi muhokamalarni talab qilyapti». Al-Jazira, 2023 yil 24 avgust). Bundan oldin Al-Jazira 2023 yil 23 avgustda quyidagi xabarni bergan edi: (BRIKSning yagona valyutasi masalasi besh a’zo davlat o‘rtasida kelishuvning yo‘qligi va o‘rtalarida kelishmovchiliklar mavjudligi sababli sammit chog‘ida rasman ko‘tarilmadi… Putin guruh oldida qilgan videonutqida mahalliy valyutalarni ommalashtirishga chaqirdi…). Shunday qilib, Putin dollarga muqobil valyutani yarata olmadi. U bunga BRIKS orqali erishmoqchi edi.

Yettinchi: bugungi kunda pul hech qanday qiymati bo‘lmagan qog‘oz pul shaklida davom etar ekan, iqtisodiy muammolar, chayqovchiliklar, siyosiy mojarolar va hatto mustamlakachilik hukmronligi saqlanib qolaveradi. Islom Alloh Taoloning vahiysi bilan pulni oltin va kumushga, ya’ni asl qiymatiga ega bo‘lgan metallga asoslagan. Rosululloh ﷺ oltin va kumushni naqd pul qilib belgilab, sahih hadislarda aytilganidek, oltin va kumushni tovar va mehnatni o‘lchashda qo‘llaniladigan yagona pul o‘lchovi qilib qo‘yganlar. Biroq mustamlakachilar iqtisodiy va moliyaviy mustamlakachilik usullari orqali, pulni mustamlakachilik quroli sifatida qabul qilib, uni oltin va kumushga asoslanmagan boshqa tizimlarga o‘tkazishdi va shuning uchun mana shunday muammolar yuzaga kelmoqda. Islom davlati barpo etilib, pulni oltin va kumushga qaytarmaguncha bu muammolar bartaraf etilmaydi. Bunda oltin va kumushning ayni o‘zi muomalada bo‘ladimi yoki istalgan paytda oltin va kumushga almashtirish mumkin bo‘lgan ularning o‘rnini bosuvchi qog‘oz pullar bo‘ladimi, buning farqi yo‘q. Bu Alloh Taoloning O‘z ilmi azaliysi bilan nozil qilgan shariatidir:

﴿أَلَا يَعْلَمُ مَنْ خَلَقَ وَهُوَ اللَّطِيفُ الْخَبِيرُ﴾

«(Axir) yaratgan zot (O‘zi yo‘qdan bor qilgan narsalarni) bilmasmi?! U mehribon va (har narsadan) xabardor zotdir»                                                                                                      [Mulk 14]

   1 muharram 1446h

7 iyul 2024m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.