Narxlar oshishi haqida feyk xabar tarqatganlar jazolanadi

40
0

Narxlar oshishi haqida feyk xabar tarqatganlar jazolanadi

Xabar: Qirgʼiziston ichki ishlar vaziri Ulan Niyazbekov oziq-ovqat va zaruriy mahsulotlar narxi oshishi haqida yolgʼon maʼlumot tarqatgan shaxslarni aniqlash va javobgarlikka tortish haqida topshiriq berdi.
Vazir bu mamlakat iqtisodiy darajasini saqlab qolish va barqarorligini taʼminlash uchun zarur, deb hisoblaydi. Ushbu masalani har bir rahbar oʼz nazoratiga olishi boʼyicha topshiriq berilgan. Shu bilan birga, Ulan Niyazbekov ichki ishlar xodimlari qaerda yolgʼon maʼlumot borligi va haqiqiy narx oshishi qanday ekanini aniqlashi boʼyicha masalaga aniqlik kiritmadi.
Bundan tashqari, u IIV mutasaddilariga prezidentning hududlardagi vakillari va mahalliy hokimiyat organlari bilan birgalikda oziq-ovqat mahsulotlari narxini sunʼiy ravishda oshirish, oziq-ovqat va qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini xorijga olib chiqib ketishni taqiqlovchi xavfsizlik choralari boʼyicha ish rejalarini tasdiqlash haqida topshiriq berdi.
Shuningdek, vazir ogʼir iqtisodiy vaziyatdan foydalanib, kontrabanda, jismoniy shaxslarning noqonuniy boyib ketishining oldini olish boʼyicha keng koʼlamli ishlarni amalga oshirish boʼyicha koʼrsatmalar berdi.
“Bugun Qirgʼiziston xalqi oʼrtasida keng koʼlamli maʼrifiy ishlarni olib borish zarur. Xavotirga hech qanday asos yoʼqligini, mamlakat barcha iqtisodiy sinovlarga tayyorligini, omborlarda oziq-ovqat, qishloq xoʼjaligi mahsulotlari zaxirasi yetarli ekanligini tushuntirish kerak”, – deya xulosa qildi Ulan Niyazbekov.

Izoh: Soʼnggi oylarda Qirgʼizistonda oziq-ovqat maxsulotlari narxi keskin qimmatladi. Un, oʼsimlik yogʼi, shakar, keyinchalik boshqa maxsulotlar narxining keskin oshishi xalq ichida vahima keltirib chiqardi. Rasmiy hukumat bu holatni “asosiy savdo-hamkor davlatlardagi iqtisodiy vaziyat” bilan oqlashga harakat qildi. “Hamkor davlatlar” valyutasini keskin qadrsizlanishi milliy valyuta somga ham oʼz taʼsirini koʼrsatdi. Som ham rubl ortidan oʼz qadrini yoʼqotdi. Va bir АQSh dollari 100 somdan oshib ketdi. Tovarini dollar kursiga qarab sotadigan “tadbirkorlar” ham narxni oshirishdi. Natijada oziq-ovqat maxsulotlari narxi ham oshdi. 24-fevralga qadar bir qopi (50 kg) 1700-1800 som boʼlgan qozoq uni 2200 somdan oshgan boʼlsa, bir litri 140-150 som boʼlgan oʼsimlik yogʼi 200 somga chiqdi, shakar esa 100 somga yetdi. Oradan vaqt oʼtib, dollar kurs pastlab, hatto 24-fevral kunigacha boʼlgan kursdan ham pastga tushib ketgan boʼlishiga qaramay oziq-ovqat maxsulotlari narxi tushmadi.
Bu oʼrinda rasmiy hukumat har bir tarmoqni, shu jumladan, oziq-ovqat maxsulotlarini monopoliya qilib olgan “tadbirkorlarga” qarshi kurashish, yangi hamkorlar topish, mamlakatda taqchil boʼlgan maxsulotlarni olib kelish oʼrniga, odamlarni narx oshishidan noroziligini bostirishga, qoʼrqitishga harakat qilmoqda. Goʼyoki, Qirgʼizistonda narx oshmagan, hamma narsa risoladagidek. Hukumat odamlarni “ogʼzini yopish” orqali oʼzi tushib qolgan iqtisodiy vaziyatni berkitmoqchimi yoki odamlarning hukumatga nisbatan ortib borayotgan noroziligini qoʼrqtish orqali pasaytirishga harakat qilmoqdami?
Аslida bunday holatda talab va taklif oʼrtasidagi muvozanatni tiklash zarur. Islom dini narxlarning haddan tashqari qimmatlashib ketishini oldini olish borasida eng toʼgʼri yechimlar bergan. Buning uchun avvalo, hech bir soha monopoliya qilib olinishiga yoʼl qoʼyilmaydi. Yurtning ichki imkoniyatlaridan oqillik bilan foydalanib, qishloq xoʼjaligi mahsulotlari yetishtirishni koʼpaytirish uchun keng sharoitlar yaratib berish kerak. Fabrika va zavodlar ochishga, ularni xom-ashyo bilan yetarli darajada taʼminlashga katta eʼtibor beriladi. Аgar shundan keyin ham taqchillik yuzaga kelsa, narxlar arzonlashmasa chetdan mahsulot olib kelish orqali taqchillikni zarur darajada kamaytirish yoki tugatishga harakat qilinadi. Bu oʼrinda “asosiy savdo-hamkorlarning” qosh-qovogʼiga qarab oʼtirilmaydi.

Аbdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.