YOʼL

280
0

بسم الله الرحمن الرحيم

YOʼL

         oʼzgartirish voqeligi va uning asoslari

Maʼlumki, inson faqat bugungi kuni uchungina yashamaydi. Balki bu dunyo hayotidagi kelajagiga taalluqli boʼladimi yoki dunyo hayotidan keyingi hayotiga taalluqli boʼladimi, hech farqsiz, yaqin yoki uzoq kelajagi haqida oʼylaydi, fikrlaydi.

Inson voqeligi shunday boʼlgani uchun inson oʼzi yashayotgan voqelikka aslo rozi boʼlmaydi. Аgar voqelik yomon boʼlsa uni yaxshilashga, voqelik yaxshi boʼlsa uni yanada yaxshiroq qilishga, intiladi. Аgar hayoti asoslanadigan asos buzuq boʼlsa toʼgʼri asosni topishga harakat qiladi. Shuning uchun insonni oʼtmishiga achinayotganini va doimo kelajakka koʼz tikayotganini, unga oshiqayotganini koʼramiz.

Oʼzgartirish haqida fikrlash hayot uchun zarurdir. Zero, oʼzgartirish harakat demakdir. Chunki hayot rivojlanish va harakatda namoyon boʼladi. Shuning uchun har bir ummat, har bir shaxs oʼzgartirish haqida fikrlashi va unga harakat qilishi kerak. Oʼzgartirish haqida fikrlamaslik bir millatni yoʼq boʼlib ketishiga, shaxslarini esa tarqoq boʼlishiga olib boradi. Chunki voqelikka boʼysunib qolish eng xatarli ofat va eng katta musibatdir.

Oʼzgartirish haqida fikrlash faqat oʼz ahvollarini oʼzgartirish zarurligini his qilayotgan insonlardagina mavjud boʼlmay, balki borliqda oʼzgartirishni taqozo etayotgan holat bor ekan, u ham mavjud boʼlaveradi. Shu tufayli kishi faqat ahvoli yoki jamiyati, xalqi, ummati ahvolini oʼzgartirish haqida oʼylash bilan cheklanmay, balki boshqalarni ham oʼzgartirish haqida oʼylaydi. Bunga sabab insonda «insoniylik xususiyati» yaʼni «oʼz navini saqlab qolish» tuygʼusi – nav gʼarizasi bor. Bu tuygʼu insonni oʼzining yurtida boʼladimi yoki xalqi, ummati orasida boʼladimi yoki boshqa yurtlarda boʼladimi har bir insonga ahamiyat berishga undaydi.

Har bir insonda oʼzgartirishga intilish boʼlsada, biroq har turli sharoitlar, vaziyatlar va omillari ham borki ular bu intilishni susaytiradi, hatto toʼxtatib qoʼyadi, Yoki aksincha bu intilishni kuch bilan oldinga undaydi. Bunga sabab oʼzgartirish mashaqqatli, qiyin ish boʼlib ulkan harakatlarni, katta qurbonliklarni talab qiladi. Shu tufayli bu ishga kuchli, irodali, oʼtkir aqlli, nihoyat darajada sezgir boʼlgan insonlargina qodir boʼladilar. Shu bilan bir qatorda odamlarning, yaʼni ommaning haqlariga, hukumronligiga ega boʼlishib, ularni yelkalariga minib olganlar oʼzgartirishga qarshi turadilar. Sustkashlar, dangasalar, zaiflar oʼzgartirishni yoqtirmaydilar. Chunki oʼzgartirish ishi  murosasiz kurash olib boriladigan ishlar jumlasidandir.

Oʼzgartirishga intilish koʼngil toʼridan kelib chiqsada, hayot voqelari unga undasada, biroq oʼzgartirishni rejalashtirib berishga har bir inson qodir emas. Bunga fikriy yetakchi insonlargina qodir. Bunday kishilar boshqalarni ishontirish yoki majburiylik bilan oʼzgartirish yoʼlida yurishga undaydilar.

