Yana 163 million kishi qashshoqlar safidan oʻrin oldi
Oksfam xalqaro yordam tashkiloti Kovid-19 epidemiyasi davrida dunyodagi eng badavlat 10 kishining umumiy boyligi ikki barobarga koʻpaygani va buning muqobilida qashshoqlarning soni yanada ortganligi haqida yangi hisobotini eʼlon qildi. Hisobotga koʻra, Ochlik, sogʻliqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyati cheklanganligi hamda iqlim oʻzgarishi va zoʻravonlik tufayli yuzaga kelgan insoniy inqirozlar tufayli dunyoda har 4 soniyada 1 kishi halok boʻlmoqda. Shuningdek, dunyo boʻylab insonlarning topayotgan daromadlari kamayganligi tufayli eng qashshoq insonlar orasidan har kuni 21000 kishi hayotdan koʻz yummoqda.
Oksfamning Buyuk Britaniyadagi rahbari Denni Sriskandarajahning aytishicha, Covid-19 paytida ish yerlarining yopilishi tufayli 163 million kishi qashshoqlik chegarasida yashaydigan insonlar safidan oʻrin olgan.
“Yuz berayotgan hodisalar miqyosini tasavvur qilish qiyin. Pandemiya tufayli deyarli har kuni bir milliarder paydo boʻlayorgan boʻlsa, ayni paytda xalqaro savdo va xalqaro turizm kamaygani tufayli 99 % dunyo aholisining ahvoli yomonlashmoqda. Oqibatda 160 million odam qashshoqlar safiga qoʻshildi”, “Bizning iqtisodiy tizimlarimizda (kapitalizmda) nimadir juda notoʻgʻri”, “Bizning adolatsiz iqtisodiy tizimlarimiz olamiy inqiroz payti badavlat insonlar boyliklarining ortishiga tasavvur qilib boʻlmaydigan darajada hissa qoʻshdi, ammo kambagʻallar bilan ishi boʻlmadi”, deydi Oksfam rahbari Denni Sriskandarajah.
Izoh: Oksfam xalqaro yordam tashkiloti bu hisoboti bilan kapitalizmning yaroqsizligi tufayli yuzaga kelayotgan inqirozni pandemiyaga yuklamoqchi boʻlyapti. Oksfam rahbari Denni Sriskandarajah daʼvo qilayotganidek, “kapitalizmning iqtisodiy tizimida nimadir juda notoʻgʻri” emas, balki tag-tubidan notoʻgʻridir. Chunki u notoʻgʻri asos ustiga qurilgan.
Toʻgʻri, pandemiya kapitalizmning inqirozini biroz tezlashtirgan va uning yaroqsiz tuzumligini insonlar koʻziga biroz yorqinlashtirgan boʻlishi mumkin, ammo kapitalizm inqirozining asosiy sababi oʻzining tabiatidan kelib chiqadi. Yaʼni kapitalizm tuzumi boylarning yanada boyishiga va kambagʻallarning yanada qashshoqlashishiga yoʻl ochadi. Chunki bu tuzumda yer yuzidagi resurslarni insonlar orasida toʻgʻri taqsimlash mexanizmi mavjud emas. Yer yuzidagi boyliklarni taqsimlash “bozor iqtisodiyoti”ga tashlab qoʻyilgan boʻlib, davlat faqat mulk erkinligini himoya qilishdan javobgardir. Bunday holatda keng itkoniyatga ega boʻlgan oz sonli insonlar barcha resurslarni qoʻlga kiritib, qariyib 90% aholi bundan mahrum boʻlib qolaveradi.
Yuqorida aytilgan har “4 soniyada 1 kishi halok boʻlishi va ogʻir iqtisodiy sharoitga tushib qorayotgan insonlarning kundan kunga koʻpayib borishi”dan kapitalizmning javobgar ekani inkor qilib boʻlmaydigan haqiqatdir. Odamlar ochlikdan yoki sogʻliqni saqlash xizmatidan foydalanish imkoniyati yoʻqligidan oʻlayotgan bir paytda dunyo boyligini egallab olgan boylar oʻz boyliklariga boylik qoʻshish bilan ovora. Kapitalizm tuzumi aynan mana shu oz sonli kapitalistlarning tuzumidir. Shuning uchun ular bu tuzumning qulashiga tish-tirnogʻi bilan qarshi chiqmoqdalar.
Qiyomuddin Sharif