بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Savolga javob
Sudandagi doiraviy bitim
Savol: 2022 yil 5 dekabr kuni Sudan armiya qo‘mondoni, suveren kengash rahbari va uning o‘rinbosari bilan 52 siyosiy partiya va uyushmalar o‘rtasida doiraviy bitim imzolandi. Respublika saroyida bo‘lib o‘tgan hamda Sudan televideniyesi va ommaviy axborot vositalari orqali namoyish etilgan ushbu bitim umumiy saylovlar sari ikki yillik o‘tish davri hukumati uchun yo‘l ochadi. Mazkur bitim xalqaro nazorat, xususan Amerika, Britaniya va bitimga bosh-qosh bo‘lgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining vakili nazorati ostida imzolandi. Biroq bu bitimga qarshi chiqqanlar ham bor. 2022 yilning 8-9 dekabr kunlari bitimga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Savol shuki, bu bitim nimani anglatadi va kimning manfaati uchun amalga oshirilmoqda? Bitimga qarshiliklar haqida nima deyish mumkin? Bitimning davom etishi kutiladimi?
Javob: Ushbu savollarga javob berish uchun quyidagilarni ko‘rib chiqamiz:
Birinchi: Bitim matnlari:
1 – Bitimning birinchi qismida «Sudan ko‘p madaniyatli, ko‘p millatli va ko‘p dinli mamlakat» deb ko‘rsatilgan. Biroq, ma’lumki, Sudan aholisining 96 foizdan ortig‘i Islom diniga e’tiqod qiladi. Shuning uchun ham qabilalar qancha ko‘p bo‘lishidan qat’i nazar, ularning dini va madaniyati yagonadir. Aslida bu bitim Islomni hayotdan, shuningdek, boshqaruv, iqtisod, maorif, ijtimoiy tuzum, jazo tizimi, ichki va tashqi siyosat, harbiy va sanoat siyosati kabi jamiyatning barcha hayotiy ishlarida Islomni tatbiq etish zaruratidan uzoqlashtirishga qaratilgan firibgarlik va aldovdir. Shu bois, bitimda «Sudan fuqarolik, demokratik, federal, parlamentar davlatdir. Boshqaruv xalqqa tegishli bo‘lib, u hokimiyat manbaidir», deyilgan. Bularning hammasi Islomga ziddir. Chunki u Sudanni fuqarolik davlatiga, ya’ni dinni hayotdan ajratuvchi va odamlarga qonun chiqarish huquqini beruvchi ilmoniy davlatga aylantiradi. Demokratiya hokimiyatni, manbasi Qur’on va Sunnat bo‘lgan shariatga bermaydi, balki qonun chiqarish huquqini insonga beradi. U mamlakatni federativ davlatga aylantiradi. Bu esa, Islomga zid boshqaruv tizimi bo‘lib, davlatni bo‘linishga va Sudan janubida bo‘lgani kabi mintaqalarning parchalanishiga yo‘l ochadi! Aftidan, bu bitim Sudandagi Islomning barcha asarlarini yo‘q qilishni maqsad qilganga o‘xshaydi. Chunki bitimdagi bandga ko‘ra, «Davlat hech kimga dinni majburlamaydi. U din, e’tiqod va vijdon masalalarida xolisdir. Bu esa, erkinliklarga va xalqaro inson huquqlari konvensiyalariga, xususan, ayollar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyalarga rioya qilishni kafolatlaydi». Ya’ni bitimni tuzgan taraflar bu musulmon yurtdagi musulmonlarni ataylab Islomdan uzoqlashtirishni rejalashtirishgan.
