بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Allohning nusrat haqidagi va’dasi ro‘yobga chiqishidan oldin keladigan sinovlar va nusrat belgilari
(Ikkinchi halqa)
Ustoz Muhammad Jome (Abu Ayman)
Hizb ut-Tahrirning Sudan viloyatidagi
rasmiy notig‘i yordamchisi
Shubhasiz, nusrat Alloh Taoloning nusrat va yordam berishiga chuqur ishonadigan sobir bandalariga nozil bo‘ladi. Ular sinov va mashaqqatlar qanchalar bo‘lmasin, Alloh Subhanahuning yorug‘ kunlari yaqinligiga va ularga ma’lum vaqtdan keyin bo‘lsa ham albatta yordam berishiga ishonchda bo‘lganlari uchun aslo iztirobga tushmaydilar. Ular har qancha balo, musibat va torliklarga uchrasalar ham taslim bo‘lmaydilar. Manfaatlariga qanchalar ziyon yetmasin o‘z prinsiplaridan voz kechmaydilar. Chunki ularning asl manfaatlari Robbilari rizosiga yetishish hamda Islom ahkomlari va shariati tatbiq bo‘ladigan zamonda yashashdir. Ular qanchalik muhtojlikka uchrasalar ham, bir burda non topguncha qanchalar tanglik va azob-uqubatlarni ko‘rsalar ham, yo‘ldan ozdiruvchi va chalg‘ituvchi narsalar har qancha ko‘p bo‘lsa ham, o‘z masalalari borasida hargiz savdolashmaydilar. Shuncha qiyinchilikka qaramay, sobit turadilar va o‘zlarining taqdiriy masalalariga yordam berish uchun kunlarni tunlarga ulab faoliyatni davom ettiradilar. Ogoh bo‘lingki, ularning taqdiriy masalalari Parvardigorlari hukmi va shariatini tatbiq qilib, Islom bayrog‘ini ko‘tarib chiqadigan Xalifalik davlatini barpo etish orqali Allohga qullik qilishdir. Ana o‘shalar, shubhasiz, nusrat xushxabari berilgan va zafaru yutuqni qo‘lga kirituvchi zotlardir. Allohim bizni ham o‘shalardan qil, ya Robbal alamin.
Bugun dunyo bo‘ylab musulmonlarga qarshi kofirlarning ochiq hujumlarini ko‘rish bizni qayg‘uga soladi. Islomiy yurtlardagi hukmdorlar ular bilan uyalmasdan oshkora til biriktirishmoqda. Ular Islom va musulmonlarga qarshi urushda kofirlar bilan bir safda turishga qaror qilishdi. Allohning bizga bo‘lgan mehribonchiligi tufayli bizning saf ulardan ayri albatta. Lekin bu kurashda xolis mo‘minlarga sinov tobora kuchayib, sabotga bo‘lgan ehtiyoj ayni bosqichda tobora ortib bormoqda. Albatta bu sabot ortidan Alloh Subhanahuning izni ila, fath va ochiq nusrat keladi. Mana, yahudiylar Falastin ahliga qarshi dushmanlik va tajovuz sur’atini kuchaytirishyapti. Ko‘chib kelib joylashgan yahudiylar to‘dasi Aqso masjidiga bostirib kirib, masjid haramida qurbonlik va ibodatlarini ado etmoqchiligini har kuni e’lon qilishyapti va (Isroil) askarlari himoyasida, istagan ishini provokatsion tarzda amalga oshirishyapti. Ular bilan Misr, Iordaniya, Suriya va Turkiya kabi islomiy yurtlar hukmdorlari til biriktirishmoqda. Amirliklar yahudiylarning bu jinoyatlariga gijgijlayotgan bo‘lsa, Saudlar oilasi rejimi shar’iylik tusini berib kelishmoqda. Sudan kabi qolgan musulmon yurtlari hukmdorlari esa, itoatgo‘ylik ko‘rsatib, yashirin va oshkor bordi-keldi qilishyapti. Ba’zi musulmon ulamolari sukut qilish va ko‘z yumishni lozim tutishayotgan bo‘lsa, ba’zilari dinni va din yo‘lida to‘kilgan qonlarni hamda nomuslarni hurmat qilmay, yuzsizlik va nomussizlik pozitsiyasini egallab, bosqinchilarga tiz cho‘kish va ular bilan munosabatlarni normallashtirishga da’vat qilib yotishibdi!
