Xitoy Markaziy Osiyo davlatlariga 500 million dollar yordam bermoqchi

62
0

Xitoy Markaziy Osiyo davlatlariga 500 million dollar yordam bermoqchi

Xitoy rahbari Si Tszinpin Markaziy Osiyo davlatlariga Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston iqtisodiyoti va xavfsizligini mustahkamlash uchun uch yil davomida 500 million dollar yordam koʻrsatishga vaʼda berdi.

25 yanvar kuni Pekin va Markaziy Osiyoning beshta respublikasi oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligiga bagʻishlangan “Markaziy Osiyo-Xitoy” onlayn sammitida soʻzlagan nutqida Si Tszinpin mablagʻlar “aholining turmush tarzi bilan bogʻliq loyihalarga” yoʻnaltirilishini aytdi.

Xitoy rahbari, shuningdek, joriy yilda mintaqadagi besh mamlakatga 50 million dozada COVID-19 vaktsinasini taqdim etishga vaʼda berdi. Si Tszinpin Pekin vaktsina ishlab chiqarish texnologiyalarini baham koʻrishi mumkinligini ham qoʻshimcha qildi.
Xabar: Markaziy Osiyo mintaqasi ustidan mustamlakachi davlatlarning nufuz talashishi tobora qizib bormoqda. Rossiya harbiy, AQSh (Gʻarb) siyosiy va saqofiy, Xitoy esa iqtisodiy tomondan kirib kelish yoʻllarini qidirmoqda. Yanvar oyi boshida Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan qonli fojealarni Rossiya oʻz manfaatlari tomonga burib, garchi tashkilot ustaviga toʻgʻri kelmasada KXShT orqali aralashishi orqali boshqa raqib davlatlariga mitnaqada harbiy jihatdan aralashish imkoni yoʻqligini namoyish qildi. Bu orqali Rossiya bir tomondan NATOni sharqqa kengaymaslik va possovet respubikalari hisobiga ham oʻz aʼzolari sonini koʻpaytirmaslik boʻyicha qoʻygan talablariga berilgan rad javobiga javob berdi.
Xitoy esa hozircha mintaqaga harbiy yoki saqofiy jihatdan daʼvogarlik qilmayotgan boʻlsada, iqtisodiy ekspansiyasini toʻxtatgani yoʻq. Bugungi kunda mintaqa davlatlarining tashqi qarzlarida ham Xitoyning ulushi katta. Bu davlatlar tashqi qarzining asosiy qismini Xitoydan olishgan. Chunki, Xitoy Gʻarb davlatlaridan farqli ravishda qarz berayotganida demokratik qadriyatlar yoki inson huquqlari borasida hech qanday talab qoʻymaydi. Bu mintaqadagi mustabid rejimlar uchun ayni muddaodir. Bundan tashqari Xitoy mintaqa davlatlarga investitsiya kiritish boʻyicha ham yetakchilikning bermay kelmoqda. 2020-yilgi rasmiy hisoblarga koʻra, AQShning Markaziy Osiyoga kiritgan investitsiyasi hajmi 91 milliard AQSh dollarini tashkil etgan boʻlsa, 2017 yilgacha Xitoy mintaqaga 300 milliard dollardan ziyod sarmoya yoʻnaltirgan. Rossiya esa sobiq ittifoq parchalanganidan beri mintaqaga 20 milliard dollarlik investitsiya kiritgan. Tabiiyki bunday holat mintaqa davlatlarini borgan sari Xitoyga iqtisodiy qaram qilib bormoqda. Qarzni qaytarish muddati kelganda esa Xitoy qarzni naqd pul koʻrinishida emas, balki tabiiy boyliklar va yer hisobidan qaytarib olmoqda. Masalan, 2003 yilda Qirgʻiziston Xitoyga 161 km², shu jumladan strategik ahamiyatga ega Uzongu-Kuush darasini berdi. 2011-yilda Tojikiston Xitoyga 1158 km² Pomirning togʻli hududlarini va Yuqori Qumargʻ oltin konini, shuningdek, bir qator neft va koʻmir konlarini qarzlari evaziga topshirdi. Shuningdek, Xitoy turli xil “begʻaraz” yordamlar orqali mintaqa davlatlarini oʻziga koʻproq bogʻlab olmoqda…

Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.