2 – Bitimning ikkinchi qismi quyidagi matnlarni o‘z ichiga oladi: «O‘tish davri vakolati to‘liq fuqarolik hokimiyatiga o‘tkaziladi… Faxriy vazifalarni bajaradigan prezident bo‘ladi… Ijroiy tabaqaga va shu bilan birga qonunchilik kengashiga bitimni imzolagan taraflar saylagan fuqarolik bosh vazir raislik qiladi. Xavfsizlik va mudofaa bosh vazir zimmasida bo‘ladi va bu muntazam tashkilot rahbarlari hamda Juba tinchlik bitimini imzolagan qurolli harakatlarni ham o‘z ichiga oladi». Bitimga ko‘ra «Armiya siyosatga hamda iqtisodiy, tijoriy va investitsiya faoliyatlariga aralashmaydi. Tezkor yordam kuchlar va qurolli harakatlar yagona, professional milliy armiyaga olib keladigan xavfsizlik va harbiy islohotlar rejasi doirasida integratsiya va demobilizatsiya komissiyasi tomonidan kelishilgan bitimlarga muvofiq armiya tarkibiga kiritiladi… Juba tinchlik bitimi amalga oshiriladi… Bitimni imzolamagan qurolli harakatlar bilan tinchlik bitimi oxiriga yetkaziladi». Yana bitimga ko‘ra, «Konstitutsion komissiya nazorati ostida va Sudanning barcha mintaqalari ishtirokida konstitutsiyaviy asoslar va masalalar bo‘yicha muloqot va bitimga erishish uchun keng qamrovli dastur ishlab chiqish jarayoni boshlanadi». Shuningdek, bitimda «Bosh vazir tayinlangan kundan boshlab, 24 oylik o‘tish davri oxirida keng qamrovli saylov jarayonini tashkil etish» belgilangan.
Ikkinchi: Mahalliy munosabatlar:
1 – Bosh shtab rahbari va Sudan suveren kengashi raisi Abdulfattoh Burhon imzo marosimidagi nutqida, «Va nihoyat biz harbiy tuzilmani siyosiy jarayondan uzoqlashtirishga va o‘tish davri oxirida saylovlar o‘tkazishga hamda doiraviy bitimda o‘rtaga tashlangan masalalarni amalga oshirishga qaror qildik… Mamlakat favqulodda vaziyatlarni boshdan kechirmoqda. Biz siyosiy va harbiy kuchlar o‘rtasida nomuvofiqlikni boshdan kechirdik. Bu mamlakatga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Armiyani har qanday partiya, guruh yoki mafkuraviy tarafkashlikdan xoli konstitutsiyaviy muassasaga aylantirishga harakat qilmoqdamiz», dedi. Uning o‘rinbosari Muhammad Hamdan Daglu bunday dedi: «Siyosiy doira bitimining imzolanishi Sudan davlati tarixida ajoyib yangi davrning boshlanishini anglatadi. Bitimning imzolanishi bilan hozirgi siyosiy krizisga chek qo‘yilishi va oldingi davrda yo‘l qo‘yilgan xatolarga yo‘l qo‘ymaydigan yangi o‘tish davriga tayyorgarlik ko‘rilishi umid qilinmoqda. 2019 yil avgust oyida o‘tish davri boshlanganidan beri uning tarkibiy qismlarida kelishmovchiliklar va 25 oktabrga olib kelgan noto‘g‘ri siyosiy harakatlar yuzaga keldi. Aynan siyosiy xato aksilinqilobiy kuchlarning qaytishiga eshik ochadi… Shu sababli, tuziladigan hukumatning ustuvor vazifalari Juba bitimini amalga oshirish, uni imzolamagan harakatlar bilan to‘liq tinchlik o‘rnatish, ko‘chirib yuborilganlar va qochqinlarni o‘z uylariga qaytarish uchun harakat qilish hamda yurt va qochqinlar muammolarini hal qilishga qaratilishi kerak. (SUNA axborot agentligi, 2022 yil 5 dekabr). Bu bitim Burhon va uning o‘rinbosari boshchiligidagi harbiy rahbariyat hamda ularning atrofidagilarni o‘zlari tushib qolgan og‘ir vaziyatdan qutqaradi. Chunki odamlar ularning hokimiyatini rad etganliklari sababli ular endi hech qanday ichki dastakka ega bo‘lmay qoldilar. Shuningdek, bu bitim harbiy rahbariyatga – sodir etgan jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilishdan himoya qiladigan – daxlsizlik huquqini beradi va ularning jazodan qutulishlariga imkon yaratadi. Zero, ular mamlakat ishlarini boshqara olmadilar va uning muammolarini hal qila olmadilar. Qo‘lidan kelgan birdan-bir ishlari, Umar Bashir hokimiyatdan ag‘darilganidan so‘ng, mamlakatda Amerika ta’sirini saqlab qolish bo‘ldi. «Ozodlik va o‘zgarish kuchlari» deb ataluvchi kuchlar va hukumatni tashkil qilgan partiyalar ham mamlakat ishlarini boshqarishda, uning muammolarini hal etishda va xalqning minimal hayotiy ehtiyojlarini qondirishda muvaffaqiyat qozona olmadilar. Ular qilgan yagona ish mamlakatdagi Britaniya ta’sirini saqlab qolish va rejimning tubdan o‘zgarishiga qarshi turish bo‘ldi.
