Aqilbek Japarov tadbirkorlarni ochiq ishlashga chaqirdi

146
0

Aqilbek Japarov tadbirkorlarni ochiq ishlashga chaqirdi

 Xabar: Vazirlar mahkamasi raisi Aqilbek Japarov 4-mart kuni hukumatning navbatdagi majlisini o‘tkazdi. Unda soliq nazorati va nazorat-kassa mashinalaridan foydalanish kabi bir qator masalalar ko‘rib chiqildi. Hukumat matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Japarov tadbirkorlarni yangi soliq qoidalariga muvofiq ochiq ishlashga chaqirdi.

 “So‘nggi yillarda davlat hech qanday yangi soliq joriy qilmadi. Biz tadbirkorlardan faqat nazorat-kassa mashinalarini o‘rnatishni va bu orqali amaldagi qonunlar asosida ishlashni so‘raymiz. Bunday mashinalar joriy etilganidan buyon soliq tushumlarining o‘sish dinamikasi to‘g‘ri yo‘lda ekanligimizdan dalolat beradi. Biznes turli xil “xira” yoki soyadagi sxemalardan foydalanmay ochiq-oydin va halol ishlashi kerak”, – dedi Japarov.

 Izoh: Aqilbek Japarov davlat so‘nggi yillarda hech qanday soliq joriy qilmaganini aytmoqda. Ammo, mavjud soliqlarni optimallashtirish va yangi vositalar bilan Qirg‘izistonda har bir qimirlagan biznes va jondan soliq olish yo‘llarini joriy qilmoqda. Shunday vositalardan biri bozor va savdo shahobchalariga majburiy ravishda nazorat-kassa mashinalari o‘rnatishdan iborat. Joriy yildan amalga kiritilgan yangi soliq kodeksiga muvofiq tadbirkorlar NKM o‘rnatishga majburlar. Albatta, bu ko‘plab noroziliklarni paydo qilmoqda. 2-mart kuni Bishkekdagi bozorlarda faoliyat olib borayotgan yuzlab odamlar yangi soliq qoidalariga qarshi navbatdagi norozilik namoyishiga chiqishdi. Ularning aytishicha, yuk xatining elektron shakli joriy etilganidan beri xarajatlar ko‘paygan, noqulayliklar yuzaga kelgan va savdo susaygan. Bundan tashqari, tadbirkorlar qo‘shimcha qiymat solig‘i (QQS), daromad solig‘i, foida solig‘i, yerdan foydalanish solig‘i va savdo solig‘ini ham to‘lashlari kerak bo‘ladi. Shunda tadbirkorlar foidaning 10 foizini, oylik savdodan 1 foizdan 5 foizgacha, QQS – 12 foiz, ishchi xodimlari bo‘lsa tadbirkor ish haqi fondining 27,25 foizini Ijtimoiy jamg‘armaga to‘lashi va xodimdan 20 foizini ushlab turishi shart (10 foiz daromad solig‘i va Ijtimoiy jamg‘armaga 10 foiz) bo‘ladi. Demak, qirg‘izistonlik tadbirkor “ochiq” desa, daromadining yarmidan ko‘pini soliq sifatida to‘lashi kerak bo‘ladi. Hukumatning o‘zi oddiy xalq ko‘tarishining iloji yo‘q bo‘lgan soliqlar turini joriy etib yana tadbirkorlarni ochiq ishlashga chaqirmoqda. Aslida, “soyadagi iqtisod”, soliqlardan qochish kapitalistik tuzum uchun tabiiy hol, chunki kapitalizm tuzumini tatbiq qilayotgan har bir davlatda soliqlar juda yuqori darajada belgilangan.

 Ma’lumki, kapitalistik tuzumda budjet xalqdan yig‘iladigan soliqlar hisobiga to‘ldiriladi. Kapitalizmni tatbiq qilayotgan Qirg‘iziston hukumati ham budjetni to‘ldirish va tashqi qarzni to‘lashni xalq zimmasiga yuklash uchun soliqlarning yangidan-yangi turlarini o‘ylab topmoqda. Aqilbek Japarov davlat so‘ngi yillarda yangi soliq turlarini joriy etmaganini aytdi. Holbuki, o‘tgan yilning yoz oyida Jogorku Keneshda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Japarov “Yo‘l fondi” orqali har bir avtomobildan soliq yig‘ish masalasi ko‘rib chiqilayotgani, joriy etiladigan yangi soliq turi yo‘llar ta’miri va tashqi qarzlarni to‘lash uchun yo‘naltirilishini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, iyun oyi oxirida bo‘lib o‘tgan JK yig‘ilishda Vazirlar mahkamasi raisi tashqi qarzni to‘lash masalasi budjetning xarajatlar qismida alohida o‘rin tutishini ma’lum qilgan va agar Qirg‘iziston qarzni o‘z vaqtida to‘lamasa, bir qancha obyektlar boshqaruvi boshqalar qo‘liga o‘tib ketishi mumkinligini eslatib o‘tgan edi. Ma’lumki, keyingi besh yil davomida Qirg‘iziston tashqi qarzlarni to‘lash uchun yiliga 400 million dollardan ziyod mablag‘ yo‘naltirishi zarur. Ammo Qirg‘izistonning hozirgi iqtisodiy holati har yili buncha mablag‘ yo‘naltirishni ko‘tara olmaydi. Shu sababli ham hukumat turli xil soliq, majburiy sug‘urta va to‘lovlar topish orqali buni oddiy xalq – soliq to‘lovchilar zimmasiga yuklashga urinmoqda.

 Islomda esa zakotdan bo‘lak hech qanday majburiy soliqlar mavjud emas. Davlat zakotni soliq emas, ibodat e’tiborida yig‘adi. Zakot vojib bo‘lishi uchun musulmonning qo‘lida ehtiyojidan ortiq 20 dinor (85 gramm oltin) bo‘lishi va bu bir yil mobaynida zavolga uchramasligi (kamaymasligi) shart. Shundan so‘ng, unga zakot berish vojib bo‘ladi va boyligining 40dan birini zakot sifatida ajratib beradi. (Zakot nisobiga yashab turgan uyi, minib turgan ulovi, sog‘ib ichayotgan sigiri qo‘shilmaydi). Zakot budjet kamomadlari yopish, davlat ishlarini idora qilish yoki favqulotda holatlar uchun olingan qarzlarni ado etishga sarflanmaydi. Buning uchun davlat mulki ishlatiladi. Zakot shariat belgilab bergan o‘rinlargagina sarflanadi, oddiy xalqning soliq to‘lovchi bo‘lib qolishga yo‘l qo‘ymaydi. Aksincha boylardan zakot olib muhtojlarga taqsimlash orqali jamiyatda farovon hayot va muvozanatni ta’minlaydi.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.