Hukmdorlarimiz Ummat tanasidagi yot jismlardir

179
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Hukmdorlarimiz Ummat tanasidagi yot jismlardir

Isom Amira – Baytul Maqdis

Vikipediyada yot jism haqida “Yot jism – bu har qanday begona jismdir yoki tanadan tashqaridan kelgan narsadir”, deyilgan. Olimlar har qanday yot jismni tanadan albatta chiqarib tashlash kerakligiga ittifoq qilganlar. Agar koʻzga biror chang yoki zarra kirsa shifokorlar darhol uni chiqarib tashlashadi. Agar bola bir dona tangani yoki shunga oʻxshash predmetni yutib yuborsa, uni chiqarish va muolaja qilish uchun zudlik bilan tez yordamga olib boriladi. Agar ayolning tomogʻidan hijobining ilgagi oʻtib ketib qolsa yoki inson tanasiga oʻq tegsa, maksimal trevoga holati yuzaga kelib, juda tez vaqt ichida uni chiqarib tashlanishi va salbiy asoratlari yoʻq qilinishi kerak boʻladi. Hatto maxsus taklifnoma bilan kelinadigan yigʻinlarda ham taklifsiz kelganlar yot va begona sanaladilar… va hokazo. Biror begona jism sogʻlom yoki kasal kishining tanasiga kirsa, jismga foydasi borligi hech qachon isbotlanmagan. Faqat u yoki bu sinovdan oʻtgan dori boʻlishi yoki keng qamrovli tibbiy tadqiqot natijasida isbotlangan narsa boʻlishi mumkin, xolos.
Haq Taboraka va Taolo Qurʼoni Karimda marhamat qiladi:
﴿أَلَمْ تَرَ إِلَى الَّذِينَ تَوَلَّوْا قَوْمًا غَضِبَ اللهُ عَلَيْهِمْ مَا هُمْ مِنْكُمْ وَلاَ مِنْهُمْ وَيَحْلِفُونَ عَلَى الْكَذِبِ وَهُمْ يَعْلَمُونَ﴾
“Allohning gʻazabiga duchor boʻlgan qavmni (yahudiylarni) doʻst tutgan kimsalarni (munofiqlarni) koʻrmadingizmi? U (munofiqlar) sizlardan (yaʼni musulmonlardan) ham, ulardan (yaʼni yahudiylardan) ham emasdirlar! Yana ular (oʻzlarining munofiq ekanliklarini) bilib turgan hollarida, (bizlar musulmonlarmiz, deb) qasam ham ichurlar” [Mujodala 14]
Qatoda bu oyatdagi kimsalarni bunday deydi: Ular yahudiylarni doʻst tutgan munofiqlardir, ular sizlardan ham, yahudiylardan ham emaslar. Yaʼni yahudiylardan ham, musulmonlardan ham boʻlmagan, na u yoqlik, na bu yoqlik boʻlgan, ikki orada qolgan va musulmonlar xabarini ularcha yetkazib-chaqib turadigan munofiqlardir. Saʼdiy va Muqotil bunday degan: “Bu oyat ikki munofiq Abdulloh ibn Ubay va Abdulloh ibn Nabtal toʻgʻrisida nozil boʻlgan. Ulardan biri Nabiy ﷺning oʻtirishlarida boʻlib, ul zotning soʻzlarini yahudiylarga yetkazib turgan. Bir kuni Nabiy ﷺ oʻz hujralarida oʻtirar ekanlar “Hozir oldingizga shafqatsiz qalb egasi boʻlgan, shayton koʻzi bilan qaraydigan kimsa kiradi, deydilar. Eshikdan Abdulloh ibn Nabtal kirib keladi. U bugʻdoyrang, boʻyi past, siyrak soqol edi. Rosul ﷺ unga “Nega meni sheriklaring bilan birgalikda haqorat qilding?!”, dedilar. U bunday qilmadim, deb qasam ichadi. Rosululloh ﷺ “Qilding”, deydilar va uning sheriklarini olib kelinadi, ular ham Alloh haqqi haqorat qilmadik, deb qasam ichishadi. Shunda mazkur oyat nozil boʻlgan”.