Ikki tomonlama standartlarni qarang: bir tomondan Falastindagi jinoyatlarga sukut qilinsa, ikkinchi tomondan Ukrainadagi urushga hamdardlik bildirilyapti… Bu global munofiqlikdan boshqa narsa emas!
Xuddi shu manzarani Xitoydagi uyg‘ur musulmonlariga nisbatan ham ko‘rish mumkin. Masalan, BMTning inson huquqlari bo‘yicha bo‘limi tomonidan 2022 yil 3 avgustda chiqarilgan hisobotda «Xitoyda inson huquqlari jiddiy poymol qilinayotgani, Sharqiy Turkiston musulmonlariga qarshi sodir etilayotgan ayrim amaliyotlar insoniyatga qarshi jinoyat darajasiga ko‘tarilgan»i aytiladi. (Al-Jazira, 2022 yil 9 sentyabr).
BMTning inson huquqlari bo‘yicha komissiyasining 2018 yil avgustdagi hisobotiga ko‘ra, Xitoy milliondan ziyod uyg‘ur musulmonni Sharqiy Turkiston viloyatidagi maxfiy lagerlarga qamab qo‘ygan. U 1949 yildan beri egallab kelayotgan ayni viloyatda uyg‘ur musulmonlarni «reabilitatsiya lagerlari»da saqlab kelmoqda. Shu bilan birga, ularga nisbatan majburiy mehnat va majburiy sterillash (bepushtlik) amaliyotlarini qo‘llayapti. Avstraliya Strategik siyosat institutining payshanba kuni chiqargan hisobotiga ko‘ra, Sharqiy Turkistonda Xitoy hukumatining siyosati sababli 2017 yildan beri Sharqiy Turkistonda taxminan 16 mingta masjid buzib tashlangan yoki ularga zarar yetkazilgan.
Musulmon yurtlaridagi pastkash hukmdorlarning Islom va musulmonlarga qarshi kurashayotgan dushmanlar tomonida turishni afzal ko‘rishi ham afsuslanarli, ham achinarli hol. Mana, 2021 yilda Xitoyning uyg‘ur musulmonlarga nisbatan qilmishlarini 62 davlat – ulardan aksari islomiy yurtlar va Afrika yurtlari – to‘g‘ri deb himoya qilgan. Bu 62 nafar davlat imzolagan bayonotda aytilishicha, bu davlatlar «inson huquqlari bahonasida Xitoyning ichki ishlariga aralashishga hamda yolg‘on ma’lumotlarga va Xitoyga qarshi siyosiy sabablarga asosan uni qoralashga» qarshi ekanliklarini bildirganlar.
Shubha yo‘qki, bugungi kunda Islom Ummati boshdan kechirayotgan voqelik alamlidir. Islom Ummatini birlashtiradigan nizom yo‘q bo‘lgani uchun barcha xalqlar unga qarshi yirtqichlardek tashlanmoqda. Shuning uchun musulmonlarni himoya qiladigan Payg‘ambarlik minhoji asosidagi roshid Xalifalik davlatini barpo etish uchun sabot bilan turib, o‘zgartirishga harakat qilmoq lozim.