Oʼzgartirishga intilish har bir nnsonning qalbida boʼlishi yaqqol koʼrinib sezilib turishi bilan birga uning kuchli yoki zaifligi turlicha ekanligi hamda undovchi omillari, maqsadlari va gʼoyalari bir shaxsda boshqasinikidan farqli ekani ham maʼlum. Baʼzi insonlarni oʼzgartirishga bor kuchlari bilan intilayotganlarini va shiddatli toshqin suv, kuchli boʼron kuchi bilan oʼzgartirishga harakat qilayotganlarini koʼrsak, baʼzilari esa bechora gadoy kabi nochorlik bilan oʼzgartirishga chaqirayotganlarini, kasal toshbaqa kabi oʼzgartirishga qimirlayotganini koʼramiz. Baʼzi insonlardagi oʼzgartirishga intilish faqat bir ummatning yomon voqeligini emas, balki olamni goʼzal holatga oʼzgartirishga yoʼnaltirilganini koʼrsak va bunga undayotgan narsa — Аllohni rozi qilish yoki oliy qiymatlar ekanligini koʼrsak, baʼzilardagi oʼzgartirishga intilish tirikchilnkni shirinroq luqmasiga ega boʼlish yoki oʼtkinchi hayvoniy shahvatlarni qondirishdan nariga oʼtmayotganini, oʼzgartirishga undayotgan narsa — xudbinlik ekanini, maqsadi esa arzimas, behuda ekanligini koʼramiz.

Oʼzgartirishga undayotgan narsalarni undan koʼzlangan maqsad va gʼoyalarni oʼzgartirishni kuchli yoki zaifligini har xil, ixtilofli boʼlishiga sababchi omillarni diqqat bilan tekshirib koʼrsak, unga taʼsir koʼrsatayotgan koʼplab omillar borligini koʼramiz. Bu omillarning eng asosiysi fikriy anglash (yaʼni xato tushunib yetishdir)dir. Buni shunday sharhlaymiz:

Inson qachonki voqelik buzuqligini yoki yomonligini yoki koʼngildagidek yaxshi emasligini bilsagina oʼzgartirish haqida fikrlaydi. Bunday bilish esa voqelikni buzuqligini his qilish sezish bilan hosil boʼladi. Chunki fikriy jarayon (yaʼni fikrlash) uchun voqelikni his qilish, sezish  asosiy shartdir. Inson biror narsani yoki uning biror alomatini his qilmas ekan, u narsani bilishi yoki tushunishi mumkin emas. Buzuqlik ham voqelik boʼlib, uning his qilinadigan alomatlari borligidan inson bu voqelikni oʼzgartirish haqida fikrlashi paydo boʼlishi uchun bu voqelikni va uning buzuqligini his qilishi zarur. Demak, voqelikni buzuqligini his qilsa, uni anglab yetadi. Qachonki voqelikni buzuqligini anglasa uni oʼzgartirish haqida fikrlay boshlaydi.

Biroq maʼlumki, buzuqlikni yoki ulugʼvorlikni, botirlik yoki qoʼrquvni, obroʼ-eʼtiborga putur yetkazuvchi narsani his qilish bilan muzning sovuqligi va asalning shirinligi, qalampirning achchiqligi kabi moddiy narsalarni his qilish oʼrtasida farq bor. Bunga sabab shuki: barcha insonlar moddiy narsalarni his qilish uchun kerakli boʼlgan sezgi aʼzolariga egadirlar. Garchi bu sezgi aʼzolarini his qilish darajasi insonlar oʼrtasida bir xil boʼlmay ozgina tafovutli boʼlsada, biroq buzuqlik, yaxshilik, yomonlik, shon-sharaf kabi moddiy boʼlmagan narsalarni his qilish esa insonga bular ustidan qanday hukm chiqarishni belgilab beruvchi sobiq fikr (yaʼni oldindan berilgan maʼlumot)ga muhtoj boʼladi. Shundan kelib chiqib, moddiy narsalarni his qilishni  hissiy idrok, bilish  deb, moddiy boʼlmagan narsalarni his qilishni esa  fikriy his qilish  deb nomlangan.

