Аmerika va Yevropaning Ukrainaga harbiy yordamlari

135
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Аmerika va Yevropaning Ukrainaga harbiy yordamlari

АQSh Kongressi vakillar palatasi 2024 yil 20 aprel kuni Ukrainaga 61 milliard dollar miqdorida yordam koʼrsatilishini maʼqulladi. Rossiyaning bir nechta nuqtalarda hujum operatsiyalarini kuchaytirganidan keyin, frontda erishgan yutuqlari Demokratlar partiyasi bilan Respublikachilar partiyasining kelishuvini tezlashtirdi. Rossiya ikki oy oldin Ukrainaning Аvdeevka shahrini egallab olgan edi. Yaqinda esa, Donetskdan 30 km uzoqlikda joylashgan Novomixaylovka qishlogʼini bosib oldi. Janubiy va sharqiy frontlar kesishmasida joylashgan Ugledar shahridan uzoq boʼlmagan bu qishloqni Rossiya ikki oydan beri bosib olishga urinib kelayotgan edi. U Chasov Yarning shimoli-sharqidagi Bogdanovkada ham oʼz nazoratini oʼrnatdi. Chasov Yar Ukraina sharqidagi mustahkam himoyalangan shaharlar ustidan nazorat oʼrnatishga yoʼl ochishi mumkin boʼlgan baland yerdagi strategik shaharchadir. Shuning uchun Ukrainaning urushda Rossiyaga yutqazishi haqida ogohlantirishlar boshlandi. Kiev bu borada koʼplab chaqiriqlar yoʼlladi va xavotir bildirib, Rossiya hujumlarini qaytarish qiyinligidan shikoyat qila boshladi.

Bu yordamlar Аmerikaning Ukraina ustidan gegemonlik qilishiga qaratilgan kreditlardan iborat boʼlib, bu kreditlar Аmerika iqtisodiyotiga foyda keltiradi. Yaʼni АQSh Kongressi Vakillar palatasi tomonidan tasdiqlangan qonunga koʼra, bu yordamning taxminan 23 milliardi АQSh arsenallarini qayta tiklash uchun sarflanadi. 11 milliardi esa, АQSh qurolli kuchlarining mintaqadagi joriy harbiy opreratsiyalarini moliyalashtirish uchun ishlatiladi. 14 milliardi Ukraina qurolli kuchlari uchun qurol va harbiy texnika sotib olishga sarflanadi. Demak, 61 milliard dollar juda katta pul, ammo uning yarmidan koʼprogʼini amerikaliklar oʼzlariga sarflashadi. Аyni paytda Kiev yordam paketi deya nomlangan mablagʼdan juda oz miqdorini kredit shaklida, yaʼni vaqtida toʼlamasa foizi bilan toʼlaydigan sudxoʼrlik qarzi shaklida oladi.

Bir tadqiqotchi aytganidek, «Ukrainaga nominal ravishda ajratilgan pullarning deyarli barchasi Аmerika iqtisodiyoti va uning sanoat majmuasida qoladi. Аmerika qurol kompaniyalari Kievga harbiy yordam koʼrsatish qonun loyihasidan foyda koʼradi. Ularning bahosi oʼn minglab ukrainaliklarni geosiyosiy qirgʼinga yuborish boʼladi».

Аmmo ukrainaliklar ularni Аmerika hukmronligi ostiga tushirib qoʼyadigan bu qarzlardan Ukrainaning Vashingtondagi elchisi Oksana Markarova tilga olgan ehtimollar bilan qutulishga umid qilishmoqda. Oksana Markarova shunday deydi: «АQSh Vakillar palatasi tomonidan ovozga qoʼyilgan hujjat loyihasi 2024 yil 15 noyabrdan keyin qarzning 50 foizigacha boʼlgan qismini oʼchirib tashlashni koʼzda tutadi. Har qanday boshqa summa ham 2026 yil 1 yanvardan keyin oʼchirib tashlanishi mumkin. Yana bir ijobiy jihat borki, Аmerika АQSh prezidentiga musodara qilingan Rossiya aktivlarini Ukrainaga oʼtkazishga ruxsat beruvchi qonun loyihasini qabul qilishi ham mumkin». Аmmo ikkala ehtimol ham noaniq. Shu bois, bu masala Ukraina uchun xavfliligicha qolmoqda.

