Akayev hukumati Qumtorni qanday suisteʼmol qilgan?

89
0

Akayev hukumati Qumtorni qanday suisteʼmol qilgan?

Qirgʻizistonning sobiq prezidenti Askar Akayev 20-dekabrda “Moskovskiy komsomolets” gaxetasiga bergan intervьyusida Bishkekka borishi Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan kelishilganini maʼlum qildi.
Akayevning soʻzlariga koʻra, “unga nisbatan taʼqiblar toʻxtagan va barcha ishlar yopilgan. “Qumtor” haqida gapirar ekan, 2000-yillarda ular suisteʼmol qilib, atroq-muhitga katta zarar yetkazganini, baʼzi amaldorlar korruptsiyaga aloqador ekanligini” aytdi.
Bunga qadar vazirlar mahkamasi raisi Akilbek Japarov Qirgʻizistonning deyarli har bir prezidenti oʻz vakolatidan foydalanib Qumtordagi talon-tarojdan oʻz ulushini olib kelganini aytgan edi.
Akayevga 1992-yili “Qumtor” loyihasi boʻyicha bosh kelishuvni ishlab chiqish, 1994-yilda unga oʻzgartirishlar kiritish va 2003-yili “Kameko” kompaniyasi bilan bosh kelishuvni qayta tuzishda korruptsiya boʻyicha ayblov qoʻyilgan edi.
MXDQ “Qumtor ishi” boʻyicha, jumladan, Askar Akayevga oid tergov davom etayotgani va bu ish boʻyicha yangi ayblovlar qoʻyilganini maʼlum qildi. Shuningdek, “tergov yakunlari boʻyicha mazkur ishga aloqador shaxslarga tegishli huquqiy baho berilishini” aytdi. Ushbu bayonot rasmiy bahonadan boshqa narsa emasligini ish natijalari koʻrsatib turipti. Akayev qayerda yuripti-yu, bular nima deyishmoqda?
Muxolif siyosatchilar esa Akayevni kelib-ketishini Bakiyev va uning rejimini oqlash uchun boʻlgan harakat sifatida baholashmoqda. Aslida ishning asl mohiyati qayerda, demak soʻzni boshidan boshlaymiz.

