To‘g‘ri minhoj asosida faoliyat qilayotgan zaifhollarga atalgan mukofot

240
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

To‘g‘ri minhoj asosida faoliyat qilayotgan zaifhollarga atalgan mukofot

Shayx Isom Amira

Alloh Taolo aytadi:

﴿وَنُرِيدُ أَنْ نَمُنَّ عَلَى الَّذِينَ اسْتُضْعِفُوا فِي الْأَرْضِ وَنَجْعَلَهُمْ أَئِمَّةً وَنَجْعَلَهُمُ الْوَارِثِينَ * وَنُمَكِّنَ لَهُمْ فِي الْأَرْضِ وَنُرِي فِرْعَوْنَ وَهَامَانَ وَجُنُودَهُمَا مِنْهُمْ مَا كَانُوا يَحْذَرُونَ﴾

«Biz u yerda xorlangan kishilarga marhamat qilishni, ularni (xor-bechoralikdan chiqarib, barchaga) peshvo zotlarga aylantirishni va ularni (Fir’avn mulkining) vorislari qilishni istaymiz. Yana ularni o‘sha yerda barqaror qilib, Fir’avn va (uning vaziri) Homonga hamda ikkovining lashkarlariga (Banu Isroil) tomonidan o‘zlari qo‘rquvchi bo‘lgan narsani (ya’ni mulku-davlatlari qo‘llaridan ketib, hukmu-saltanat Banu Isroil qavmining qo‘liga o‘tishini) ko‘rsatib qo‘yishni (istaymiz)»           [Qasos 5-6]

Yana bunday dedi:

﴿وَعَدَ اللَّهُ الَّذِينَ آمَنُوا مِنكُمْ وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ لَيَسْتَخْلِفَنَّهُم فِي الْأَرْضِ كَمَا اسْتَخْلَفَ الَّذِينَ مِن قَبْلِهِمْ وَلَيُمَكِّنَنَّ لَهُمْ دِينَهُمُ الَّذِي ارْتَضَى لَهُمْ وَلَيُبَدِّلَنَّهُم مِّن بَعْدِ خَوْفِهِمْ أَمْنًا يَعْبُدُونَنِي لَا يُشْرِكُونَ بِي شَيْئًا وَمَن كَفَرَ بَعْدَ ذَلِكَ فَأُوْلَئِكَ هُمُ الْفَاسِقُونَ﴾

«Alloh sizlardan imon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlarga xuddi ilgari o‘tgan zotlarni (yer yuziga) xalifa qilganidek ularni ham yer yuzida xalifa qilishni va ular uchun O‘zi rozi bo‘lgan (Islom) dinini g‘olib-mustahkam qilishni hamda ularning (ahvolini) xavfu xatarlaridan so‘ng tinchlik-xotirjamlikka aylantirib qo‘yishni va’da qildi. Ular Menga ibodat qilurlar va Menga biron narsani sherik qilmaslar. Kim mana shu (va’da)dan keyin kufroni (ne’mat) qilsa, bas ular fosiqlardir»         [Nur 55]

Juda ko‘plab tafsir ulamolari ushbu oyatlarga tushunmovchilikka umuman o‘rin qoldirmaydigan tarzda izoh berganlar. Ushbu izohda shar’iy o‘zgartirish tariqatiga muvofiq faoliyat qilayotgan zaifhol mo‘minlarning taqdiri albatta Xalifalik, g‘oliblik va xavfsizlikdan iboratligini aytganlar. Zaifhollarni kamsitib, masxaralagan va quvg‘in qilgan mutakabbirlarning taqdiri halokat bo‘lishi va mamlakatlari vayron etilishini, albatta zaifhollar qo‘lida xorlik va rasvolik bilan tamomlanishini, bu Alloh Subhanahu va Taoloning va’dasi va amri hamda zaifhollar bilan mutakabbirlarga qo‘ygan o‘zgarmas qonuni ekanini… hammasini bayon qilganlar.

Tepadagi oyat haqida mufassirlar tafsiridan qisqacha keltiramiz:

1 –       Tafsiri muyassar: «Fir’avn tomonidan o‘sha yerda zaifhol etilgan zotlarga Biz fazl-marhamat etishni, ezgulik yetakchilari va da’vatchilari qilishga hamda Fir’avn halok bo‘lganidan keyin yer yuzining vorislariga aylantirishni istaymiz».

2 –       Tafsiri Sa’diy: «Ulardan zaiflikni ketkazamiz, ularga qarshi kurashganlarni halok etib, qarshi chiqqanlarni xor qilamiz. ﴿وَنَجْعَلَهُمْ أَئِمَّةً﴾ «ularni peshvo zotlarga aylantirish» dinda bo‘lsa, ﴿وَنَجْعَلَهُمُ الْوَارِثِينَ﴾ «vorislar qilish» yer yuzidadir, bu zotlar oqibatlarini oxiratdan oldin bu dunyodayoq ko‘radilar».