2 – Bu bitimga qarshi chiqqanlar bo‘ldi. Ular 2022 yil 8-9 dekabr kunlari bitimni rad etib, namoyish o‘tkazdilar. Ulardan ba’zilari Jibril Ibrohim boshchiligidagi Adolat va Tenglik Harakati, Minni Arko Minaviy boshchiligidagi Sudan Ozodlik Harakati hamda mustamlakachi Britaniyaga tobe Erkinlik va o‘zgarish kuchlari bilan ittifoq tuzgan ba’zi siyosiy partiyalar kabi Ummat va Sudan xalqiga nisbatan sodiq va samimiy bo‘lmagan muxolif kuchlardir. Britaniya o‘zi uchun qaytish chizig‘ini va parallel muxolafat sifatida harakat qiluvchi kuchlarni shakllantirdi. Agar bitim muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, bu kuchlar muxolafatning tarkibiy qismlari sifatida harakat qiladi va o‘zlarining josusliklarini yashirib, amerikalik yoki ingliz malaylari hukmronligidan qochib qutula olmayotgan xalqqa rahbarlik qilish uchun harakatga keladi. Shunday qilib, odamlar biridan qutulsa, ikkinchisining tuzog‘iga tushadi va shunday davom etaveradi. Mamlakatga rasmiy mustaqillik berilgan va mustamlakachi kuchlar harbiy jihatdan chiqib ketgan kundan buyon siyosiy, fikriy, iqtisodiy va boshqa-boshqa sohalarda mustamlakachilik davom etib kelmoqda.
3 – Ba’zilar bu bitim mamlakat boshqaruvidagi surunkali krizisni hal qiladi deb o‘ylamoqda. Ushbu krizis hokimiyatni siyosiy kuchlarga topshirish va harbiylarni boshqaruv va siyosatdan uzoqlashtirish uchun harbiylar va siyosatchilar o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyatdir. Imzolangan bitim esa, malaylar o‘rtasida mansab talashish bo‘yicha yuzaga kelgan kelishmovchilikdan boshqa narsa emas. Bu bitim birinchi navbatda Sudan boshdan kechirayotgan va inqilobga sabab bo‘lgan iqtisodiy muammolarni hal qilmaydi. Shuningdek, boshqaruv muammosini ham hal qilmaydi. Chunki u Sudanda buyuk davlatlar foydasiga faoliyat qilayotgan malaylar o‘rtasidagi kurashdir. Bitim bu va bundan boshqa muammolarni ham hal qila olmaydi. Chunki u dinni hayotdan, davlatdan va jamiyatdan ajratish kabi buzuq va xurofiy asosga qurilgan. Bundan tashqari, bu bitim tashqi kuchlarga ergashayotgan noxolis siyosiy kuchlar bilan harbiylar o‘rtasidagi vaqtinchalik murosa yechimidir. Bundan oldingi o‘tish davrida ham tomonlar o‘rtasida bitim imzolanib, 25 oktabrdagi davlat to‘ntarishi bilan yakunlangan edi. Chunki masala fuqarolik hukumatini tuzish yoki tuzmaslik masalasi emas va u hech narsani hal qilmaydi… Uning muvaffaqiyatli bo‘lishiga kafolat yo‘q. Chunki tomonlar bir-birini kuzatib turibdi va har bir tomon bir-biriga qarshi kurashayotgan buyuk davlatlar tarafidan boshqariladi.
