Bola huquqlarini himoya qilish qonuni

140
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Bola huquqlarini himoya qilish qonuni

Ustoz Ravla Ibrohim

Bo‘ynimizga bolalarimizni omonat qilib, ularga odob berish va tarbiyalash vazifasini yuklagan Allohga hamd bo‘lsin. Alloh Taolo bunday dedi:

﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا قُوا أَنفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَاراً وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ عَلَيْهَا مَلَائِكَةٌ غِلَاظٌ شِدَادٌ لَّا يَعْصُونَ اللَّهَ مَا أَمَرَهُمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ﴾

«Ey mo‘minlar, sizlar o‘zlaringizni va ahli-oilalaringizni o‘tini odamlar va toshlar bo‘lgan do‘zaxdan saqlangizki, u (do‘zax) ustida qattiqdil va qattiqqo‘l, Alloh o‘zlariga buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat o‘zlariga buyurilgan narsani qiladigan farishtalar turur»

                [Tahrim 6]

Qurtubiy o‘zining tafsirida aytadiki, Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu ushbu oyat haqida so‘ralganda «ularga odob beringlar, ilm o‘rgatinglar», degan. Qatoda bunday tafsir qiladi: «Ularni Allohga itoat qilishga buyuring, Allohga osiylik qilishdan qaytaring, zimmalariga Allohning ishini yuklang va unga amal qilishga buyuring, bu ishda ularga yordam bering. Agar Allohga biror osiylikni ko‘rsangiz, ularni tiyib, tanbeh bering».

Bu va boshqa so‘zlar aytilgan paytda Xalifalik mavjud bo‘lib, ta’lim tizimi, ta’lim siyosati, odob-axloq qonunlari va jazo choralari islomiy edi. Bolalar islomiy muhitda o‘sib-ulg‘ayardi. Shunday bo‘lsa-da, otalar va onalarning bevosita roli muhim bo‘lib, uni e’tiborsiz qoldirish mumkin emas. Chunki farzandlar uchun eng birinchi g‘amxo‘r ota-onadir, bolalar ta’sirni birinchi o‘shalardan oladi. «Ota-ona bilganini qilar, farzandlar ko‘rganini», deydilar. Albatta, bu ta’lim siyosatini belgilovchi tuzum va qonunning rolini qadrlamasligimizni anglatmaydi. Chunki qonun maktab va jamiyatdagi bolalar tarbiyasini nazorat qiladi. Bolalarni tarbiya qilib o‘stirishda ota-ona har qancha sa’y-harakat qilmasin, agar tuzum, qonun va ta’lim siyosati ularning fikr va tuyg‘ulariga uyg‘un bo‘lmasa, qilgan sa’y-harakatlari behuda ketadi. Demakki, qonun hokimiyati oila boshlig‘i hokimiyatidan, jamiyat ta’siri oila ta’siridan kuchli.

Xalifalik davlati qulatilgandan to bugungi kungacha oila bilan jamiyat o‘rtasidagi kurash kuchayib bormoqda. Hatto ayni damgacha oilaning jamiyatdan g‘olib kelganligi biror marta ham qayd etilmagan. Aksincha, barcha ko‘rsatkichlar qadriyatlarning tobora sur’at bilan qulayotganini ko‘rsatmoqda. Buning boisi shundaki, jamiyat oila rag‘batlari bilan emas, balki qonun kuchi bilan harakatlanadi. Bugungi kunda ahvol shu darajaga yetdiki, inson tabiatiga adovat qiluvchi qonunlar ishlab chiqila boshladi. Bu qonunlar musulmon oila tushunchalariga zid kelib, oilada saqlanib qolgan eng so‘nggi qadriyatlar va diniy iboralarni ham sug‘urib tashlamoqchi. Iordaniyada va Falastin ma’muriyati hududlarida ham yaqinda shunday bo‘ldi, bola huquqlarini himoya qilish, degan qonun qabul qilindi. Vaholanki, aslida bu qonun bolalarni buzadi, miyalariga G‘arbning mafkuraviy zaharlarini joylab, ularga oila va axloqning har qanday jilovini uzib tashlaydigan g‘arbcha ma’rifatni beradi.

Ayni qonun bilan yaqindan tanishishni istagan kishi uning bandlariga murojaat qilishi mumkin; uni qabul qilgan deputatlarning aqldan ozganiga, o‘z qo‘llari bilan o‘g‘il-qizlarini halokatga tashlayotganiga guvoh bo‘ladi…, farzandlarni ota-onalardan va aka-opalaridan qonun kuchi bilan sug‘urib olishga, na dini bor va na axloqi bor oilalarga topshirishga tayyorgarlik ketayotganini ko‘radi! Ha, deputatlar qonunga ovoz berish bilan shunday jinoyat ko‘chasiga kirishdi. Hasbunalloh va ne’mal vakil!