3 –       Vasiti Tantoviy: «Keyin Haq Subhanahu istak va hikmati taqozo etgan ishlarni, ya’ni zolim qavmga qilgan tahdidini – ular har qancha ehtiyot bo‘lishmasin, saqlanishmasin – albatta amalga oshirishini hamda mazlumlarni barcha og‘ir zulmlarni boshdan kechirganlaridan so‘ng qutqarishini bayon qildi».

4 –       Tafsiri Bag‘aviy: «﴿وَنَجْعَلَهُمْ أَئِمَّةً﴾ «ularni peshvo zotlarga aylantiramiz» bu ergashiladigan ezgulik yetakchilariga aylantirish, demakdir. Qatoda voliylar va podshohlarga aylantirish, degan».

5 –       Tafsiri Ibn Kasir: «Alloh Taolo buni zaifhollar qo‘li bilan qildi. Allohning hukmi va qalami Fir’avnning halokatga uchrashi Musoning qo‘li bilan bo‘lishini bitib qo‘ygan. Hatto (ey Fir’avn) sen paydo bo‘lishidan qo‘rqib, u sababli minglab ota-onalarni qirg‘in qilganing o‘sha bola sening to‘shagingda o‘sib-ulg‘aydi, sening oziq-ovqatingdan yedi, sen uni erkalatib, tarbiya qilding, ammo sening o‘liming, halokating va askarlaring halokati shu bolaning qo‘li bilan bo‘ldi… Buni, Parvardigorning har ishga qodir, har ishda g‘olib ekanini, kuch-qudrati cheksizligini, U nimani istasa, bo‘lishini, nimani istamasa, bo‘lmasligini bilib qo‘yishing uchun qildi».

6 –       Tafsiri Qurtubiy: «Ya’ni biz ularga fazlimiz va in’omimizni qilib, peshvo zotlarga aylantiramiz. Ibn Abbos – Ezgulik yetakchilari, voliy va podshohlar, dedi. Mujohid esa – ezgulikka chaqiruvchilar, dedi».

7 –       Tafsiri Tabariy: «Ushbu kalomning ma’nosi shuki, ma’lumki, Fir’avn yer yuzida tug‘yonga tushib, Banu Isroil doxil yer ahlidan bir toifasini parchalab, zaifhol qilgan. Shuning uchun Alloh Taolo Biz Fir’avn zaifhol qilgan Banu Isroilga marhamat qilishni, va ularni peshvo zotlarga aylantirishni istaymiz, demoqda».

8 –       Tafsir ibn Oshur: «Marhamat qilishni to‘rt narsaga xosladi: ularni peshvolarga aylantirish, vorislarga aylantirish, yer yuzida g‘oliblarga aylantirish va ularning qo‘li bilan Fir’avn podshohligini yo‘q qilish».

Ikkinchi oyat haqida mufassirlar tafsiridan qisqacha keltiramiz:

1 –       Tafsiri muyassar: «Alloh imon keltirgan va solih amallar qilganlarga, xuddi ulardan oldingi Alloh va rosullariga imon keltirganlarni qilgani kabi, mushriklar yerini vorislari va u yerning xalifalari qilishni va’da qildi. Hamda qachon ular Allohning o‘ziga ibodat qilib, itoat qilishdan burilmay, Unga hech narsani sherik qilmasalar, ularga Islom dinini din qilib berishni va xavf-xatarli hollarini xavfsiz tinch holatga o‘zgartirishni ham va’da qildi».

2 –       Tafsiri Sa’diy: «Bu Allohning samimiy va’dalaridan biri bo‘lib, uning talqiniga ham, xabariga ham guvohlik mavjud. Ushbu Ummatdan kimda-kim imon keltirsa va solih amal qilsa Alloh ularni yer yuziga xalifa qilishni va’da qildi. Ya’ni ushbu va’da bo‘yicha, ular yer yuzining xalifalari bo‘lib, yerning ishlarini boshqaradilar. Alloh ularga o‘zi rozi bo‘lgan dinni-Islomini g‘olib qiladi, ularning xatarli ahvollarini tinch holatga almashtiradi».

3 –       Vasiti Tantoviy: «Bu oyatning oqimi Allohning rostgo‘y mo‘minlarga hech xilof qilmaydigan va’dasidan iboratdir».

4 –       Ibn Kasir: «Bu Alloh Taolodan Rosuli ﷺga sizning Ummatingizni yer yuziga xalifa qilaman, degan va’dasidir. Ya’ni ular odamlarga imom-peshvo va voliylar bo‘lib, ular bilan yurtlar tuzaladi-obod bo‘ladi va ularga butun insonlar tiz cho‘kib-itoat qiladilar».

