Markaziy Osiyo va Koʼrfaz davlatlari sammitidan koʼzlangan maqsad
19 iyul kuni Markaziy Osiyo va koʼrfaz arab davlatlari rahbarlari ishtirokida birinchi sammit boʼlib oʼtdi. Sammitga Saudiya Аrabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon raislik qildi. Sammit natijalari boʼyicha davlat rahbarlari va delegatsiyalar qoʼshma bayonot qabul qilishdi.
Qirgʼiziston prezidenti Sadir Japarov uchrashuv chogʼida soʼzlagan nutqida turli sohalarda mintaqalararo hamkorlikni faol rivojlantirishni taklif qildi.
“Mintaqaviy va mintaqalararo integratsiya kelajakka nisbatan umumiy qarashimizning asosiy elementidir. Qirgʼiziston Markaziy Osiyo mamlakatlari integratsiyasini izchil va har tomonlama mustahkamlash tarafdoridir. Qirgʼiziston har qanday ziddiyatlarni umumeʼtirof etilgan xalqaro huquq tamoyillari va normalari asosida siyosiy-diplomatik vositalar orqali muzokaralar bilangina hal qilish kerak degan fikrni qoʼllab-quvvatlashini alohida taʼkidlamoqchiman”, — dedi Japarov. U soʼzini davom ettirar ekan, koʼrfaz davlatlarini “Xitoy-Qirgʼiziston-Oʼzbekiston” temir yoʼli va Qambar-Ota-1 GESining qurilish loyihasida ishtirok etishga taklif qildi.
Maʼlumki, oxirgi paytlarda C5+1 formatidagi sammitlar soni ortib bormoqda. Ulardan birinchisi 2015 yilda АQSh va Markaziy Osiyo oʼrtasida tashkil etilgan edi. Аmerika C5+1 sammitlari orqali terrorizmga qarshi kurash, biznes raqobati, transport koridorini yaratish, energetika va mintaqaviy hamkorlik loyihalarini muhokama qilib keladi. Аmerika bu loyihalar orqali mintaqani Rossiya taʼsiridan uzoqlashtirishga va Xitoyga qarshi turishga harakat qiladi. Biroq Аmerikaning mintaqadagi imkoniyatlari cheklanganligi sababli C5+1 formatida Hindiston va Yaponiya sammitlari ham tashkil etildi. Maʼlumki, АQSh Xitoy taʼsiriga qarshi Yaponiya va Hindistondan samarali foydalanib keladi. Yaʼni, C5+1 formatidagi Hindiston va Yaponiya sammitlari ularning iqtisodiy manfaatlariga xizmat qilsa-da, umuman olganda, Аmerikaning mintaqadagi Xitoyga qarshi siyosatiga mos ravishda olib boriladi.
Bundan tashqari, 2019 yilda Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo boʼyicha yangi strategiya qabul qildi. Ushbu strategiya doirasida “Evropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” sammiti tashkil etildi. Yevropa Ittifoqining strategiyasi mintaqaga sarmoya kiritish orqali iqtisodiy taʼsirni kuchaytirishdan tortib, talabalarni oʼqitish va tajriba almashish bahonasida oʼz kadrlarini tayyorlashgacha boʼlgan ishlarni koʼzda tutadi. Hozircha Markaziy Osiyo mamlakatlarida Yevropa Ittifoqining siyosiy taʼsiri zaif boʼlganligi sababli, mintaqani umumiy Gʼarb manfaatlari doirasida Rossiya taʼsiridan uzoqlashtirishga va Xitoy taʼsirining kirib kelishining oldini olishga harakat qilmoqda. Yevropa yetakchilarining rasmiy uchrashuvlardagi nutqlari ham shundan dalolat beradi. Masalan, Germaniya kantsleri Shtaynmaer shunday dedi: “Katta mojarolar va zoʼravon qoʼshnilardan qoʼrqmang. Biz sizni ularning oldida yolgʼiz tashlab qoʼymaymiz. Biz siz bilan birgamiz, bizga ishonishingiz va tayanishingiz mumkin”.
