Shoygu: Rossiyaning Tojikiston va Qirg‘izistondagi harbiy bazalari to‘g‘ridan to‘g‘ri tajovuz holatida KXShT chegaralarini himoya qiladi

515
0

Shoygu: Rossiyaning Tojikiston va Qirg‘izistondagi harbiy bazalari to‘g‘ridan to‘g‘ri tajovuz holatida KXShT chegaralarini himoya qiladi

 “Tojikistondagi bazamiz ancha qudratli, kuchli. Agar kerak bo‘lsa, to‘g‘ridan to‘g‘ri tajovuz qilingan taqdirda, u KXShT chegaralarini himoya qilishga jalb etiladi. Qirg‘izistondagi bazamiz bo‘yicha ham xuddi shunday. U erda ham bunday ehtiyoj paydo bo‘lishi mumkin”, – dedi Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.

 Shu bilan birga, Sergey Shoygu KXShTga a’zo davlatlar o‘z miqyosi va mudofaa salohiyati jihatidan Rossiya bilan teng bo‘la olmasligini hamda Afg‘oniston yo‘nalishida yordamga muhtojligini, sababi gap Rossiyaning harbiy xavfsizligi haqida ketayotganini ta’kidladi.

 “Umid qilamizki, Tolibon bilan tuzilgan kelishuvlar amalga oshadi. Ammo, avvalgi tajribaga ega bo‘lgan holda, albatta, bunga birdaniga ishonish qiyin. Bularning barchasi mamlakatimizga kelmasligi uchun shunday qilish kerak. KXShT a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga yordam berish lozim”, – dedi Rossiya mudofaa vaziri.

 Rossiyaning bu yo‘nalishdagi moliyaviy xarajatlari haqidagi savolga javob berar ekan, mudofaa vaziri dedi: “Biz hal qilayotgan bunday masalalarda ishlatilayotgan pul haqida o‘ylashimiz kerak”.

 Sergey Shoygu, shuningdek, Moskva va Dushanbe Tojikiston armiyasini qayta qurollantirish bo‘yicha qo‘shma dasturni amalga oshirayotgani, lekin hozir respublika chegara qo‘shinlarining jangovar salohiyatini kuchaytirish zarurati borligini qo‘shimcha qildi.

 “Dastur katta, deyarli 2040 yilgacha mo‘ljallangan. Ammo hozir nafaqat armiya, balki chegara bilan ham shug‘ullanish kerak”, – deya ta’kidladi Rossiya mudofaa vaziri.

 Izoh: Rossiya bir tomondan Tolibon harakatini Moskvada rasmiy hukumat darajasida kutib olib, muzokaralar natijasida harakat Markaziy Osiyo davlatlariga tahdid uyg‘otmaydi, deb bayonot bergan bo‘lsa, boshqa tomondan Tolibon harakati vahimasini bo‘rttirib ko‘rsatish orqali mintaqada o‘z harbiy ishtirokini yanada mustahkamlab olishga harakat qilmoqda. Bunga sabab, Rossiyaning mintaqada nufuzini saqlab qolishida harbiy quvvatiga suyanishdan boshqa yo‘li qolmayapti. Chunki, siyosiy va iqtisodiy jihatdan imkoniyatni AQSh boy berib bo‘ldi. AQSh mintaqani Rossiya changalidan sug‘urib olish uchun turli loyihalar orqali ish olib borayotgan bir vaqtda Rossiya mintaqa davlatlari bilan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘takish ularga harbiy yordam ajratish va bu orqali o‘zini “tinchlik garanti” qilib ko‘rsatishga zo‘r bermoqda. Rossiya qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov Toshkentda o‘zbekistonlik hamkasbi Shuhrat Xolmuhamedov bilan uchrashuvda: “Rossiya Afg‘onistonda vaziyat keskinlashgani ortida terrorchilik tahdidlariga tegishli javob berish uchun Markaziy Osiyo davlatlariga qurol va texnika etkazish hajmini oshiradi”, – deya ma’lum qildi.

 Sergey Shoyguning KXShT doirasida beriladigan yordam masalasida alohida to‘xtab o‘tgan, “moliyaviy harajatlar” masalasiga e’tibor qaratiladigan bo‘lsa, Rossiya buning uchun sarflanadigan mablag‘larni ham mintaqa davlatlari zimmasiga yuklamoqchi bo‘lyapti. Demak, mintaqa davlatlari Rossiyaga harbiy baza uchun er berishlari bilan birga “himoya uchun” ham haq to‘lashlariga to‘g‘ri keladi.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.