Sergey Lavrov: Afg‘onistonga qo‘shni davlatlarda vaziyat beqarorlashishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak

471
0

Sergey Lavrov: Afg‘onistonga qo‘shni davlatlarda vaziyat beqarorlashishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak

 Xabar: Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov “Rossiya 24” telekanaliga bergan intervьyusida Afg‘onistonda “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng Markaziy Osiyo davlatlarida siyosiy vaziyat beqarorlashishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi haqida to‘xtalib o‘tdi.

 Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya uchun Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi vaziyat muhim ahamiyatga ega.

 “Afg‘onistondan Markaziy Osiyoga terrorchilik va narkotik tahdidlari kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak va bu muammolarni Afg‘onistonning o‘zida hal qilish zarur. Ayni paytdagi asosiy vazifa mintaqadagi ittifoqchilar barqarorligini ta’minlash, chunki Markaziy Osiyodan bo‘lgan ittifoqchilarimiz bilan bizning hech qanday chegaramiz yo‘q, deyarli hammasi bilan vizasiz rejimga egamiz”, – dedi u.

 Izoh: Avgust oyida Tolibon harakati Afg‘onisotonda hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng rus rasmiylari biri qo‘yib boshqasi Afg‘oniston “tahdidi”ni imkon qadar bo‘rttirib ko‘rsatishga va gu orqali mintaqadagi rus nufuzini yana kuchaytirish urinib kelishmoqda.

 Dastlab, avgut oyi oxirida RF davlat suverenitetini himoya qilish bo‘yicha Federatsiya Kengashi komissiyasi rahbari Andrey Klimov avgust Afg‘onistondagi voqealar tufayli Rossiya chegaralari atrofidagi vaziyat xavfsizlik sohasidagi qonunchilikka o‘zgarishlar kiritilishini talab qilishi mumkin ekanligini ma’lum qilib, “Biz shuni aniq bilamizki, ekstremistlar qochoqlar ko‘rinishi ostida MDH, KXShT hududlariga kirib borishni istamoqda”, – degan edi.

 Rossiya prezidenti Vladimir Putin 15 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan MDH davlatlari maxsus xizmatlari rahbarlari bilan uchrashuvda, “Iroqdan, Suriyadan u erga jangovar harakatlarda tajribaga ega jangarilar yig‘ilib kelmoqda. Shu bois terrorchilar chegaradosh mamlakatlardagi, jumladan, MDH mamlakatlaridagi vaziyatni ham beqarorlashtirishga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoyilishga urinishni boshlashlari mumkinligi istisno qilinmaydi”, – dedi.

 Shuningdek, Putin afg‘on chegarasidagi vaziyatni doimiy kuzatuvga olish va jangarilarga qarshilik ko‘rsatishga shay turish muhimligini ta’kidladi. Buning uchun kuch ishlatar tuzilmalari ishini muvofiqlashtirish va kerak bo‘lgan paytda qo‘shma amaliyotlarni o‘tkazish kerakligini belgilab o‘tdi.

 Rossiya rahbari Markaziy Osiyo, Kavkazorti va boshqa mintaqalar uchun tug‘ilayotgan ehtimoliy tahdidlar sentyabrdagi KXShT va ShHT sammitlarida batafsil muhokama qilinganini qayd etdi. Bu mavzu bo‘lajak MDH sammitida ham muhokama qilinishini ma’lum qildi.

 Bundan tashqari, mintaqa davlatlari KXShT doirasida Rossiya bilan hamkorlikda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishga majburlab kelinmoqda. Rossiyaning “afg‘on tahdidini” imkon qadar vahimali qilib ko‘rsatishdan – mintaqada harbiy ishtirokni kuchaytirishdan tashqari – ko‘zlagan yana bir maqsadi bor. Agar afg‘on zaminida tinchlik va barqarorlik o‘rnaydigan bo‘lsa mintaqa uchun manfatli bo‘lgan Termiz – Mozori Sharif – Qobul – Peshovar temir yo‘li, TAPI va boshqa loyihalarni amalga oshirish imkoni paydo bo‘ladi. Agar ushbu loyihalar amalga oshgudek bo‘lsa, Rossiya mintaqa davlatlariga bosim o‘tkazish richaglaridan mahrum bo‘ladi va mintaqa ustidan bo‘lgan nazoratni yo‘qotadi. Rossiya buni oldini olish uchun sinalgan usul – “terrorizm tahdidi”dan foydalanib, mintaqa davlatlarini chegaralarini mustahkamlashga undamoqda. Hozir Rossiyaning mintaqa ustida o‘z nufuzini saqlab qolish uchun harbiy kuchiga suyanishdan boshqa chorasi qolmadi hisob.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.