بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Xorlik to‘lovi azizlik to‘lovidan ancha qimmat
Shomdagi Ummat qo‘zg‘oloni muborak qo‘zg‘olon, deya vasf etiladi va Allohning izni ila, shunday bo‘lib qoladi. Chunki u Amerikadek bir kofir, jobir va takabbur davlatning malayi bo‘lmish qonxo‘r rejimga qarshi chiqdi. Bugina emas, Shom qo‘zg‘oloni Allohning uylaridan boshlanib, maqsadlari katta va azim maqsadlar bilan sayqallashdi. Ogoh bo‘lingkim, bu maqsadlar jinoyatkor rejimni butun arkonlari, muassasalari va basharalari bilan ag‘darib, uning xarobalari uzra, Payg‘ambarimiz ﷺ bashorat qilgan u zotning minhoji asosidagi ikkinchi roshid Xalifalikda gavdalanuvchi Islom hokimiyatini barpo etish maqsadidir. Bu narsa Shomdagi qo‘zg‘olonchilar bo‘g‘izlaridan otilib chiqqan shiorlaridan ham yaqqol eshitilib turdi. Zotan, bu qo‘zg‘olonchilar Shom qo‘zg‘oloni uchun jonlari, qonlari va mollarini qurbon etdilar. Hatto jigar go‘shalarini fido etsalar-da, yuraklari Alloh Taborakka bog‘lanib, nusratiga inondilar.
Bu Shom qo‘zg‘oloni birinchi kunidanoq muborak qo‘zg‘olon bo‘lgan. Qo‘zg‘olon ahli ilk damlardayoq zulm va zolimlarni yo‘q qilish zarurligini, o‘zlari va Ummatlari oldidagi mas’uliyatlari buyukligini his qilganlar. Ular har qancha qurbonlik berib bo‘lsa ham bu tog‘ut va uning rejimiga qarshi chiqmoqlari shartligini anglaganlar. Shuning uchun bu yo‘lda juda qimmat to‘lovlarni to‘lashga, mintaqadagi eng yuvindixo‘r rejimga qarshi chiqish ulardan jonlarini berishni talab qilsa ham uni berishga tayyor turdilar va shunday qildilar ham. Yaxshilik xushxabarini berayotgan, uning o‘zgartirish sari to‘g‘ri va ravon yo‘ldan keta boshlaganiga dalolat qilgan narsa aynan mana shulardir.
Ba’zi insonlar yo‘l mashaqqati og‘irligidan, qurbonliklar va sinovlar cho‘zilib ketganidan malollanib, ortga qaytishga, qo‘zg‘olonni davom ettirmaslikka qaror qilishi mumkin. Bunday qaror umidsizlik va tushkunlik hisoblanib, ba’zilar uni tabiiy va engil sanaydi. Biroq, aslida bu qaror halokat jarligiga qulashning boshlanishdir… U shuningdek, berilgan shuncha qurbonliklarni, oqizilgan shuncha qonlarni, to‘langan shuncha jonlaru, toptalgan shuncha numuslarni, vayron bo‘lgan shuncha xonadonlarni behuda ketkazish hisoblanadi. Bulardan tashqari, ortga qaytish yana anavi jinoyatchi to‘daning zulmi ostida yashashga rozi bo‘lish hamdir. Balki, bunday chekinish shuncha dahshatli jinoyatlarni sodir etgan rejimni yana nafratiga nafrat, jinoyatlariga jinoyat qo‘shadi, o‘ziga qarshi ko‘tarilgan qo‘zg‘olonchilardan o‘ch olishiga tayyor imkoniyat beradi. Bu rejimning o‘z nazorati ostiga o‘tgan shaharlarda qamoqqa olish, qiynoqqa solish, qatl qilish, hurlarning nomusini toptash, qabrlarni vayron etish kabi jinoyatlarni sodir etish bilan qo‘zg‘olon ahlidan intiqom olganligi bu gaplarimizga yaqqol dalildir.
Yo‘lni o‘rtasida orqaga qaytib ketish juda qimmatga tushadi… Qo‘zg‘olonni davom ettirmay, o‘z g‘oyasiga etkazib bormay, uni aro yo‘lda qoldirish hamda rejimni ag‘darib, Islom boshqaruvini barpo etishdek maqsadiga olib bormaslik eng og‘ir badalga, juda katta talofatli qurbonliklarga, eng mashaqqatli oqibatlarga olib boradi. Chunki bunday voz kechish oqibati xoru rasvo ahvolda qonxo‘r rejim va uning xavfsizlik xizmati qo‘liga tushish bilan birga, bu dunyo va oxiratda ochiq ziyonni olib keladi, bundan Alloh asrasin. Ammo qo‘zg‘olonni davom ettirib, o‘z g‘oyasiga etkazib borish natijasi esa, Allohning izni ila, bu dunyoda azizlik, g‘oliblik va xavfsizlikdir, oxiratda esa, kengligi eru osmoncha bo‘lgan jannat hamda Allohning jannatdan ham buyuk roziligidir.
Bas, shunday ekan, ey Ummatning mustamlakachi kofirga qarshi kurashida bosh toji bo‘lgan Shom ahli, nahotki, dushmanlaringiz olib kelib qo‘ygan umidsizlik va tushkunlikka tushsangiz?! Buning o‘rniga, Alloh bilan bo‘lgan ahdu paymoningizni yangilab, Uning mustahkam arqonini mahkam ushlamaysizmi, anavi sotilgan etakchilar adashtirgan qo‘zg‘oloningiz yo‘nalishini to‘g‘rilab, uni qayta davom ettirish uchun ongli va xolis siyosiy etakchilarga ergashmaysizmi?!
Bu qo‘zg‘olon alangasi shuncha azob-uqubatlarga qaramay, rostgo‘y insonlar yuragida hamon o‘chmay turibdi. Uning maqsadlari qo‘zg‘olon farzandlari qalbida hamon saqlanmoqda. Millionlab qalblarning
إِنَّا لَنَنصُرُ رُسُلَنَا وَالَّذِينَ آمَنُوا فِي الْحَيَاةِ الدُّنْيَا وَيَوْمَ يَقُومُ الأَشْهَادُ
«Biz rosullarimizga va mo‘minlarga dunyo hayotida ham, guvohlar hozir bo‘ladigan kunda ham albatta nusrat beramiz» [G‘ofir 51]
degan Allohning go‘zal va’dasiga hanuz ishonchlari komil.
Roya gazetasining 2021 yil 22 sentyabr chorshanba kungi 357-sonidan