Bu shunga dalolat qilmoqdaki, Islom Ummatining jismi toza, pok va musaffodir. U birorta ham begona jismni qabul qilmaydi. Qachon biror majburiy vaziyat sodir boʻlsa va uning toza pok va musaffo jismiga begona narsa aralashsa, butun Ummat uni chiqarib tashlab yoʻq qilishga shoshiladi.
Bas, munofiqlar ham Islom Ummati jismiga begona va katta xavfdirlar. Shuning uchun Alloh Subhanahu va Taolo bizga Qurʼoni Karimning bir necha joyida ularning xavfidan ogoh etib,
﴿بَشِّرِ الْمُنَافِقِينَ بِأَنَّ لَهُمْ عَذَابًا أَلِيمًا﴾
“Munofiqlarga ular uchun alamli azob borligidan “xushxabar” bering!” [Niso 138]
deya ularga alamli azob borligini xabar qildi, ular bilan doʻstlashishdan ogohlantirdi. Yana bunday dedi:
﴿لَوْ خَرَجُوا فِيكُم مَّا زَادُوكُمْ إِلاَّ خَبَالاً وَلَأَوْضَعُوا خِلاَلَكُمْ يَبْغُونَكُمُ الْفِتْنَةَ وَفِيكُمْ سَمَّاعُونَ لَهُمْ وَاللهُ عَلِيمٌ بِالظَّالِمِينَ﴾
“Agar ular sizlarning orangizdan chiqqanlarida ham, sizlarga faqat ortiqcha ziyon boʻlgan va oʻrtalaringizda sizlarni fitnaga solish uchun yugurib-elib yurgan boʻlur edilar hamda oralaringizda ularga quloq soluvchilar ham (topilgan) boʻlur edi. Alloh zolim kimsalarni bilguvchidir” [Tavba 47]
Maʼlumki, Ummat ogʻir dardga chalingan boʻlib, bu dard jismga begona dushmanlar jismining kirishidir. Bu dushmanlar uning oyogʻidan chalishga payt poylashmoqda. Darhaqiqat, oʻtgan asrda Ummat tanasiga kirib olgan begona jismlardan eng xavflisi zararkunanda hukmdorlar ekanligi sharʼan qatʼiy dalillar bilan oʻz isbotini topdi. Bu Usmoniy Xalifalik agʻdarilgandan keyingi tushunarsiz siyosiy bir vaziyatda, yomon iqtisodiy ahvol va tarang xalqaro muhitda yuz berdi. Buning oqibati oʻlaroq, musulmon yurtlari milliy zararkunanda davlatlarga boʻlib tashlandi. Mustamlakachi kofirlar bu davlatlardan har birining tepasiga ahli hal va val aqd tomonidan bayʼat qilinmagan va Alloh nozil qilgan ahkomlar bilan hukm yuritmaydigan hukmdorlarni oʻrnatishdi. Natijada, hukmdorlar va ularning gumashtalari Islom Ummati jismidagi qattiq ogʻriq beruvchi va ichini kemiruvchi begona jismlarga aylanishdi.