5 –       Tafsiri Bag‘aviy: «Ya’ni Alloh ularni arabu ajam doxil kofirlar yeriga voris qilishni, ularni yer yuzining podshohlari, siyosatchilari va aholisiga aylantirishni va’da qildi. Va’da qilib va’dasini bajardi, dinini g‘olib qildi, avliyo-do‘stlariga nusrat berdi va ularni xavfdan keyin xavfsizlik va kenglikka almashtirdi».

6 –       Tafsiri Ibn Kasir: Bu Alloh Taolodan Rosuli ﷺga sizning Ummatingizni yer yuziga xalifa qilaman, degan va’dasidir. Ya’ni ular odamlarga imom-peshvo va voliylar bo‘lib, ular bilan yurtlar tuzaladi-obod bo‘ladi va ularga butun insonlar tiz cho‘kib-itoat qiladilar, odamlar xavfli holatdan xavfsiz va hukmronlik holatga ko‘chiriladilar».

7 –       Tafsiri Qurtubiy: «Ibn Arabiy aytadi: biz ularga aytdikki, bu Allohning Payg‘ambarlikni, Xalifalikni berish hamda dinni va umuman shariatni barpo qilish to‘g‘risida bergan va’dasidir. Alloh ulardan har birini O‘zining qadari bilan va har birining holatiga qarab va’dasini bajardi. So‘ng Ibn Arabiy kalomi oxirida dedi: Haqiqatda ular mazlum-mag‘lub edilar, so‘ng g‘olibga aylandilar, qidiruvda edilar, so‘ng qidiruvchilarga aylandilar. Bas, bu xavfsizlik va azizlikning cho‘qqisidir».

8 –       Tafsiri Tabariy: «Bu ularni arabu ajam doxil mushriklar yeriga voris qilish hamda yer yuzining podshohlari va siyosatchilariga aylantirish uchundir».

Biroq, ushbu qonun har bir zaifhol kishiga joriy bo‘lmaydi. Balki zaifhol kishi imon keltirgan va to‘g‘ri minhoj bo‘yicha o‘zgarish uchun amal qilayotgan kishi bo‘lishi shart. To‘g‘ri minhoj Alloh Azza va Jallaning o‘z Rosuli ﷺga Makkadaligi paytida qilgan vahiysi bo‘lib, unda Quraysh tog‘utlariga, ularning botil aqidalariga, zalolatli ibodatlariga va xato muomala-munosabatlariga qarshi kurashishni vahiy qildi. Bu vahini ul zotga va ul zot bilan uyushma sifatida birga yurgan musulmonlarga qator buyruq va taqiqlar doirasida yubordi. Zero, ushbu buyruq va taqiqlar da’vat amalining kalitlaridan bo‘lib, u «إقرأ» «o‘qing» kalimasidan boshlanib, «أنْذِرْ» «ogoh eting», «قُمْ» «turing», «أعْرِضْ» «yuz o‘giring», «اخْفِضْ» «tavoze qiling», «تَوَلَّ» «bosh torting», «طَهِّرْ» «poklang», «اهْجُرْ» «tark qiling» va boshqa kalimalargacha davom etdi va oxiri Madinai Munavvaraga hijrat qilish buyrug‘iga yetib keldi… U yerda da’vat nusrat-yordam bilan mustahkam bog‘lanib, birinchi Islom davlati barpo bo‘ldi… Ana shunda musulmonlar xalifa qilish, g‘olib qilish, xavfsiz qilishdek va’da qilingan mukofotga noil bo‘ldilar. Bu o‘zgarmas qonun bo‘lib, ulardan keyin ham minhoj bo‘yicha amal qilgan har bir zaifhol mo‘minga ato etildi, bundan keyin ham – No‘mon ibn Bashirdan rivoyat qilingan jobir-zolim podshohlikdan keyin Payg‘ambarlik minhoji asosidagi Xalifalik kelishi to‘g‘risidagi hadisda kelgani kabi – albatta bu mukofotga noil bo‘linadi.

Biz ham bugungi kunda Allohning izni ila ushbu minhoj asosida harakat qilib, kofirlar va ularning yordamchilari ozorlariga sabr qilib, Alloh va Rosulining va’dasini kutib turibmiz. Toki, hukm qiluvlarning ustasi bo‘lmish Alloh biz bilan kofirlar va ularning yordamchilari orasida hukm qilib bersin hamda ushbu da’vatga xuddi xazrajliklardek kuch-qudrat ahlini chiqarib berib, bu bilan da’vatimiz go‘yo uchinchi Aqaba bay’atida bo‘lgani kabi qudrat ahli bilan mustahkamlanib, Payg‘ambarlik minhoji asosidagi ikkinchi roshid Xalifalik barpo bo‘lsin. Ey olamlar Parvardigori, ushbu kunni yaqin qil, bizni o‘sha kunning shohid va askarlaridan ayla.

Roya gazetasining 2022 yil 14 dekabr chorshanba kungi 421-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.