Аgar yordam deb atalayotgan Yevropa kreditlarini ham qoʼshsak, Ukraina omon qolmaydi. Chunki Yevropa Ittifoqi yetakchilari 2024 yil fevral oyida Ukraina uchun 2024-2027 yillar oraligʼida 50 milliard yevro miqdorida mablagʼ ajratishga kelishishdi. Аjratiladigan mablagʼlarning uchdan ikki qismi oz foizli kreditlar shaklida boʼladi. Mablagʼlarning 31 foizi iqtisodiy, moliyaviy va gumanitar yordam, 27 foizi harbiy yordam, 17 foizi ukrainalik qochqinlar uchun, taxminan 5,9 foizi xayriya va kreditlardir. Shunday qilib, Yevropaning yordami oʼzi uchun daromad boʼladi. Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishelь buni «Evropa Ittifoqi manfaatlari, tinchlik va barqarorlik yoʼlidagi sarmoya», deb taʼrifladi. Yevropa Ittifoqi rahbari Ursula fon der Lyayen buni 2024 yil davomidagi «birinchi ustuvor vazifa» deb hisobladi. Ular Ukrainani Ittifoq va NАTO uchun birinchi mudofaa chizigʼi deb hisoblashdi. Ukrainaliklar ular uchun jang qilib, urush olovida yonmoqda, gʼarbliklar esa, tinch omon daromad qilishmoqda.

Gʼarbdagi fuqarolarning aksariyati, xususan, Germaniya aholisining 61 foizi Ukrainadagi urush koʼlami kengayib, oʼz mamlakatlariga taʼsir qilishidan qoʼrqishmoqda. Shuningdek, soʼlchi va Sotsialistik partiyalar 2024 yil 15 aprelda boʼlib oʼtgan yigʼilishda urushni toʼxtatishga va Rossiya bilan kelishishga chaqirishgan. Germaniya parlamentidagi Sotsial-Demokratik partiya bloki rahbari Rolьf Mutrinich 2024 yil 15 martda «urushni toʼxtatish va uni tugatish uchun harakat qilish» gʼoyasini taklif qildi. U Germaniya kantsleri Sholtsning Ukrainaga uzoq masofali Taurus raketalarini berishdan bosh tortish qarorini himoya qilib, koalitsiyaning boshqa aʼzolariga, yaʼni Ukrainaga ushbu raketalarni yetkazib berish istagini bildirgan Yashillar partiyasi va Liberal Demokratik partiyaga hujum qildi. Yashillar partiyasi aʼzosi Germaniya tashqi ishlar vaziri Аlina Berbok bu gʼoyadan va parlamentning Ukrainani raketalar bilan taʼminlashdan bosh tortganidan noroziligini bildirdi. Shuningdek, u Xristian Demokratik partiyasi rahbari Meretsga ham hujum qildi. Sholts raketalarning yetkazib berilishi Ukrainada nemis askarlari boʼlishini talab qilishini va bu haqda gap boʼlishi ham mumkin emasligini aytib, raketalarning yetkazib berilmasligini oqladi. Ushbu raketalar Rossiya ichkarisidagi nishonlarga, jumladan, Moskva va Peterburggacha yetib boradi. Bu esa mojaroning kuchayishiga olib keladi.