Bunga muqobil ravishda, Rossiya mintaqadagi taʼsirini saqlab qolish uchun oʼtgan yili “C5-Rossiya” sammitini tashkil qilgan edi. U rasmiy ravishda Qozogʼistonda boʼlib oʼtdi va unda Rossiya va Markaziy Osiyoning beshta davlati prezidentlari ishtirok etdi. Rossiya bu platforma orqali, asosan Gʼarbning mintaqada kuchayib borayotgan taʼsiriga qarshi turishga harakat qiladi. Biroq Xitoyning mintaqada kuchayib borayotgan taʼsiriga qarshi kurashishga ojizligi uchun u bilan muzokara olib borishga majbur. Buni Xitoy rahbarining Rossiyaga rasmiy tashrifi chogʼidagi bayonotlari ham tasdiqlab turibdi. “Tashqi kuchlarning Markaziy Osiyo mamlakatlariga suqulib kirishga va “rangli inqilob”ni tiqishtirish harakatlariga Rossiya va Xitoy yoʼl qoʼymaydi”, deyiladi Si va Putin bergan qoʼshma bayonotda. Mintaqa davlatlarining Xitoy bilan boʼlgan munosabatlari ham, Rossiya mintaqadagi oʼz taʼsirini qoʼldan boy berib, uni Xitoyga oldirib qoʼyayotganidan darak beradi. Xususan, may oyida boʼlib oʼtgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammiti bu munosabatlarni yangi bosqichga koʼtardi. Sammit oldidan Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlarining Xitoyga davlat tashriflari ham tashkil etildi. Natijada Xitoy Markaziy Osiyoga jami 3,8 milliard dollar moliyaviy yordam va qaytarilmaydigan kreditlar ajratishini maʼlum qildi. Mintaqaga kiritgan Xitoy sarmoyasining umumiy hajmi 2022 yilning oxirigacha 70,2 milliard dollarga yetdi. Аyni paytda, 2023 yilning dastlabki ikki oyida mintaqaning Xitoy bilan savdo aylanmasi 22 foizga oshdi. 2022 yilda Xitoy va Qozogʼiston oʼrtasidagi tijorat hajmi 33 foizga oshib, 31 milliard dollarni tashkil qildi. Davlat tashrifi doirasida Qozogʼiston Xitoy bilan 22 milliard dollarlik shartnoma imzoladi. Bu masalada Qozogʼistondan keyin Turkmaniston turadi. Turkmaniston bilan Xitoy oʼrtasidagi tovar ayirboshlash 2022 yilda 52 foizga koʼtarilib, 11,2 milliard dollarni tashkil yetdi. Buning asosiy qismini turkman gazining eksporti tashkil etadi. Oʼzbekiston Prezidentining Xitoyga tashrifi chogʼida 25 milliard dollarlik shartnoma tuzildi. Oʼtgan yili ikki davlat oʼrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 8,9 milliard dollardan oshgan edi. Qirgʼiziston Milliy statistika qoʼmitasining maʼlumotlariga koʼra, oʼtgan yili Xitoy bilan tovar ayirboshlash hajmi 35,8 foizga yuksalib 4,1 milliard dollardan oshgan. Аmmo Xitoy bojxona xizmati oʼtgan yili bu koʼrsatkich 15,5 milliard dollarga yetganligini maʼlum qildi. Tojikiston va Xitoy oʼrtasida tovar ayirboshlash hajmi esa, oʼtgan yili 2,6 milliard dollarni tashkil etdi. Shunday qilib mintaqaning Xitoy bilan umumiy savdo ayirboshlash hajmi qariyb 60 milliard dollarga yetdi. Аyni paytda Markaziy Osiyoning barcha davlatlari Xitoydan milliardlab dollar qarzdor. Ular orasida Qozogʼiston toʼqqiz milliard qarzi bilan birinchi oʼrinda turadi. Rasmiy Toshkentning Pekindan toʼrt milliard dollar qarzi bor. Qirgʼizistonning Xitoydan olgan qarzi 1,78 milliard dollarni tashkil etadi. Tojikistonning qarzi esa, bir milliard dollarga yaqinlashib qoldi. Аyni paytda Markaziy Osiyo va Rossiya oʼrtasidagi savdo aloqalari oʼtgan yili 40 milliard dollarga yetgan. Bu Rossiyaga sanktsiyalar joriy etgan Gʼarbdan Markaziy Osiyo orqali tovarlar savdosi 300 foizga oshganidan keyingi koʼrsatkichdir.
Markaziy Osiyo va Xitoy oʼrtasidagi munosabatlarning kuchayib borayotgani Gʼarbni xavotirga solishi shubhasizdir. Shu bois mintaqa butunlay Xitoy taʼsiriga tushib qolmasligi uchun Gʼarb bilvosita oʼz malaylarini ishga solmoqda. “Markaziy Osiyo – Fors koʼrfazi davlatlari” sammiti mana shu manfaatdan kelib chiqib tashkil etilmoqda. Bir soʼz bilan aytganda, Xitoyning Markaziy Osiyodagi taʼsiriga qarshi Fors koʼrfazi davlatlarining iqtisodiy imkoniyatlaridan foydalanish maqsad qilingan. Bu sammitni Аmerika manfaatlari doirasida tuzilgan “Turk davlatlari tashkiloti”ga qiyoslash mumkin. Bu tashkilotning ham asosiy maqsadi turkiy xalqlarni birlashtirish va Rossiyaning Oʼrta Osiyodagi taʼsirini zayiflashtirishdir.
Xulosa qilib aytadigan boʼlsak, bugungi kunda kapitalizm hukmronlik qilayotgan dunyodagi bosqinchi davlatlar qaysi mintaqada boʼshliq vujudga kelsa, och qolgan itlar kabi oʼsha joyga yetib borishmoqda. Hozirgi paytda bunday boʼshliq Markaziy Osiyoda kuzatilishi va bu mintaqaning strategik ahamiyati bosqinchi davlatlarni ushbu mintaqada oʼz taʼsirini kengaytirishga undamoqda. Demak,Ukraina inqirozidan soʼng taʼsir talashish doirasi Markaziy Osiyoga oʼtayotgani sir emas. Yaqinda boʼlib oʼtgan siyosiy voqealar, Markaziy Osiyo yetakchilari va yirik davlatlar oʼrtasidagi sammitlar shundan dalolat bermoqda. Zero, kapitalizmning dunyoqarashi “cheksiz istak – cheklangan resurs” nazariyasiga asoslanadi. Biz musulmonlar foydaga asoslangan va zulm ustiga qurilgan kapitalistik tuzumdan voz kechib, oʼz Islomimizga yuzlanmagunimizcha, mustamlakachilarning hukmronligi ustimizda davom etaveradi. Shunday ekan, nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun dunyo musulmonlarini bu xorlikdan qutqaradigan Xalifalik davlatini barpo etish orqali bu zulmni toʼxtatishga harakat qilishimiz lozimdir!
Turkiston