Bu va bunga o‘xshagan qonunlarni keskin rad etish Payg‘ambarlik minhoji asosidagi ikkinchi roshid Xalifalikni barpo etish orqali musulmonlarni aziz qilish uchun faoliyat olib borayotganlar bilan birga harakat qilish bilan bo‘ladi. Chunki Xalifalik musulmonlar uchun hayotiy manfaat va u ijro qiluvchi organ bo‘lgani bois, ularning taqdiriy masalalari hisoblanadi. Ijro qiluvchi organ odamlar o‘rtasidagi fikr, tuyg‘u va tuzum birligidan kelib chiquvchi munosabatlarni mabda manfaati asosida muhofaza qiladi. Aynan Xalifalik hayotni o‘z oqimiga solib, ishlarni o‘z o‘riniga qo‘yadi. Aynan Xalifalik farzand, oila va jamiyatni vayron etayotgan qonunlarning qabul qilinishiga chek qo‘yadi va hayotimizga oqib kelayotgan shiddatli G‘arb tushunchalari to‘lqinini to‘xtatib, unga qarshi kurashadi. Ammo Xalifalik barpo etilgunga qadar, har bir ota-onadan ushbu zahri qotil qonunni qoralash uchun muboh bo‘lgan har qanday uslub-vositalar bilan jiddiy harakat qilmoq hamda farzandlari dillariga Xalifalikni barpo etishga harakat qilish ruhini joylamoq talab qilinadi. Toki, o‘g‘il-qizlarida tub mafkuraviy o‘zgarish paydo bo‘lsin, xuddi Muhammad Fotihning onasi va Salohiddinning onasi va o‘sha davrlardagi boshqa onalar qilishgani kabi.

Rivoyat qilinishicha, Salohiddin Ayyubiyning onasi besh yoshli Salohiddin o‘g‘lining mahalladagi qizaloqlar bilan «kelin-kuyov» o‘ynashayotganini ko‘rib qoladi… Jahldan yuzlari qip-qizargan ona Salohiddinni sudrab kelib, kaltaklaydi va bunday deydi: «Bolam, men seni shuning uchun tug‘dimmi! Men seni (qilich bilan otga ishora qilib) mana bularni o‘ynashing va katta bo‘lganingda Aqso masjidini ozod etishing uchun tug‘ganman. Allohga qasamki, otang kelsa unga albatta sendan shikoyat qilaman». Ota kelib, bolasini balandga ko‘taradi va «men onang bilan birga Quddusi Sharifni fath qiladigan bola o‘stirishga ahd-paymon qilganmiz», deydi va bolani o‘zining bo‘yi barobaricha balandlikdan pastga tashlaydi… Salohiddin o‘rnidan turib, ustini qoqayotganda ota «yomon yiqildingmi?», deb so‘raydi. «Yomon yiqildim», deydi. «Nega yig‘lamading?», deb so‘raydi. Shunda Salohiddin «Quddusning fotihi aslo yig‘lamasligi kerak», deb javob qiladi. Salohiddin o‘sib ulg‘aygach, o‘n beshta jangga kirishgan va ulardan eng muhimi Hittin va Quddus ozodligi bo‘lgan. Ha, Muhammad Fotihning onasi ham bunday der edi: «Ey Muhammad, mana, Rosululloh ﷺ musulmonlarning qo‘li bilan fath etilajagini bashorat qilgan Konstantinopol… Men har narsadan buyuk va har ishga qodir Allohdan ushbu fath sening qo‘ling bilan bo‘lishini so‘rayman. Shunda bola «qanday qilib bunday katta shaharni fath qilish mumkin, onajon», deb so‘raydi. Shunda ona «Qur’on, hokimiyat, qurol va insonlarni yaxshi ko‘rish bilan fath qilish mumkin, ey o‘g‘lim», deb javob qilgan.

Yo Alloh, biz O‘zingdan so‘raymiz, o‘g‘illarimiz va qizlarimizni O‘zing yaxshi ko‘rgan va istagan ishga hidoyat qil, ularni sening itoatingda, go‘zal ibodatingda tarbiyalashimizda bizga yordam ber, boshimizdagi hukmdorlar zulmini ko‘tar, zaharli qonunlari zo‘ravonligidan bizni qutqarib, ularning o‘rniga, Sening Kitobing va Rosuling Sunnati asosida hukm yuritishi uchun bay’at qiladiganimiz odil imom-xalifa bilan bizni ikrom et. Ikrom etki, avvalgi o‘tgan peshqadam avlodlar kabi, oramizdan ulug‘ligimizni qaytaradigan, Islom va musulmonlar izzatini barpo etadigan avlodlar yetishib chiqsin… Bu Senga hargiz mushkul emas.

Roya gazetasining 2022 yil 9 noyabr chorshanba kungi 416-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.