بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Pandora hujjatlari va korruptsiyachi rahbarlar
Pandora qutisi, deb nomlangan ushbu hujjatlardan oldin ham ko‘plab shunga o‘xshash hujjatlar mavjud edi. Bunga Panama, Shveytsariya va Lyuksemburg hujjatlarini misol qilish mumkin. Ularning barchasi korruptsiyachi rahbarlarni fosh qilgan. Bu yashirin hujjatlar shuningdek, davlat mablag‘lariga tajovuz qilish, banditizm va pul yuvish, soliq to‘lashdan qochish kabi jinoyatlarni yashirishga uringan hukmdorlarni oshkor etadi. Biroq, Pandora hujjatlari avvalgi hujjatlardan o‘zining katta ishonchliligi, keng qamrovli tergov-surishtiruvlari va aniq dalillari bilan ajralib turadi.
Pandora hujjatlarini ishlab chiqishda 600dan ortiq jurnalist ishtirok etib, ular 14ta moliyaviy xizmatlar kompaniyasining 12 millionga yaqin hujjatlarini o‘rganib chiqishdi va ko‘p oylar davomida 29 mingdan ortiq ofshor kompaniyalarga oydinlik kiritishdi.
Ofshor kompaniyalar deb, AQSh, Britaniya va boshqa G‘arb davlatlarida o‘zlariga tegishli ko‘chmas mulk va aktivlarning xorijiy yashirin egalarini yuqori darajada maxfiylik bilan saqlovchi xayoliy-soxta kompaniyalarga aytiladi. Ofshor kompaniyalar bu operatsiyalarni mol-mulk va aktivlarning asl egalari bo‘lgan xalqlar ko‘zidan yashirish uchun chegaralar bo‘ylab ishlovchi g‘oyat murakkab tarmoqlar orqali amalga oshirishadi.
Pandora hujjatlariga oid bunday ulkan ishni Vashingtondagi Xalqaro Jurnalistlar Konsortsiumi (ICIJ) nodavlat tashkiloti Britaniyaning VVS va Guardian gazetasi bilan hamkorlikda amalga oshirdi. ICIJ olib borgan tekshiruvlar Britaniya va AQShdagi milliardlab dollarga sotib olingan 1500ta ko‘chmas mulkning maxfiy egalari shaxsini aniqladi. Unga yuqori martabali rahbarlar, korruptsiyachi siyosatchilar, jumladan 35 nafar amaldagi va sobiq prezidentlar, bosh vazirlar, shuningdek, 300 nafar boshqa siyosatchi va bir qancha mamlakatlarning amaldorlari ro‘yxati kiritilgan. Masalan:
1 – Qatardagi qirollar oilasi va ularning Amirliklardagi hamkasblari;
2 – Iordaniya qiroli Abdulloh II;
3 – Livanning hozirgi bosh vaziri Najib Miqotiy va undan oldingi Hasan Diab;
4 – Chexiya bosh vaziri;
5 – Keniya prezidenti;
6 – Ekvador prezidenti;
7 – Rossiya prezidenti.
Biz ushbu tergov-surishtiruvlardagi Iordaniya qiroli Abdulloh IIni misol qiladigan bo‘lsak, boshqa korruptsiyachi siyosatchilar va ularning yollanma odamlari kimligini ham anglab olamiz. Iordaniya qiroli boshqarayotgan mamlakat o‘tkir iqtisodiy krizisda, aholisi og‘ir turmush sharoitida yashamoqda. Ishsizlik, qimmatchilik va barcha iqtisodiy muammolar jamiyatning chor tomonida keng tarqalgan. Biroq, qirol o‘zining bor kuchini ezilgan mazlum xalq hisobiga Britaniya va AQShda hashamatli ko‘chmas mulklarga ega bo‘lishga sarflamoqda. Ofshor kompaniyalari orqali AQSh va Britaniyada o‘ziga mutlaqo kerak bo‘lmagan ko‘plab ko‘chmas mulklarni xalqi ko‘zidan yashirishga urinyapti.
Pandora tekshiruvlari shuni ko‘rsatdiki, qirol Abdulloh Britaniyada, Kaliforniyaning Malibu shahrida va poytaxt Vashingtonda 15ta ko‘chmas mulk sotib olish uchun 106 million dollar sarflagan. U otasi qirol Husayn 1999 yil vafot etgandan so‘ng hokimiyatni egallab kelayotgandan beri Pandora fosh etgan ayni mulklarni yashirib kelgan.
Bu tergov-surishtiruv natijalarini qirol va uning saroyi tan oldi. Saroy bunga «oshkor etilmaganiga ularning maxfiyligi emas, shaxsiyligi sababdir», degan javobni qildi. Bunday uzr keltirish gunoh qilishdan ham yomon! Chunki jamoatchilikdan sir tutishga urinishning o‘zi, bir jinoyat borligini va biror yomon ish rejalashtirilayotganini anglatadi.
Qirolning o‘zi bergan javobga kelsak, u «Iordaniyaga qarshi kompaniya bor… Bu birinchi marta bo‘layotgani yo‘q… Sabotaj keltirib chiqarishga va shubha uyg‘otishga urinayotganlar bor», deya adashtiruvchi javob qildi. Keyin ayni sharmandagarchilikdan jamoatchilik fikrini burish uchun mamlakatda «iqtisodiy va ma’muriy islohotlar olib borilayotgani» bilan quloqlarga lag‘mon ilishga urindi.
Bu nodavlat tergov-surishtiruvlari shuni isbotladiki, o‘z xalqlari mol-mulklarini o‘zlashtirish va ko‘chmas mulklar sotib olish uchun ularni chetga chiqarish bilan shug‘ullanuvchi bu hukmdorlar mustamlakachi kofirlarning nafaqat yollangan malaylari, balki o‘g‘rilar, poraxo‘rlar va buzg‘unchilar hamdir.
Roya gazetasining 2021 yil 20 oktyabr chorshanba kungi 361-sonidan