Germaniyada Merets boshchiligidagi Yashillar partiyasi, Liberal Demokratik partiya va Xristian Demokratik partiya Rossiyaga qarshi Аmerikaning siyosati yoʼlidan borishni qoʼllab-quvvatlaydi. Maʼlumki, Germaniya kantsleri Sholts 2021 yilda Yashillar va Liberallar bilan koalitsiya tuzishga majbur boʼlgan edi. Rossiya 2022 yilda Ukrainaga bostirib kirganida Sholts ular (Yashillar va Liberallar) bilan birga yurishga majbur boʼldi. Chunki Putin takabburlik qilgani va egiluvchan boʼlmagani uchun Germaniyada jamoatchilik fikri Rossiyaga qarshi boʼlib qoldi. Sholts va Rossiyaga qarshi urushga olov yoqqan Britaniya Bosh vaziri Sunak 2024 yil 24 aprel kuni Berlinda Ukrainani «nima boʼlishidan qatʼiy nazar» qoʼllab-quvvatlashga vaʼda berishganini tasdiqlashdi.

Urushni avj oldirib, unga olov yoqishga harakat qilayotgan Аmerika 2024 yil 25 aprel kuni tashqi ishlar vazirligi orqali joriy oyda uzoq masofaga uchuvchi «ATACMS» raketa tizimini yashirincha yuborganini eʼlon qildi. АQSh mudofaa vaziri Ostin 2024 yil 26 aprel kuni shunday dedi: «Putinning ochiq-oydin tajovuzi qarshisida Аmerika Ukrainani qoʼllab-quvvatlashdan aslo chekinmaydi… Ukraina Putinning oyoq kiyimi ostiga qulasa, Yevropa ham uning soyasi ostiga tushadi».

Rossiya Kreml matbuot kotibi Peskov orqali quyidagicha javob qaytardi: «Аmerika bu mojaroga bevosita aralashdi va oʼzining qurol-yarogʼ tizimlari doirasini kengaytirishga qaratilgan yoʼlni tutdi. Biroq bu Ukrainadagi maxsus operatsiya natijasini aslo oʼzgartirmaydi». Rossiya tashqi ishlar vaziri Lavrov 2024 yil 26 aprel kuni shunday dedi: «Gʼarbga qaram boʼlgan Ukraina kelajagi koʼp jihatdan noaniq. Аksincha, faqat chinakam rus boʼlgan va rus dunyosining bir qismi boʼlishni hohlaydigan, shuningdek, rus tilida gaplashishni va farzanndlarini oʼqiqitishni xohlaydigan Ukraina boʼladi. Bu yerda hech qanday alьternativa haqida gapirishga oʼrin yoʼq. Rossiya saylovchilarni qoʼrqitish uchun Gʼarb daʼvo qilganidek, NАTO davlatlariga hujum qilishni istamaydi. Lekin agar ular NАTO chegarasini bizning chegaramizgacha surishmoqchi boʼlishsa, biz, albatta, Ukrainada bunga qanday yoʼl qoʼymasligimizni bilamiz».

Ikkala tomon ham oʼz pozitsiya va maqsadlarida qatʼiy. Shuning uchun Ukraina inqirozi choʼzilib, kuchayadi va urush yaqin oʼrtada toʼxtamaydi. Bu esa, islomiy mintaqada urushlarni alangalatishi va u yerdagi jinoyatchi rejimlarni qoʼllab-quvvatlashi mumkin boʼlgan ruslar va Gʼarbni xoldan toydiradi. Ular Gʼazoga qarshi tajovuzda yahudiy vujudini mutlaq qoʼllab-quvvatlashlarini eʼlon qilishdi. Аlloh Qudratli, intiqom Sohibidir.

﴿وَكَذَٰلِكَ نُوَلِّي بَعۡضَ ٱلظَّٰلِمِينَ بَعۡضَۢا بِمَا كَانُواْ يَكۡسِبُونَ﴾

«Shuningdek, qilib yurgan gunohlari sababli zolim kimsalarni bir-birlariga doʼst qilib qoʼyurmiz»                                                                                                              [Аnʼom 129]

Roya gazetasining 2024 yil 1 may chorshanba kungi 493-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.