Asad suriyaliklarni vatanga qaytishga chaqirdi
Suriyada bo‘lib o‘tgan “saylov”da 95 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan Bashar Asad Qur’on va konstitutsiyaga qasamyod qilib, prezidentlik vazifasini boshladi. Vazirlar, ishbilarmonlar, akademiklar, jurnalistlar va siyosiy partiyalar rahbarlari ishtirok etgan qasamyod marosimida Asad xorijdagi suriyaliklarni vatanga qaytishga chaqirdi.
“Yolg‘onlarga aldanib, vatanning va davlatning qulashi uchun hissa qo‘shgan har bir kishini mamlakat bag‘riga qaytishga chaqiraman. Biz sizlarning har biringizga mamlakatimizning dushmanlari tarafidan o‘z xalqingizga qarshi ekspluatatsiya qilinganingizni va sizni aldab qo‘ygan inqilob – bu bir xom xayol ekanligini aytib kelmoqdamiz”, dedi Asad.
Izoh: AQSh Suriyada Asadning o‘rnini bosadigan ma’qul shaxs topa olmagach, Asadning o‘zini qoldirishga qaror qildi. So‘ngi paytlarda AQSh rasmiylari Asadni yo‘q qilish rejasi yo‘qligi haqida bir necha marta bayonot berishdi. Masalan, MRBning sobik rahbari general Maykl Hayden har bir ish o‘z maromida ketishi uchun mavjud variantlar ichida eng afzal echim Bashar Asadning o‘z o‘rnida qolishi ekanligini qayd etgan bo‘lsa, AQShning Suriya masalasi bo‘yicha maxsus vakili Jeyms Jeffri Anqaradagi muzokaralardan so‘ng Oq uy ma’muriyatining rasmiy pozitsiyasi Asad rejimini o‘zgartirish niyatida emasligini ta’kidladi.
Bayden davriga kelib bu jarayon biroz jadallasha boshladi. AQShning birgina ishorasini intizorlik bilan kutib turgan Saudiya qiroli Asad rejimi bilan munosabatlarni to‘liq normallashtirish uchun darhol birinchi qadamni tashladi. Gazetalarning yozishicha, o‘tgan may oyida Saudiya delegatsiyasi Damashqqa borib, Asad bilan uchrashgan va Damashqda Saudiya Arabistoni elchixonasini ochishga kelishib olgan.
Asadni terrorchi deb kelgan Turkiya hukumati ham 180 darajaga o‘zgarib, Suriya rejimi bilan munosabatlarni qayta tiklash haqida gap ochsa ajablanmasa ham bo‘laveradi. Shundoq ham “Adolat va taraqqiyot partiyasi”ning rahbari Rajab Toyyib Erdog‘anning yordamchisi Mustafo Shenning “Ertaga Suriya bilan aloqalar albatta yaxshilanadi. Chunki biz nafaqat qo‘shnimiz, balki birodarlarmiz. Turk millati va Suriya xalqi birodardirlar. Ushbu ikki aka-uka vaqti-vaqti bilan muammolarga duch kelishi mumkin”, degan gaplari Turkiya-Suriya o‘rtasidagi munosabatlar qayta tiklanishining birinchi qadamlari sifatida baholanmoqda.
Shuni aytib o‘tish lozimki, har bir davlat ichki va tashqi siyosatida mustaqil bo‘lishi uchun o‘z mafkurasiga ega bo‘lishi va davlat shu mafkuraga asoslanib boshqarilishi lozim. Hozirgi paytda Islomiy o‘lkalarning hech biri – garchi aholisi musulmon bo‘lsa ham – Islomiy mafkuraga asoslanib hukm yuritiladigan davlatlar emas. Shuning uchun bu davlatlar u yoki bu etakchi davlatga qaram davlatlar hisoblanadi. Masalan Turkiya prezidenti Erdog‘an Misr prezidenti Sisini bir necha marta “Qotil”, deb atagan edi, bugun esa u bilan hamkorlik qilishini ma’lum qilmoqda. Chunki Amerika shuni xohlayapti. Modomiyki Islomiy mafkurani o‘ziga asos qilib, davlat shu mafkura asosida boshqarilmas ekan, Suriya masalasida ham xuddi shunday yo‘l tutishga majburdir.
Qiyomuddin Sharif