Uchinchi: Xalqaro munosabatlar:
1 – Amerika bitimni yuqori baholadi. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken 2022 yil 6 dekabr kuni o‘zining tvitterdagi sahifasida shunday deb yozdi: «Bu fuqarolar boshchiligidagi o‘tish davri hukumatini shakllantirish va o‘tish davri uchun konstitutsiyaviy tartiblarni amalga oshirish yo‘lida qo‘yilgan birinchi muhim qadamdir». 2022 yil 6 dekabr kuni AQSH davlat departamentining o‘z veb-sayti orqali bergan bayonotida «Sudandagi fuqarolik partiyalari va harbiylarning yakuniy bitimga erishish va hokimiyatni fuqarolik boshchiligidagi o‘tish davri hukumatiga topshirishdan oldin hal etilmagan masalalar bo‘yicha inklyuziv dialoglarga kirishish rejalarini qo‘llab-quvvatlaymiz», deyiladi. AQSH davlat departamenti o‘z bayonotida bitimni buzishga uringanlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilishidan ogohlantirib, shunday dedi: «Bugun vazirlik Sudanning amaldagi yoki sobiq amaldorlariga nisbatan yoki inson huquqlari va asosiy erkinliklarni bostirish orqali Sudanning demokratik o‘tish jarayoniga putur yetkazishdan javobgar yoki sherik deb ko‘rilgan shaxslarga nisbatan vizani cheklash siyosatini kengaytirishga qaror qildi». Bu bitim Sudanda o‘z nufuzini saqlab qolish va malayi Abdulfattoh Burhon va uning yordamchisi Muhammad Daglu va boshqalar boshchiligidagi amerikaparast harbiy hokimiyatning qulashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Amerika nazarida muhim qadamdir. Xususan, Burhon va Daglu bir yarim yil avval 2021 yil 25 oktabrda fuqarolik hukumatiga qarshi davlat to‘ntarishi uyushtirib, 2019 yil 21 avgustda tomonlar o‘rtasida imzolangan o‘tish davri jarayonini to‘xtatib qo‘ygan edi. Bitimga ko‘ra, 21 oy davomida suveren kengashiga askarlar raislik qilishi va undan so‘ng 18 oy davomida fuqarolik boshqaruvi raislik qilishi shart edi. 2020 yil 3 oktabrdagi Juba bitimidan so‘ng o‘tish davri 53 oyga uzaytirildi. Biroq, 2021 yil 25 oktabrdagi davlat to‘ntarishi ingliz malaylariga imkoniyat bermadi va suveren kengashga raislik qilishlariga to‘sqinlik qildi… Bu so‘nggi bitim Amerika malaylarini qulashdan va jinoiy javobgarlikka tortilishdan qutqaradi. Shuningdek, Amerikaning Sudandagi ta’sirini saqlab qoladi va siyosiy muhitni nazorat qiluvchi ingliz malaylarining har yerda hukmronlik qilishiga to‘sqinlik qiladi.
2 – Britaniya ham Afrika ishlari va xalqaro taraqqiyot bo‘yicha vaziri Endryu Mitchell orqali bitimni olqishlaganini e’lon qildi va shunday dedi: «To‘rtlik guruhi va Troyka davlatlari Sudanda fuqarolik yetakchiligida tuzilgan ayni bitim yo‘lida tashlangan muhim qadamni olqishlaydi. Britaniya bunday hukumat tashkil etilganidan keyin u bilan yaqindan hamkorlik qilishni intiqlik bilan kutmoqda va biz barcha ishtirokchilarni yakuniy bitimga erishish uchun zudlik bilan birlashishga chaqiramiz». (https://alsudantoday.com, 2022 yil 6 dekabr). «Sudandagi yakuniy bitimni kechiktirishning dahshatli oqibatlari» haqida ogohlantirgan Britaniyaning xavfsizlik kengashidagi vakili Jeyms Kariuki bunday dedi: «Birlashgan Qirollik fuqarolik boshchiligidagi o‘tish davri hukumati tuzilganidan keyin unga muhim iqtisodiy yordam ko‘rsatishni muvofiqlashtirish uchun xalqaro hamkorlar bilan ishlamoqda. Sudandagi xavfsizlik holati ham zaifligicha qolmoqda. Biz Moviy Nil va G‘arbiy Kordofandagi zo‘ravonliklardan chuqur xavotirimizni yana bir bor ta’kidlaymiz». (https://www.sudanakhbar.com, 2022 yil 6 dekabr). Britaniya ham Amerika kabi Sudanga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashib, bitimni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Chunki u BMTdagi maxsus vakili orqali Qo‘shma Shtatlar bilan birgalikda bitimni tuzish va ishga tushirishni nazorat qilganlar qatorida edi. Britaniya asosan o‘z malaylaridan iborat bo‘lishi kutilayotgan fuqarolik hukumatini qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi. U bu bilan hokimiyatni qo‘lga olish hamda armiyaning boshqaruv va siyosatdagi ta’sirini susaytirish uchun siyosiy muhitda o‘z ta’sirini saqlab qoldi.
