YEOII muammolar girdobida

153
0

YEOII muammolar girdobida

 Xabar: Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 25-may kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi forumida YEOII tuzilmasi ichida Rossiya va Belarus ittifoq davlati “fenomeni” mavjudligiga e’tibor qaratdi va hamkasblarni mamlakatlar integratsiyasining turli darajalarini muhokama qilishga taklif etdi.

 “Jahon siyosiy tarixida noyob pretsedent yoki fenomen – yagona siyosiy, huquqiy, harbiy, iqtisodiy, valyuta, madaniy, gumanitar makoni bilan “ikki davlat – bir mamlakat” formulasi bo‘yicha davlatni yaratish hodisasi. Yagona ittifoq hukumati, yagona ittifoq parlamenti va meni kechirib qo‘yasiz, hatto yadro quroli ham hozir ikkita davlatga bitta”, – dedi To‘qayev.

 U shuningdek, “Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Armaniston bilan integratsiyaning boshqa darajasi ham mavjud va biz bu reallik bilan hisoblashishimiz kerak: bunday sharoitda qanday ishlaymiz. Bu konseptual masala. O‘ylaymanki, biz ushbu iqtisodiy forumda mazkur muammoni muhokama qilishimiz kerak”, – deya qayd etdi qozoqlar prezidenti.

 Ekspertlarga ko‘ra, To‘qayev bu gaplari bilan YEOIIning hozirgi formatining kelajagi yo‘qligi va u uzoq yashay olmasligi haqidagi fikrni diplomatik ohangda bildirib qo‘ygan.

 Sammitda To‘qayev har doimgidek o‘zining “lekin”larini bildirdi. To‘qayev YEOII doirasida bir emas, ikkita ittifoq borligi va bu g‘alati ekanligini bildirdi. Ya’ni YEOII doirasida ikkiga bo‘linish, ikkita jamoa borligi va bu ziddiyatlar keltirib chiqarayotganiga e’tibor qaratdi. Va, “Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi – bu eng avvalo, iqtisodiy birlashma”, deya urg‘ulab qo‘ydi.

 Izoh: Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi tashkil topganidan beri faqat Rossiya manfaatlari yo‘lida xizmat qilib kelmoqda, aslida Putinning tashkilot tuzishdan shu maqsadni ko‘zlagan edi. Faqat Putin bu tashkilotga a’zo davlatlarning o‘ziga sodiqligidan kelib chiqqan holda u yoki bu a’zoga qo‘shimcha imkoniyat va sharoitlar yaratib berib kelmoqda. Masalan, Putin va Lukashenko o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashib turgan paytda Putin tashkilotda Qozog‘iston uchun alohida maqom joriy etib, imkoniyatlar yaratib bergan va bu tashkilotga a’zo boshqa davlatlar, jumladan, qirg‘iz hukumati e’tirozlariga sababl bo‘lgan edi. Qirg‘iziston bosh vaziri Akilbek Japarov 2022-yil fevral oyida Yevrosiyo taraqqiyot bankining barcha mablag‘lari faqat Qozog‘iston va Rossiyadagi investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga ketyotganidan shikoyat qilgan va YEOII davlatlari rahbarlarining may oyida o‘tkaziladigan yig‘ilishida bu masalani ko‘tarishni rejalashtirayotganini ma’lum qilib:

 “Mazkur inqirozga qarshi institut Rossiya va Qozog‘iston iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun emas, balki Armaniston, Qirg‘iziston va Belarus kabi davlatlarning iqtisodiyotini tenglashtirish uchun ishlashi kerak va bu Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan bir necha bor ta’kidlangan. Biz bu masalani kun tartibiga olib chiqamiz. Hamkasblarim meni qo‘llab-quvvatlaydi degan umiddaman. Hozir esa 99 foiz mablag‘ Qozog‘iston va Rossiyani qo‘llab-quvvatlashga ketyapti”, – degan edi.

 Putin va To‘qayev o‘rtasidagi bunday iliq munosabatlar 2022-yil fevral oyiga qadar davom etdi. Ma’lumki, 2022-yil yanvar oyida Qozog‘istonda qonli voqealar o‘rin olgan va To‘qayev shoshilinch tarzda Putindan KXSHT tinchlikparvar kuchlarini mamlakatga kiritishni so‘ragan edi. Qozog‘istondagi xalq namoyishi bostirilganidan so‘ng To‘qayev KXSHT tinchlikparvar kuchlarini zudlik bilan mamlakatdan chiqib ketishi haqidagi kutilmagan bayonotidan so‘ng Putin bilan o‘rtalariga sovuqchilik tusha boshladi. Bundan tashqari, To‘qayev Rossiyaning Ukrainaga qarshi boshlagan bosqinchilik urushida betaraf pozitsiyada qolishi kamlik qilganidek, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Peterburg iqtisodiy forumidagi chiqishida, Putinning oldida, uning mamlakati o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini tan olmasligini aytganidan so‘ng munosabatlar yanada sovuqlashdi.

 Buning aksi o‘laroq, Belorusdagi xalq namoyishlariga qadar YEOII va KXSHTni tanqid qilib kelgan Aleksandr Lukashenko o‘z hokimiyatin saqlab qolishda Putin ko‘magini olgach, Putin tomonga og‘ib ketdi. Hatto, Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzini qo‘llab-quvvatlash bilan kifoyalanib qolmay, o‘z mamlakati eshiklarini rus bosqinchilari Ukrainaga zarba berishlari uchun ochib va hatto Rossiya yadro qurollarini mamlakatga joylashtirishga ham rozilik berdi. Natijada Lukashenko YEOIIda Putinning “o‘ng qo‘li”ga aylandi va tashkilotda alohida “maqomga” ega bo‘lib turibdi. 

 Ma’lumki, tashkilotning quvvati va ta’siri ta’sischi davlatning xalqaro siyosatda tutgan o‘rni va qudratiga bog‘lib bo‘lib, agar ta’sischi davlat kuchli va qudratli bo‘lsa, tashkilot ham ta’sir kuchiga ega bo‘ladi. Davlat kuchdan qolib borgani sari tashkilot ichidagi kelishmovchilik va ziddiyatlar ham kuchayib boradi va oxir oqibat tashkilot zavolga yuz tutadi. Bugungi kunda Rossiya xalqaro siyosatda yakkalanib qolib, Ukraina botqog‘iga botib borgani sari uning yetakchiligidani tashkilotlar ichida ham kelishmovchiliklar kuchayib bormoqda. Bu nafaqat YEOII, balki KXSHT ichida ham sodir bo‘lmoqda. Masalan, 22-may kuni Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Yerevan oldida KXSHTdagi ishtirokini to‘xtatish masalasi turganini ma’lum qilib: “Armanistonning KXSHTdan chiqishi haqida gapirganda, birinchi navbatda, tashkilotning mavjud majburiyatlarini nazarda tutyapman. Bu masala kun tartibidan tashqarida deb aytmagan bo‘lardim. Chunki muhokama qilinadigan masalalar bor ekan, bu masala ham ko‘rib chiqilishi shart”, – dedi. Demak, Rossiya holdan toyib borgani sari uning yetovidagi tashkilotlarning keyingi taqdiri savol ostida qoladi.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.