Insonlar oʼrtasida fikriy tafovut (yaʼni fikrlashda farq) boʼlganligidan ularning fikriy his qilishlarida ham tafovut boʼlishi tabiiydir. Masalan, bir odamda maʼlum bir narsa haqida sobiq fikr boʼlgani uchun uni buzuqligini koʼra olsa, boshqa odamda bunday sobiq fikr yoʼqligidan uni buzuqligini koʼrmaydi. Baʼzi insonlar zulm qilinayotganini osonlik bilan his qilsalar, boshqalar esa buni his qilmaydilar yoki his qilishlari juda qiyin kechadi. Fikriy tafovut va ixtilofga koʼra insonlar moddiy boʼlmagan ishlarni his qilishlari yaʼni fikriy his qilishlarida bir birlaridan farq qiladilar. Insonlar fikriy his qilish jihatidan uch toifaga boʼlinadilar:

Oʼtkir his qiluvchilar. Bunday insonlar buzuqlikni yoki unga oʼxshagan holatni tez his qiladilar.

Oddiy his qiluvchilar. Ular buzuqlikni his qilishlari uchun bir oz harakat qilishga muhtoj boʼladilar.

Oʼtmas hisli odamlar. Bunday odamlar oʼshanday fikriy his qilishlari bilan buzuqlikni his qilishlari uchui katta harakatga muhtoj boʼladilar.

Shu tufayli his qilish vujudga kelishi uchun, soʼngra oʼzgartirish haqida fikrlash yuzaga kelishi, keyin esa oʼzgartirishga harakat qilishlari uchun anglash va sobiq fikr zarur. Buzuqlikni yoki buzuq voqelikni his qilish naqadar kuchli boʼlsa, oʼzgartirishga harakat qilish ham shuncha kuchli boʼladi.

Biroq, buzuqlikni yoki buzuq voqelikni anglab yetishni oʼzi oʼzgartirish uchun harakat qilishga yetarli emas. Balki bunga qoʼshimcha ravishda buzuq voqelikni oʼrnini bosuvchi alternativ voqelikni ham bilish, anglash zarur. Bu esa anglash-bilish masalasidagi ikkinchi qiyinchilikdir. Birinchi qiyinchilik  buzuq voqelikni anglab yetish hamda oʼz navbatida buzuqlikni his qilish boʼlsa, ikkinchisi bu buzuq voqelik oʼrnini bosuvchi voqelikni bilishdir. Bunday xulosamizga sabab: oʼzgartirish ishi maqsadsiz, behuda ish boʼlib qolmasin, balki maqsadli va aniq bir gʼoyaga yoʼnaltirilgan boʼlsin.

Mana shu tufayli fikriy anglash oʼzining ikki qiyinchiligi (yaʼni voqelikni anglash va buzuq voqelikni oʼrnini bosuvchi voqelikni bilish) bilan oʼzgartirishning asosi hamda fikrlash jarayoniga taʼsir koʼrsatuvchi muhim omildir. Insonning fikriy anglashi-bilishi ortib borgan sari fikriy masalalarni his qilishi ham ortib boradi, rivojlanadi, nihoyat darajada oʼtkirlik darajasiga yetadi. Bu xulosani izohlash uchun quyidagi misolni keltiramiz: hukmronlik va ulugʼlik sutini emib, izzat-ikrom va hurmat-eʼtibor muhitida voyaga yetgan shaxs bilan xorlik va tubanlik sutini emib, xoʼrlanish va tahqirlanish botqogʼida tarbiya topgan shaxsni olib kelib ikkalasini bir xilda xoʼrlansa, ikkovining reaktsiyasi bir xil boʼladimi yoki turlicha boʼladimi? Birinchi shaxs ham xorlikni ikkinchi shaxs qabul qilgandek qabul qiladimi? Bunday munosabatga qarshi ikkalasining isyoni bir xil darajada boʼladimi? Tabiiyki buni javobi aniq, yaʼni birinchi shaxs sobiq bilimi-anglashi tufayli va hurmat-eʼtiborga oʼrgangani natijasida xorlikni qabul qilmaydi. Ikkinchisi esa aslo junbushga kelmaydi. Chunki u xorlanish va tahqirlanishga oʼrganib ketgan. Dunyoga kelgandan beri xorlikda yashaydi. Xorlik insonning sharafiga zid ish ekanini bilmagan. U xorlanish va tahqirlanish hayotning ajralmas bir qismi deb biladigan eshakka oʼxshaydi. Shu tufayli hayotni xorliksiz tasavvur eta olmaydi. Uning holati qorongʼu zindon devorlari ichida, qamoqda tugʼilib oʼsgan insonnnng holatiga oʼxshaydi. Bunday inson zindondan-qamoqdan tashqarida zindon sharoitlaridan koʼra foydalanishga afzal sharoitlar boʼlishi mumkinligiga ishonmaydi, uni tasavvur qilishi ham qiyin. Zindonni zindon deb atashga koʼnmaydi. Chunki u zindondan boshqa yerni bilmaydi va oʼzi tugʼilib oʼsgan zindonni yashash uchun tabiiy joy deb biladi.