To‘rtinchi: xulosa shuki, Sudandagi ushbu voqealar ko‘rib chiqilsa, undagi xalqaro mojaro o‘zgarmaganligi ayon bo‘ladi. To‘g‘rirog‘i, bu mojaro Burhon, uning o‘rinbosari va guruhini nazorat qilayotgan AQSH bilan Britaniya malaylari va tobelaridan iborat «Ozodlik va o‘zgarish kuchlari» va u bilan ittifoq tuzgan partiyalar o‘rtasidagi yashirin bo‘lmagan ochiq kurashdir. Chunki har ikki tomon, ya’ni Amerika va Britaniya shu paytgacha harbiy va fuqarolik tarkibiy qismlarida o‘z ta’sirini kengaytira olmadi. Shuning uchun ham Amerika va Britaniya Bashir qulashining boshida bo‘lgani kabi kelishib olishdi. Bu kelishuv 25 oktabrda ziddiyat kuchaygungacha davom etdi. Mana endi ular yana bir bitimga erishdi! Bu bitim vaqtinchalik bitim bo‘lib, ikki tomondan biri to‘liq harbiy va fuqarolik ta’sirga ega bo‘lgunga qadar davom etadi… Burhon boshqaruvni qo‘lga olgandan boshlab biz ayni shu narsaga va «to‘ntarish» amalga oshishiga ishora qilib, bu borada nashr qilgan ikkita savolga javob nashrimizda bunga e’tibor qaratgan edik:
1 – Biz 2019 yil 23 sentyabrda nashr qilingan savolga javob nashrimizda, ya’ni taxminan boshqaruvda ikki partiyaning ishtiroki boshlangan paytda, harbiy komponentning fuqarolik komponenti bilan hokimiyatni bo‘lishish borasida tuzgan kelishuvi haqida bunday degan edik: «Kutilayotgan narsaga kelsak, AQSH va Britaniya tinch-totuv yashay olmaydi. Chunki ularning manfaatlari va ularga tobe bo‘lgan mahalliy vositalari bir-biridan farqlidir. Shuning uchun tomonlar bir-birlarining harakatlarini buzishga harakat qilishadi! Joriy voqealarni kuzatish, ularning oqibatlari haqida fikr yuritish va tashqi va mahalliy, ayniqsa Amerika va Yevropa rasmiylarining bayonotlarini sinchkovlik bilan o‘rganish orqali aytish mumkinki… har ikki tomon o‘z raqibini ta’qib qilish, bosim o‘tkazish va hokimiyatdan mahrum qilish uchun quyidagi vositalardan foydalanishi mumkin…» Biz o‘sha vositalarni savolga javob nashrimizda bayon qilib o‘tgandik va haqiqatan ham shunday bo‘ldi.
Undan keyin, 2021 yil 25 oktabrdagi savolga javob nashrida biz shunday dedik: «Xoh Amerika malaylari tomonidan olib borilayotgan iflos usullar bo‘lsin, xoh Britaniya va Yevropa malaylari tutayotgan yovuz yo‘nalishlar bo‘lsin, bularning barchasi Sudanda zulm, ochlik, krizislar va qon to‘kilishlarning asl sababchisidir. Shuning uchun Sudan xalqi o‘z ahvolini anglab, Amerika, Britaniya va Yevropaga malay bo‘lgan va Sudan xalqining qoni va qadriyatlarini kofir davlatlar xizmatiga qo‘ygan bu omadsiz hukmdorlardan yuz o‘girishi lozim. Bu malay hukmdorlarga qarshi qat’iyat ko‘rsatishi va saflarini birlashtirishi kerak».