Darhaqiqat, nusratning sobit turish va sinov-imtihonga sabr qilish ortidan kelishi to‘g‘risida ko‘plab oyatlar kelgan. Jumladan Alloh Taoloning ushbu kalomi:
﴿وَلَنَبْلُوَنَّكُمْ بِشَيْءٍ مِنَ الْخَوْفِ وَالْجُوعِ وَنَقْصٍ مِنَ الْأَمْوَالِ وَالْأَنْفُسِ وَالثَّمَرَاتِ وَبَشِّرِ الصَّابِرِينَ * الَّذِينَ إِذَا أَصَابَتْهُمْ مُصِيبَةٌ قَالُوا إِنَّا لِلَّهِ وَإِنَّا إِلَيْهِ رَاجِعُونَ * أُولَئِكَ عَلَيْهِمْ صَلَوَاتٌ مِنْ رَبِّهِمْ وَرَحْمَةٌ وَأُولَئِكَ هُمُ الْمُهْتَدُونَ﴾
«Va albatta sizlarni xavfu xatar, ochlik, molu jon va meva-chevalarni kamaytirish kabi narsalar bilan imtihon qilamiz. Biror musibat kelganda: «Albatta biz Allohning (bandalarimiz) va albatta biz u zotga qaytguvchilarmiz», deydigan sobirlarga xushxabar bering (ey Muhammad). Ana o‘shalarga Robbilari tomonidan salovot (mag‘firat) va rahmat bordur. Ana o‘shalar haq yo‘lni topguvchilardir» [Baqara 155-157]
Alloh Taolo Islom yo‘lida nafaqat qimmatli narsalarini, hatto jonlarini bergan sahobai kirom roziyallohu anhular haqida ahzob surasida bunday deydi:
﴿مِنَ الْمُؤْمِنِينَ رِجَالٌ صَدَقُوا مَا عَاهَدُوا اللَّهَ عَلَيْهِ فَمِنْهُم مَّن قَضَى نَحْبَهُ وَمِنْهُم مَّن يَنتَظِرُ وَمَا بَدَّلُوا تَبْدِيلاً﴾
«Mo‘minlar orasida o‘zlari Allohga bergan ahdu paymonlariga sodiq bo‘lgan kishilar bor. Bas ulardan ayrimlari o‘z ahdiga vafo qildi, (ya’ni shahid bo‘ldi), ulardan ayrimlari esa (shahid bo‘lishga) intizordir. Ular (munofiqlarga o‘xshab Allohga bergan ahdu paymonlarini) o‘zgartirganlari yo‘q» [Ahzob 23]
Aslida, imon ahlining og‘ir sinov vaqtida egallagan ushbu pozitsiyasi yer yuzidagi har bir tog‘utga; imon ahli o‘z imonini g‘olib qilish va insonlarga haqni yetkazish yo‘lida har qancha musibatlarga duch kelsa ham, albatta nusrat quchajak, degan mazmunda yo‘llangan noma o‘rnidadir. Ha, ular botilga «yo‘q», zolimga «zulmdan to‘xta», deganlari uchun nusrat quchadilar. Mo‘minlar egallagan pozitsiya mana shudir. Ulardan ba’zilari ulamolar, ba’zilari harbiylar, yana ba’zilari oddiy insonlar. Buni ularga o‘rgatgan esa, payg‘ambarlari, yetakchilari Muhammad ﷺdir. Ul zot sobit turib, da’vatlarida savdolashmadilar, masalalarida yaltoqlik qilmadilar. Vaholanki, savdolashishning ming turi bor edi, mashaqqat yuksak, bosimlar qattiq, yordamchi va ko‘makchi insonlar juda oz edi, Alloh Taolodan o‘zga yordamchilari yo‘q edi. Ha, qodir Alloh quyidagi so‘zlarni naqadar to‘g‘ri so‘zladi:
﴿وَاللَّهُ يَعْصِمُكَ مِنَ النَّاسِ﴾
«(Ey Muhammad) Alloh sizni odamlardan (ularning ziyonidan) asraydi» [Moida 67]
﴿إِنَّ اللَّهَ يُدَافِعُ عَنِ الَّذِينَ آمَنُوا إِنَّ اللَّهَ لا يُحِبُّ كُلَّ خَوَّانٍ كَفُور﴾
«Albatta Alloh iymon keltirgan zotlarni mudofaa qilur, albatta Alloh barcha xoin va kufroni ne’mat qilguvchilarni sevmas» [Haj 38]
Bugun biz Payg‘ambarlik minhoji asosidagi roshid Xalfalik davlatini barpo etish orqali Islomni yer yuzida g‘olib qilish ishida sabotga juda muhtojmiz. Biz Robbimizga imon keltirgan, ushbu ishimizning to‘g‘riligiga inongan, ahd-paymonimizda kuchli, irodamiz sinmaydigan, himmatimiz doimo baland holda sobit turmog‘imiz kerak. Azmu-qarori kuchli bo‘lgan mo‘minga, nega Alloh nusrat bermasin?!
(Davomi bor).
Roya gazetasining 2022 yil 9 noyabr chorshanba kungi 416-sonidan