Kecha aytdi, bugun qaytdi
Turkiyada dollar kursining keskin koʻtarilib-tushishi va buning natijasida kelib chiqqan narxlardaki beqarorlik jamoatchilik orasida norozilikka sabab boʻldi. Kapitalistik fikrlar bilan sugʻorilgan “Turkiya hunarmandlar va ishbilarmonlar” uyushmasi prezident Rajab Toyyib Erdogʻan yuritayotgan iqtisodiy siyosatga oʻz noroziligini ifodalab bayonot berdi. Uyushma oʻz bayonotida foiz stavkasi tushurilishini qoralab, prezidentni “Iqtisodiyot qoidalariga tezroq qaytish”ga chaqirdi. Uyushmaning mazkur bayonotiga keskin munosabat bildirgan prezident Erdogʻan hukm yuritishda Qurʼon va Hadisga tayanishini taʼkidladi.
“Nima emish, biz foiz stavkalarini tushirayotgan emishmiz. Mendan boshqa narsani kutmang. Musulmon sifatida nususlar (Qurʼon va Hadis) nimani talab qilsa, men shuni qilishda davom etaman. Bu hukmdir”, “Xoh bilsinlar, hoh bilmasinlar, Alhamdulillah, biz toʻgʻri yoʻldamiz.Chunki foiz boyni boy, kambagʻalni kambagʻal qiladi degan qoida biz uchun oddiy qoida emas”, dedi Erdogʻan.
Ammo oradan bir kun oʻtib, janob Erdogan Turkiya xalqini valyuta va oltinlarni turk lirasiga aylantirib, bankka qoʻyish bilan foizga targʻib qilib bayonot berdi. Agar olgan foizlari dollar koʻtarilishiga yetmasa, yetmay qolganini oʻzi toʻlashini vaʼda qildi. Bir kun avval “nususlar nimani talab qilsa, men shuni qilishda davom etaman”, degan Erdogan nususlar foizni harom qilganligini hech inobatga olmadi. Mana shundan “nususlar nimani talab qilsa, men shuni qilishda davom etaman”, deganda uning maqsadi foizlarni tubdan bekor qilishni emas, balki foiz stavkalarini pasaytirishni xuddi Islomning buyrugʻidek koʻrsatish ekanligi fosh boʻldi.
Voqelik shuni koʻrsatmoqdaki, Erdogʻanning dardi nususlarga amal qilish emas, balki musulmonlarning Islomiy tuygʻularni suiisteʼmol qilish orqali demokratik saylov qutilarida ovoz olishga erishishdir. Agar Erdogʻan nususlar (Qurʼon va Hadis) koʻrsatgan iqtisodni tatbiq qilishni chin koʻngildan xohlasa, nususlarga tayangan holda iqtisodning ikir-chikirigacha yoritib bergan Islom iqtisod nizomi mavjuddir. Qolaversa, ayni paytda malakkatda avjiga chiqqan fohishalik, zino, qimor, spirtli ichimliklar kabi nususlar qatʼiy harom qilgan ishlar Erdogan va uning jamoasi targʻib qilayotgan demokratiya, erkinlik, hurriyat tufayli avjiga chiqmoqda. Ammo rasmiy bayonotlarda bu haqida lom-mim deyilmaydi.
Qiyomuddin Sharif