Islom bizga aqida, shariat, Ummat va davlatni pok saqlashga, unga yot narsalarning aralashishiga yoʻl qoʻymaslikka buyurdi. Davlatda birorta ham munofiq turmasligiga, Islom davlati Kitob, sunnat, sahobalar ijmoi va sharʼiy illat bilan sharʼiy qiyosga asoslangan davlat boʻlishiga, unga kapitalizm, sotsializm, millatchilik va vatanparvarlikdan zarrachasi aralashmasligiga, uning dastur va qonunlari birorta ham begona qonunning kirishini qabul qilmaydigan sof islomiy boʻlishi uchun harakat qilishimizga buyurdi. Pul topishni hamda uni sudxoʻrlik yoki kapitalizmdagi boshqa qonunlarni aralashtirmasdan tasarruf etishni tartibga soladigan ahkomlarni iqtisodning asosi qilib belgilashni buyurdi. Ijtimoiy hayotni erkak-xotin aralash boʻlish, buzuqlik, razolat va eʼtiborsizliklar bilan loyqalanmagan, nomuslar himoyalangan, nasllar toza saqlangan va axloqiy jinoyatlar deyarli uchramaydigan shaklda pok saqlashga amr qildi. Shuningdek, davlat siyosati, oziq-ovqati, hayotning barcha sohalari, qadriyatlari, masjidlari, muqaddas dargohlari ham shunday pok boʻlishini shart qildi. Biz Quddusi Sharifdagi Aqso masjidiga alohida eʼtibor beramiz, chunki u bosqinchi yahudiylar tomonidan tahdidga va Xalildagi Ibrohimiy masjidida qilingani kabi, zamon va makon asosida boʻlishishga duch kelmoqda. Muborak Aqso masjidi bosib olingandan beri birinchi marta “Isroil” sudi yahudiylarga “sukut ibodati”ni Aqsoda ado etishlariga ruxsat beruvchi qaror qabul qildi. Bu esa, hukmdorlarning quruq siyosiy bahslari hamda rasmiy vasiyligini depsab, Islomga va uning muqaddas dargohlariga toʻgʻridan-toʻgʻri qilingan adovatdir. Bu qaror turar-joy quruvchi yahudiylar va aloqalarni normallashtiruvchi yahudiylardan iborat begona jismning ushbu pokiza va muqaddas joyga har qachongidan koʻproq bostirib kirib, iflos qilishiga tayyor imkoniyat yaratadi.
Ey musulmon qoʻshinlar!
Aqso masjidi nolalari har doimgidan tobora baland koʻtarilmoqda. Agar bu nolalarni quloqlaringiz eshitsa va er kishilik gʻururingiz qoʻzgʻalsa, unga yordam berishga shoshiling. Fotihlar, xaloskorlar kabi qoʻzgʻalib, Umarlar, Moʻʼtasimlar, Salohiddinlar kabi harakat qilib, Aqsoni kishanlardan xalos qiling, faqat masjid qandillarini yoquvchi moy boʻlish bilan kifoyalanmang!
Darhaqiqat, Ummat azob-uqubatlarga, adolatsizlikka duchor boʻlib, barcha foydali narsalardan mahrum boʻldi. Tanasiga jamolini buzib, suyaklarini yemiradigan, boshdan oyogʻiga qadar titratadigan yot chipqonlar chiqdi. Biz kim bizdanu kim bizdan emasligini aniqlashimiz, xonadonlarimiz egasi kimu begona kimligini belgilashimiz, yot jismlar Ummat tanasiga kirib, uni kasal qilgan va xuddi chirik suyaklarga aylantirib qoʻygan boʻshliqlarga malham surtib, tuzatishimiz vaqti allaqachon kelgan. Ummat jismiga kirib olgan begona jismlarning eng xavflisi anavi yovuz hukmdorlardir. Chunki Ummatimiz taraqqiyotini toʻxtatib, uni boshqa ummatlarga tobe qilib qoʻygan, uning tanasiga begona jismlar kirishiga yordam bergan va shu ishlari bilan uni deyarli tanib boʻlmas ummatga aylantirgan mana shu hukmdorlardir.
Shunday ekan, bu begona jismni zudlik bilan chiqarib tashlashga jiddiy harakat qilaylik. Harakat qilaylikki, Islom Ummati sogʻaysin va xuddi ilk roshid Xalifalik zamonidagi kabi hamda undan keyingi xayru-barakotlar, jihodlar, fathlar va Allohu Rosuliga itoatlar asridagi kabi oʻz holiga qaytsin, yana Allohning Kitobi va Rosuli ﷺning sunnati asosida hukm yuritilishi sharti bilan quloq solib, itoat qiluvchi Ummatga aylansin. Bu esa, Alloh Azza va Jalla tomonidan vaʼda qilingan, Rosuli ﷺ tomonidan bashorat etilgan va bu dunyoyu oxirat azizligi kafolatlangan Paygʻambarlik minhoji asosidagi ikkinchi roshid Xalifalikni barpo etish uchun jiddiy faoliyat qilayotganlar bilan harakat qilish orqali amalga oshadi.

Roya gazetasining 2021 yil 27 oktyabr chorshanba kungi 362-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.