Izoh: 1991-yili Chingiz Aytmatov taklifi bilan asli litvalik Kanada fuqarosi Boris Birshteyn prezident Akayevning maslaxatchisi boʻlib tayinlandi. Uning “Siabeko” nomli firmasi vositachiligida Qumtorni ishlatish kanadalik “Kameko” kompaniyasiga berildi. Kanada tomoni bilan muzokaralarni hukumat rahbari Nasridin Isanov olib borgan edi. Biroq, Isanov bilan Birshteyn oʻtirgan mashina halokatga uchrab, hukumat rahbari halok boʻldi. Birshteyn bilan xaydovchisi boʻlsa yengi jarohatlanib omon qolishdi. Bu sirli oʻlim xali ham jumboqligi boʻyicha qolmoqda. Shundan soʻng hukumat rahbari boʻlgan Tursinbek Chingishev 1992-yil 3-dekabrda “Kameko” bilan Bosh bitimga imzo chekdi. Natijada “Qumtor gold kompani” hissadaorlik jamiyati tuzildi. Uning aktsiyalarining uchdan bir qismi “Kameko” kompaniyasiga, uchdan ikki qismi esa Qirgʻiziston hukumatiga tegishli edi.
Qirgʻiziston bilan kanadaliklar 1993-yili Qumtor dastlabki bitimga erishgan vaqtda Direktorlar kengashida Qirgʻiziston vakillar raislik qildi. Biroq, investorlar konni ishlatuvchi “Qumtor Opereyting Kompani”ni tashkil etib, Direktorlar kengashida raislik qilgan qirgʻizistonliklar unga hech qanday taʼsir oʻtkaza olmay qoldi. 1994-yili kon qazish ishlarini texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqildi. Loyihada 276 mln. dollar sarflangan boʻlishiga qaramay, ish davomida 452 mln. dollar sarflandi deb, kanadaliklar 175 mln. dollardan ziyod mablagʻni oʻzlashtirib yuborishdi. Qoʻshma korxona qurishga 175 mln. dollar oshiqcha mablagʻ ketgani toʻgʻrisida mojaro chiqqanida “Kameko” ham, uning qirgʻizistonlik “advokatlari” ham pulni qayoqqa ketganini aniqlab bera olishmadi. Hammasidan qizigʻi, fabrika qurishga sarflandi deyilgan bu mablagʻ xorijiy bankdan 452 million AQSh dollari miqdorida foizli kredit sifatida olingan. Kreditni esa “Kameko” kompaniyasi bizning Qumtor konini garovga qoʻyib olgan. Keyin Qirgʻizistondan 1 tonna 800 kilogramm oltinni “kredit olish uchun garovga qoʻyiladi” degan bahona bilan Birshteynning shaxsiy samolyotida olib chiqib ketilib, shu boʻyicha tayinsiz yoʻqolgan. Oʻsha vaqtdagi “Kыrgыzaltыn” rahbarining aytishicha, mazkur oltin “torozi yoʻqligi sababli” tahminan oʻlchab berilgan. Yuqoridagi 452 mln. dollar qarz keyinchalik foizi bilan 650 mln. dollar qilib qaytarildi. Biroq, bu qarz kondan qazib olingan oltin hisobidan qaytarilgan boʻlsa-da fabrikadagi texnikalar Qirgʻiziston egaligiga oʻtmay qoldi.
Yuqoridagi qarzlar ado qilingunga qadar kanadaliklar loyihada belgilangan 14 tonnadan oshiqcha, yiliga 24-25 tonnadan oltin qazib olib, soliqsiz imtiyozli yillardan foydalanib qolishgan. Shunday qilib, Qumtor koni ish boshlagandan to 2003-yilga qadar Qirgʻiziston foyda koʻrmadi. Loyihaga koʻra, respublikaga kondan olingan sof foyda hisobidan 400 million dollar tushishi kerak edi. Biroq, soʻnggi besh yarim yil orasida Qumtordan Qirgʻizistonga faqatgina 56 million dollar mablagʻ tushdi. Tushgan bu mablagʻning aksari soliq hisobidan edi. Devidend hisobidan esa “Kameko” Qirgʻizistonga 6 mln. dollargina taqdim qildi xolos. 2002-yili “Kameko” Qirgʻizistonga “Qumtor”ni restrukturizatsiyalashni taklif qilgan. Bu oʻrinda “restrukturizatsiya” atamasi bilan silliq qilib Qumtordagi Qirgʻiziston ulushini sotib olish nazarda tutilgan. “Kameko” bu borada “Qumtor bilan Mongoliya, AQShda qazilayotgan boshqa oltin konlarini birlashtirish orqali bir kompaniya tashkil etib, qimmatbaho qogʻozlar bozoriga chiqamiz” degan bahonani oʻylab topdi. Aslida restrukturizatsiyadan koʻzlangan maqsad “Qumtor”dan Qirgʻizistonga tushuvchi foyda va korxonani Qirgʻizistonga oʻtib ketishini oldini olish boʻlgan. Vaholangki, 2007-yil 10-mayda “Qumtor” Qirgʻiziston egaligiga toʻliq oʻtishi kerak edi. Biroq, Kanada mustamlakachilari bunga yetmay turib “Qumtor”ni “restrukturizatsiya” qildi.
Ushbu shartnoma tuzilishiga 2003-yili Akayev davrida hukumat rahbari Nikolay Tanayev va “Kameko”dagi direktorlar kengashi aʼzosi, prezidentning oʻgʻli Aydar Akayev “Qumtor” bitimini qayta koʻrib chiqishga rozilik berishgan. Shuningdek, parlament qarshiligiga qaramay Tanayev hukumat qarori bilan restrukturizatsiyani amalga oshirdi. Shunday qilib, 2003-yili Qirgʻiz hukumati va Kanadaning “Kameko” korporatsiyasi “Senterra gold” nomli kompaniya tashkil etishdi. Ikki tomonlama kelishuvga muvofiq, yangi kompaniyaga 716 tonna oltin zahirasi bor Qumtor koni Mongoliyaning 43 tonna oltin zahirasiga ega “Boroo” va tahminan 50 tonnacha oltini bor “Gatsuurt” konlari hamda Amerikaning Nevada shtatidagi 30 tonnacha oltin zahirasi boʻlgan “Ren” konlari kirdi. Aslida “Tsenterra gold ink” kompaniyasi tashkil etilganda Qirgʻiz hukumati 69 foiz ulushga ega boʻlishi kerak edi. Sababi Qumtordagi oltin zahirasi yuqorida nomlari aytilgan boshqa konlarni qoʻshganda ham 6 barobar koʻpdir. Shunday boʻlishiga qaramay, Qirgʻiziston 32 foizgina ulushga ega boʻlib qoldi. Qolgan 68 foiz ulush kanadaliklarga oʻtib ketdi. Bundan ham yomoni, bu vaqtda Qumtordan har yili 14-18 tonna oltin qazib olindi. Xorijdagi konlar esa endigina tadqiq qilinayotgan edi.
2004-yilda hukumat “Tsenterra”dagi 30% oddiy aktsiyalarning 16%ni 85 million dollarga sotib yubordi. Shu orqali Qirgʻizistonning “Tsenterra”dagi ulushi 17%ga tushib qoldi.
Mana shunday xiyonatlarga qaramay Akayev amaldagi hukumatning vaqtinchalik manfaati va Putinning mustamlakachilik siyosati sababli oqlanmoqda! Oltin konlarining haqiqiy egasi boʻlgan xalq esa quruq vaʼdalar bilan aldab kelinmoqda!

Mumtoz Movaraunnaxriy

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.