Lavrov: Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘iston gaz ittifoqi faol muhokama qilinmoqda

141
0

Lavrov: Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘iston gaz ittifoqi faol muhokama qilinmoqda

 Xabar: Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston ittifoq tuzish masalasini faol muhokama qilishayotganini ma’lum qildi.

 “Qozog‘iston, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi gaz ittifoqi barcha ishtirokchilar uchun foydali”,  dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Samarqandda bo‘lib o‘tgan brifingda.

 “Uch davlat, jumladan, prezidentlar darajasida ham energiya xavfsizligini mustahkamlashga imkon beradigan ushbu keng ko‘lamli loyihani muhokama qilishda oldinga siljish bor. Bu yerda hamma uchun imtiyozlar bo‘ladi, chunki gaz yetkazib beruvchilar bor. Bu masalaga qiziquvchilar ham bor.Tomonlar tranzit shartlari va narx-navo bo‘yicha kelishib olsa, hamma yutadi”, – dedi Sergey Lavrov.

 “MDH vazirlar kengashi yig‘ilishida gaz ittifoqi masalasi muhokama qilinmadi, chunki uning MDHga bevosita aloqasi yo‘q”, – dedi Lavrov.

 Izoh: Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev prezidentlikka qayta “saylanganidan” so‘ng ilk xorijiy safarini Moskvaga amalga oshirgan edi. Ushbu tashrif doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida “uch tomonlama gaz ittifoqi”ni tuzishni taklif qildi. Garchi avvaliga Qozog‘iston prezidenti To‘qayev bu taklifni ko‘rib chiqishga tayyorligini ma’lum qilgan bo‘lsada, keyinchalik Qozog‘iston ham, O‘zbekiston ham bu kabi ittifoqda ishtirok etishdan bosh tortgandek xabarlar paydo bo‘ldi.

 Ammo, Rossiya Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov 2022-yil 8 dekabr jurnalistlarga bergan intervyusida o‘zbek hukumati nomidan javob berib, O‘zbekiston Rossiyaning “uch tomonlama gaz ittifoqi” tuzish g‘oyasidan voz kechgani haqidagi ma’lumotni rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agentlik noto‘g‘ri ma’lumot bergan, so‘zlarni noto‘g‘ri talqin qilgan.

 “Biz nima deyilganini bilamiz. Hech kim siyosiy shartlar evaziga gaz haqida gapirmayapti. Bu ittifoq tuzish g‘oyasi kontekstida bu gap yo‘q”, – dedi Peskov. Avvalroq, Rossiya  Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak 5-dekabr kuni bergan bayonotida: “Biz muloqotni davom ettirishga kelishib oldik. Biz O‘zbekistonga gaz yetkazib berish hajmini oshirishni ta’minlashga tayyormiz, chunki O‘zbekistonda gaz iste’moli ortib bormoqda va yaqin kelajakda o‘sadi. Va gaz bo‘yicha bu hamkorlikni kengaytirish imkoniyati mavjud. Texnik tafsilotlar yaqin orada ishlab chiqiladi”, degan edi.

 Keyinchalik, Rossiya prezidenti Vladimir Putin YEOII sammiti yakunlari bo‘yicha Bishkekda o‘tkazilgan matbuot anjumanida: “Aytgancha, hamma tayyor. Va birgalikda ishlashni xohlashadi, hatto qo‘shma sarmoyalarga ham tayyor. Bu yaxshi, katta ish – kelajak uchun yaxshi istiqbolga ega. Bu ish boshlandi, yaxshi boshlandi. Ishonchim komilki, natijalar yaxshi bo‘ladi. Hozir Moskvaga hamkasblar kelishadi – Qozog‘iston, O‘zbekiston. Miller (Gazprom rahbari) ham u yerga boradi. Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida ish olib borilmoqda”, – deb xulosa qilgan edi. Bugunga kelib esa tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston ittifoq tuzish masalasini faol muhokama qilishayotganini ma’lum qildi.

 Rossiya rasmiylarining prezident bosh bo‘lib berayotgan bu kabi bayonotlari va tushintirishlari Rossiya Ukraina urushi ortidan sanksiyaga tushgan rus gazi uchun muqobil yo‘nalish va bozor – asosan Xitoyga – topish uchun mintaqa davlatlariga tinimsiz bosim o‘tkazib kelayotgani va hatto ular uchun hech qanday tanlov qoldirmayotganini ko‘rsatadi.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.