«Qambarota-1 GES» bo‘yicha kelishuv imzolandi
Xabar: 6 yanvar kuni Qirg‘iziston Energetika vazirligida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston energetika vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Qirg‘iziston energetika vaziri Taalaybek Ibrayev, Qozog‘iston energetika vaziri Bolat Akchulakov va O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov «Qambarota-1» GES qurilishini muhokama qilib, loyiha barcha ishtirokchi mamlakatlar uchun adolatli va foydali bo‘lishi kerakligini ta’kidladilar. Shundan so‘ng, loyihani amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi kelishuvi imzolandi.
«Qambar-Ota-1» GES ni ishga tushirish muddati texnik-iqtisodiy asoslash (TIA) ishlab chiqilgandan keyin ma’lum bo‘ladi. Biroq, Taalaybek Ibrayev so‘zlariga ko‘ra, qurilishga tayyorgarlik allaqachon boshlangan.
«Qambar-Ota-1» GES qurilishi uchta qo‘shni davlat uchun foydali deb aytishimiz mumkin. Qirg‘iziston elektr energiyasini import qilmaydigan, aksincha eksport qiladigan davlatga aylanishi kerak. Qurilishga tayyorgarlik boshlab yuborildi. GES quvvati 1860 MVt ni tashkil etadi», – dedi Taalaybek Ibrayev.
O‘zbekiston va Qozog‘iston delegatsiyalari qo‘shma korxona tashkil etishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
«Qambar-Ota-1» GES loyihasi SSSR davrida ishlab chiqilgan edi. U Qirg‘izistondagi eng katta GES bo‘ladi. Uning qurilishi uchun taxminan 3 mlrd dollar sarflanishi kutilmoqda. Yangi GES ishga tushirilsa, yiliga 5,6 mlrd kVt⋅s elektr energiyasi ishlab chiqiladi.
Izoh: 2012-yili Qirg‘iziston va Rossiya hukumatlari “Qambarota-1” va to‘rtta GESdan iborat Yuqori Norin kaskadini qurish bo‘yicha kelishuv imzolagan edi. Biroq, 2016 yil avgust oyida Rossiya hozirgi iqtisodiy holatida kelishuvdagi yirik loyihalarni moliyaviy jihatdan ta’minlay olmasligini tan olganidan so‘ng Qirg‘iziston hukumati 31 dekabr kuni “Qambarota -1” va Yuqori Norin GES kaskadlarini qurish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha Rossiya bilan erishilgan kelishuvni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan va GESlarni qurilishiga sarflangan 37 million dollarni Rossiyaga qaytarib berish lozimligini bildirgan edi.
Sadir Japarov 2021-yil 11-12 mart kunlari Toshkentga qilgan safari chog‘ida “Qambaota-1” GESini hamkorlikda qurish borasida kelishuvga erishildi. Keyinchalik, qozoq hukumati ham ushbu loyihada ishtirok etish istagini bildirdi.
Ma’lumki, “Qambarota-1” GESi strategik ahamiyatga ega bo‘lib, qaysi davlat buni o‘z qo‘liga oladigan bo‘lsa birinchidan ulkan daromadga, ikkinchidan rasmiy hukumatga bo‘lgan ta’sirini oshirishga muvaffaq bo‘ladi. Shu sababli ham mintaqa davlatlari o‘zaro birlashib bu loyihani amalga oshirishga kirishishar ekan bu loyihalarda biror mustamlakachi davlat yoki mustamlakachilar quroli bo‘lgan xalqaro moliyaviy tashkilotlardan yordam olmay o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib barpo etishlari kerak. Aks holda yer usti va osti boyliklarimizni talon-taroj qilib kelayotgan mustamlakachi davlatlar “investor”lari bu loyiaga ham ega chiqishadi. Natijada huzurini ular ko‘rib, ziyoni va qarz yuki xalq zimmasida qolaveradi.
Abdurahmon Odilov