Bishkek hokimligi xalqdan soliq undirishning bir necha yo‘llarini taklif qildi

88
0

Bishkek hokimligi xalqdan soliq undirishning bir necha yo‘llarini taklif qildi

Bishkek hokimligi Vazirlar Mahkamasiga bir qator soliq turlarini joriy etish loyihasini taqdim etdi. Loyihada keltirilgan taklifga ko‘ra, boshqa viloyatlarda va xorijda ro‘yxatdan o‘tgan avtomobillarning Bishkekka kirishidan va shaharda ijaraga berilgan elektroskuter kabi transport vositalaridan hamda shaharga kelayotgan sayyohlardan pul undiriladi. Ushbu eksperimental loyiha 2024 yil 1 avgustdan boshlab olti oyga mo‘ljallangan.

Masalan, shahardan boshqa hududlarda ro‘yxatdan o‘tgan avtomobillarning Bishkek shahriga karishi uchun yengil mashinalardan 50 som, xorijliklardan esa 200 som undirish taklif qilinmoqda. To‘lov miqdori avtomobilning o‘rindig‘i va og‘irligiga qarab oshib boraveradi.

Bundan tashqari, Bishkek hokimligi O‘sh va Bishkek shaharlarida “avtomobillarni ko‘chaga jadval (grafik) bilan chiqarish” loyihasini ham taklif qilmoqda. Agar mashinaning nomeri 1 va 2 raqamlari bilan tugasa, u holda ularga dushanba kunlari mashina haydashga ruxsat berilmaydi. Nomerining oxiri 3 va 4 bo‘lsa seshanba kuni, 5 va 6 bo‘lsa chorshanba kuni, 7 va 8 bo‘lsa payshanba kuni, 9 va 0 bo‘lsa juma kuni mashina haydashlari mumkin emas. Jadvalni buzgan jismoniy shaxslar 1000 som, yuridik shaxslar esa 5000 som miqdorida jarimaga tortiladi. Bunday cheklov soat 7:00 dan 21:00 gacha joriy etiladi.

Qirg‘iziston hukumati budjetni to‘ldirishga va’da berganidan so‘ng, soliq va to‘lovlarni ko‘paytirish bilan xalqning yelkasiga og‘ir yuklar yuklamoqda. Bundan avval Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi yo‘l harakati qoidalarini buzganlarni aniqlash uchun dronlardan foydalanishni boshlagan edi. 8 martdan boshlab yo‘l harakati qoidalarini buzganlarga nisbatan jazo kuchaytirilgan. Har bir qoidabuzarlik uchun jarimalar deyarli ikki baravar oshirildi. Masalan, tezlik belgilangan normadan, ya’ni 60 kilometr\soatdan oshsa, avvalgi 7500 som o‘rniga 15 ming som belgilandi.

Bundan tashqari, so‘nggi bir yil ichida elektr energiyasi narxini 11 foizga, isitish va issiq suv narxini uch barobarga oshirdi. Savdogarlarga nazorat kassa apparatini o‘rnatish orqali budjetning deyarli yarmini tashkil etuvchi QQS solig‘ini oshirishni ko‘zda tutmoqda. Bu soliqlar xalq tomonidan sotib olinayotgan asosiy tovarlar narxining oshishiga sabab bo‘ladi. Shundoq ham, yillik inflyatsiya 11 foizdan oshib, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashmoqda. Oqibatda oddiy xalqning yuki tobora og‘irlashgan sari, bir hovuch kapitalistlarning boyligi ham ortib bormoqda. Masalan, 2022 yilda Qirg‘izistondagi sudxo‘r banklarning daromadi 5 barobarga oshib, 23,7 milliard somni tashkil qilgan bo‘lsa, o‘tgan yili esa, bank tarmog‘ining daromadi 24,1 milliard somga yetdi. Shuningdek, hukumat “Soliqsiz tushumlar to‘g‘risida”gi qonun asosida bir qator to‘lovlarni ham yig‘ib oladi.