Birinchi hur inson esa, xoʼrlash uning qonini qaynatib yuboradi. Chunki u bu soʼzning maʼnosini juda yaxshi his qiladi. Аslida insonni xorlash emas, balki hurmat-ehtirom qilish, ulugʼlash kerakligini biladi.

Xulosa shuki, oʼzgartirish muqarrar ish. Har bir inson oʼzidagi oʼzgartirishga intilishni his qiladi. Biroq bu intilish insonlar oʼrtasida turlicha boʼlib, maqsadlari ham har xildir. Mana shundan oʼzgartirish harakatini kuchidagi tafovut yuzaga keladi. Bularning barchasini asosi  buzuk voqelikni va uning oʼrnini bosuvchi voqelik borligini fikriy anglashdir. Shuning uchun mufakkirlar, oʼtkir his qiluvchi insonlar sobiq omillarni (fikrlarni) yetarli darajada anglab yetishlari va odamlarni oʼzgartirish uchun harakat qilishga ragʼbatlantirish, undash uchun ularda fikriy his qilishni vujudga keltirishga intlishlari zarur. Bu ishni esa hukmron voqelikning buzuqligini tushuntirish orqali va buzuq voqelikni oʼrnini bosuvchi voqelikni tushuntirib berish orqali hamda bu voqelikni goʼzal suratda, yorqin tasvirda koʼrsata olish bilan amalga oshiriladi. Busiz birorta oʼzgartiruvchi harakat muvaffaqiyat qozona olmaydi. «Zulm isyonni keltirib chiqarmaydi. Balki zulmni his kilish isyonni tugʼdiradi».

Yuqorida aytilgan gaplardan oʼzgartirishning asosiy omillari maʼlum boʼladi. Yaʼni buzuq voqelik haqida sobiq fikriy anglash boʼlsagina oʼzgartirish haqida fikrlash yoki unga intilish yuzaga kelishi mumkin, Yuqorida oʼtgan gaplarga qattiq eʼtibor berish zarur. Biroq shu oʼrinda yana bir qancha ishlar ham borki oʼzgartirish jarayoniga kirishishdan oldin ularni bilib qoʼyish kerak. Bular:

a) oʼzgartirish ishi qiyin, mashaqqatli ish boʼlib, unga kuchli ummatlar, xalqlar va shaxslargina qodir boʼladilar. Аmmo tuban ummatlar, qoʼrqish va uyatish egallab olgan dangasa shaxslar to oʼzlarini oʼzgartirmaguncha oʼzgartirish ishiga qodir boʼlmaydilar.

 إِنَّ اللَّهَ لَا يُغَيِّرُ مَا بِقَوْمٍ حَتَّىٰ يُغَيِّرُوا مَا بِأَنفُسِهِمْ

— „…Аniqki, to biron qavm oʼzlarini oʼzgartirmagunlaricha Аlloh ularning ahvolini oʼzgartirmas… ”            [13:11]

b) oʼzgartirish ishi shunchaki oʼzgartirib qoʼyish boʼlmasligi, balki alomatlari aniq, belgilangan maqsad uchun boʼlishi kerak.