2 – Bitimning davom etishi va amalga oshirilishi haqidagi savollarga kelsak, bu shubhali. O‘zi bu bitim mamlakatni qutqaradimi? Bunday bo‘lishi aslo mumkin emas. Chunki bu bitim yolg‘onga asoslangan bo‘lib, vaqtinchalik bitim tuzgan mustamlakachi davlatlarning ishidir. Shuningdek, bitim faqat kursi va mansab uchun qayg‘uradigan, moliyaviy daromadlarini himoya qilish va ko‘proq pul topish haqida o‘ylaydigan malaylar o‘rtasida imzolangan bitimdir. Mamlakat va xalq muammolari, yurt taraqqiyoti, uning mustamlakachilik bo‘yinturug‘i va mustamlakachilar changalidan ozod bo‘lishi ularni qiziqtirmaydi. Ular aslida rivojlanish yo‘lini ham bilishmaydi. Chunki ular o‘z ta’sirini fikriy va siyosiy jihatdan mamlakatda mustahkamlashga harakat qilayotgan mustamlakachilar manfaati uchun harakat qilmoqdalar. Bu mustamlakachilar, xususan Amerika va Britaniya Sudanda o‘z ta’sirini kengaytirish uchun kurash olib bormoqda. Tashqi davlatlar aralashuvi hech kimga sir emas. Chunki bitim Respublika saroyida imzolanganda xorijliklar ham ishtirok etishdi. Bundan tashqari, bitimni tayyorlagan shaxs ham chet el fuqarosidir. Mazkur bitimni Sudandagi xalqaro mojaroning sababchilari bo‘lgan amerikaliklar va inglizlarning bevosita nazorati ostida «To‘rtlik» va «Troyka» nomidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining maxsus vakili tayyorladi. To‘rtlik – bu Amerika va malayi Saudiya Arabistoni bilan Britaniya va malayi Birlashgan Arab Amirligidir. Amerika mahalliy partiyalarga ta’sir o‘tkazish va pora berish uchun o‘z malayi Saudiya Arabistonidan foydalansa, Britaniya o‘z nomidan shunga o‘xshash ishlarni qilish uchun Birlashgan Arab Amirligidan foydalanadi. Troyka – bu Amerika, Britaniya va Yevropa nomidan Norvegiyadir. Norvegiya faqat kerak bo‘lganda va maxfiy muzokaralar olib borilganda ta’sirga ega. Asosan maxfiy muzokaralar maxfiy bitimlarni tuzish bilan mashhur bo‘lgan Norvegiya poytaxti Osloda olib boriladi. Amerika bitimni buzganlarga qarshi sanksiyalar qo‘llash bilan tahdid qilgan bo‘lsa, Britaniya bitim muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda dahshatli oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirdi.
3 – Bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan AQSH va Buyuk Britaniyani xursand qilishga uringan Germaniyaning BMTdagi vakili Folker Pertesga kelsak, u bitim muvaffaqiyatsizligidan ogohlantirdi. Pertes BMT Xavfsizlik Kengashidagi brifingida shunday dedi: «Sudan yakuniy siyosiy bitimga yaqinlashar ekan, siyosiy yechimni o‘z manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi, deb hisoblaganlar, o‘zlarining davom etayotgan siyosiy jarayonga putur yetkazadigan urinishlarini kuchaytirishi mumkin» (www.alrakoba.net, 2022 yil 8 dekabr). Bu bitim tomonlar o‘rtasidagi vaqtinchalik bitimdir. Bu charchagan jangchilar dam olish uchun imzolagan «vaqtdan yutish» bitimiga o‘xshaydi. Biroz vaqt o‘tib, tomonlardan biri ikkinchisini mag‘lub qilguncha, jang yana boshlanadi. Birinchi tomon ikkinchisi ustidan g‘alaba qozonsa, mag‘lub tomon taslim bo‘lmaydi, mamlakatning sharqida, g‘arbida, shimolida, janubida va poytaxtida muammo tug‘diraveradi. Chunki u yerlarda uning josuslik qurilmalari mavjud. Yurt bulardan tozalanmasa, ahvol osoyishta bo‘lmaydi. Odamlar o‘z umidlariga erisha olmay, go‘zal, munosib hayotni totmaydilar, natijada dunyo va oxirat saodatini qo‘ldan boy beradilar. Shu bois, har bir insof va ixlosli kishining vojib vazifasi Rosululloh ﷺning bashorati bo‘lgan Payg‘ambarlik minhoji asosidagi roshid Xalifalikni barpo etish yo‘lida harakat qilayotganlar bilan jiddiy va sidqidildan faoliyat olib borishdir.
«ثُمَّ تَكُونُ خِلَافَةٌ عَلَى مِنْهَاجِ النُّبُوَّةِ»
«Keyin Payg‘ambarlik minhoji asosidagi Xalifalik bo‘ladi». (Ahmad rivoyati).
﴿وَيَوْمَئِذٍ يَفْرَحُ الْمُؤْمِنُونَ * بِنَصْرِ اللَّهِ يَنْصُرُ مَنْ يَشَاءُ وَهُوَ الْعَزِيزُ الرَّحِيمُ﴾
«O‘sha kunda mo‘minlar Alloh nusrat bergani sababli shodlanurlar. (Alloh) O‘zi xohlagan kishiga nusrat berur. U qudrat va rahm-shafqat egasidir» [Rum 4-6]
17 jumodulavval 1444h
11 dekabr 2022m