Bunga muqobil ravishda, Islom tuzumida davlat o‘z ishlarini yuritish uchun soliq solishga ehtiyoji bo‘lmaydi. Zero, u o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun yer va ko‘chmas mulk kabi davlat mulklaridan foydalanadi. Aholining umumiy manfaatlari bilan bog‘liq ehtiyojlar uchun omma mulki hisoblangan umumiy mulkdan sarflaydi. Masalan, maktablar, universitetlar, shifoxonalar, yo‘llar, aeroportlar qurilishi umumiy xalq manfaati uchun bo‘lib, bularga umumiy mulkdan sarflanadi. Ya’ni, oltin, neft, gaz, temir, uran kabi tabiiy boyliklardan olingan foyda shu sohalarga sarflanadi.

Qolaversa, Islom boylikning bir hovuch odamlarning qo‘lida to‘planishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shu bilan birga, kambag‘al va muhtoj odamlar ham soliq to‘lab, qiyin ahvolda qolmaydi. Balki daromadi ma’lum miqdorga yetgan kishilardangina zakot olinadi. Musulmonlar Zakotni ibodat sifatida mamnuniyat bilan berishadi. Zakotdan yig‘ilgan mol-mulklar baytulmoldagi boshqa mol-mulkka aralashtirilmaydi, alohida saqlanib, Alloh Taolo “Tavba” surasida aytgan sakkiz toifa kishiga taqsimlanadi. Alloh taolo aytadi:

إِنَّمَا الصَّدَقَاتُ لِلْفُقَرَاءِ وَالْمَسَاكِينِ وَالْعَامِلِينَ عَلَيْهَا وَالْمُؤَلَّفَةِ قُلُوبُهُمْ وَفِي الرِّقَابِ وَالْغَارِمِينَ وَفِي سَبِيلِ اللَّهِ وَاِبْنِ السَّبِيلِ فَرِيضَةً مِنْ اللَّهِ وَاللَّهُ عَلِيمٌ حَكِيمٌ

“Albatta, sadaqalar (ya’ni, zakotlar) Alloh tomonidan farz bo‘lgan holda, faqat faqirlarga, miskinlarga, sadaqa yig‘uvchilarga, ko‘ngillari (Islomga) oshna qilinuvchi kishilarga, bo‘yinlarni (qullarni) ozod qilishga, qarzdor kishilarga va Alloh yo‘lida (ya’ni, jihodga ketayotganlarga) hamda yo‘lovchi musofirlarga berilur. Alloh bilim va hikmat sohibidir”. (Tavba: 60).

Islomda davlat kamdan-kam hollarda, to‘g‘rirog‘i, Alloh Taolo davlat va Ummatga farz qilib qo‘ygan ishlarni bajarish uchun zarur bo‘lgandagina musulmonlar orasidan boy kishilardan qarz olishi mumkin. Ba’zan davlat boy musulmonlardan faqat ma’lum bir ehtiyojni qondirish uchun zarur bo‘lgan miqdorda soliq olishi mumkin. Masalan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Tabuk g‘azotiga zarur bo‘lgan mablag‘ uchun musulmonlarga murojaat qildilar. Shunda Usmon roziyallohu anhu bu og‘ir yilning mashaqqatlarini yengil qilish uchun ming dinor berdi.

Demak, Islomdagi bunday soliq hozirgi kapitalistik tuzumdagi soliq va to‘lovlar kabi doimiy ravishda olinmaydi. Islomda doimiy ravishda soliq yig‘ish joiz emas. Shuning uchun kapitalistik tuzumning soliqqa asoslangan iqtisodiy tuzumini Islomning iqtisodiy tuzumiga qiyoslash katta xatodir. Hukumat talab qilayotgan soliq Islomda harom qilingan! Shunday ekan, musulmonlar bunday soliqchilarning zulmidan qutulish uchun dunyo va oxiratda azizlikka yetkazuvchi Allohning hukmlari bilan yashashga shoshilishlari lozim!

Mumtoz Mavarounnahriy

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.