بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Dunyo soatini to‘g‘rilashi va to‘g‘ri yo‘liga yo‘llashi shart bo‘lganlar bizmiz
Islomdagi nususlar ochiq-oydin tarzda musulmonlarni aqidaga taalluqli shirk, zalolat va Alloh shariatidan chiqishga olib boradigan ishlarda va umuman din masalalarida boshqa din va mabda egalariga taqlid qilishdan ochiq qaytargan. Bu to‘g‘rida ko‘r-ko‘rona taqlid qilishni qoralovchi qator oyati karimalar mavjud. Masalan, Alloh Taolo bunday degan:
وَإِذَا قِيلَ لَهُمُ اتَّبِعُوا مَا أَنزَلَ اللهُ قَالُواْ بَلْ نَتَّبِعُ مَا أَلْفَيْنَا عَلَيْهِ آبَاءنَا أَوَلَوْ كَانَ آبَاؤُهُمْ لاَ يَعْقِلُونَ شَيْئاً وَلاَ يَهْتَدُونَ
«Qachon (mushriklarga) – Alloh nozil qilgan hukmlarga bo‘ysuningiz, deyilsa, ular – biz otalarimizni qanday yo‘lda topgan bo‘lsak, o‘shanga ergashamiz, deyishadi, axir, otalari hech narsaga aqllari yetmaydigan, to‘g‘ri yo‘lni topolmaydigan emasmidilar?!» [Baqara 170]
Alloh Azza va Jalla yana bunday degan:
وَإِذَا قِيلَ لَهُمْ تَعَالَوْا إِلَى مَا أَنزَلَ اللهُ وَإِلَى الرَّسُولِ قَالُواْ حَسْبُنَا مَا وَجَدْنَا عَلَيْهِ آبَاءنَا أَوَلَوْ كَانَ آبَاؤُهُمْ لاَ يَعْلَمُونَ شَيْئاً وَلاَ يَهْتَدُونَ
«Qachon ularga – Alloh nozil qilgan narsaga va Rosulullohga kelinglar, deyilsa, ular – biz uchun ota-bobolarimizni nimaning (ya’ni qaysi dinning) ustida topgan bo‘lsak, o‘sha yetarli, deyishdi, axir, ota-bobolari hech narsani bilmaydigan va haq yo‘lni topa olmaydigan emasmidilar?! [Moida 104]
Islom aql va fikr dinidir, Alloh Taolo bunday degan:
ثُمَّ جَعَلْنَاكَ عَلَى شَرِيعَةٍ مِنَ الْأَمْرِ فَاتَّبِعْهَا وَلَا تَتَّبِعْ أَهْوَاء الَّذِينَ لَا يَعْلَمُونَ
«So‘ngra (Ey Muhammad), Biz sizni (din) ishidan bir shariat (aniq-ravshan yo‘l) ustida (barqaror) qildik, bas, siz (faqat mana shu yo‘lga) ergashing va bilmaydigan kimsalarning havoyi nafslariga ergashmang!» [Josiya 18]
Alloh Subhanahu yana bunday degan:
فَاسْتَقِيمَا وَلاَ تَتَّبِعَآنِ سَبِيلَ الَّذِينَ لاَ يَعْلَمُونَ
«(Ey Muso va Horun) to‘g‘ri yo‘lda sobit bo‘linglar va hatto hargiz bilmaydigan kimsalarning yo‘liga ergashmanglar!» [Yunus 89]
Robbimiz Subhanahu va Taolo bizga bilmaydiganlarning yo‘liga ergashmasligimizni aytayotgan bo‘lsayu, nega G‘arbu Sharqqa yuzlanib, Allohning Kitobidagi va Rosuli ning Sunnatlaridagi ahkomlarini tark qilyapmiz?! Bas, keling, ey musulmonlar, yuzaki fikrlashni, ongsiz va fikrsiz taqlid qilishni tashlaylik endi. Axir, faqat bizgina insonlar uchun chiqarilgan eng yaxshi Ummat bo‘lsak, birovlar chizib bergan yo‘ldan yuruvchilar emas, balki odamlarga yurishlari uchun yo‘l chizib beruvchilar bo‘lsak?!
Roya gazetasining 2022 yil 11 yanvar chorshanba kungi 425-sonidan