Voqelikni qandaydir yangi voqelikka oʼzgartirish emas, balki oldindan maʼlum yangi voqelikka oʼzgartirish lozim. bu yangi voqelik bizning hozirgi holatimizda mavjud voqelikka, uning barcha salbiy tomonlariga zid boʼlgan, undan koʼra taraqqiy etgan, ummatga obroʼ-eʼtiborini, baxt-saodatini, xotirjamligini kafolatlaydigan yangi voqelik boʼlishi lozim.

v)  oʼzgartirish ishi har qanday duch kelgan yoʼl bilan emas, balki odimlari belgilangan  reja asosida,  ravshan  yoʼl orqali boʼlishi kerak. Toki harakat mobaynida zoe ketmaslik, maqsaddan boshqa   tomonga   ketib   qolmaslik  taʼminlansin. Shuning uchun «oʼzgartirish uchun shayton bilan ittifoq tuzish», degan gapga qoʼshilishimiz ahmoqlikdir. Chunki shaytonni borar joyi jahannamdir. Shuning uchun shunchaki oʼzgartirib qoʼyish tentaklikdir. Chunki umrimiz zoe ketgandan yomgʼirdan qochib doʼlga yoʼliqqanimiz, sarob ortidan yugurganimiz maʼlum boʼladi.

Demak, ishga kirishishdan oldin gʼoya va yoʼl aniq-tiniq belgilangan boʼlishi kerak. Аks holda toʼgʼri yoʼlda ketayapmiz deb oʼylab, yer sharini aylanib chiqqan, yurib-yurib yerni dumaloq ekanligiga ishonch hosil qilgan gʼofil kimsalar qismati bizning boshimizga tushadi.

g)  maqsadga erishish va koʼzlangan gʼoya roʼyobga chiqishi uchun jiddiy fikrlash hamda jiddiy harakat qilish oʼta muhimdir.

Jiddiy fikrlash shundayki shunchaki behuda emas, aniq maqsad uchun fikrlashdir. Fikrlash bu maqsadni amalga oshirish uchun harakatlarni ishlab chiqarayotgan boʼlsa, bunday fikrlashda jiddiylik borligini bildiradi, Jiddiy harakat qilish esa qilinayotgan harakat koʼzlanayotgan gʼoya darajasida boʼlishidir. Demak, oʼzgartirish haqida fikrlash shunchaki fikrlash boʼlmay, balki jiddiy boʼlishi yaʼni aniq bir gʼoyani roʼyobga chiqarish uchun boʼlishi kerak. Oʼzgartirish uchun qilinayotgan harakat jiddiy boʼlishi yaʼni sarflanayotgan sayi harakatlar koʼzlangan gʼoya darajasida boʼlishi kerak.

Toʼliq ravshan boʼlishi va yorqin tasavvur qilinishi kerak boʼlgan yuqoridagi baʼzi ishlardan xulosa qilish mumkinki: oʼzgartirish jarayoniga kirishishdan oldin oʼzgartirishdan koʼzlangan gʼoyani va bu gʼoyaga olib boruvchi yoʼlni hamda bu yoʼl xavf-xatar va qiyinchiliklar bilan oʼralganini, oʼzgartirish ishi jiddiylikka va sabr-matonatga muhtojligini, oʼzgartirish ishini ummat taqdirini hal qiluvchi masala deb hisoblashga muhtojligini bilish zarur. Mufakkirlar voqelikni buzuqligini tushuntirish orqali, uning yomonligini fikriy his qildirish orqali, bu voqelik oʼrnini bosuvchi voqelikni tushuntirish orqali ummatga oʼzgartirish zarurligini tushuntirish bilan birga oʼzgartirish yoʼliga kirishganlarga yuqorida aytilgan haqiqatlarni tushuntirishlari kerak.

Аhmad Аtyat

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.