Erdoganning yigirma oltita AQSh kompaniyasi bilan onlayn uchrashuvi

343
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Erdoganning yigirma oltita AQSh kompaniyasi bilan onlayn uchrashuvi

Ustoz Muhammad Hanafiy Yag‘mur

Turkiya prezidenti Erdogan AQSh prezidenti Bayden bilan bevosita uchrashishdan oldin, Amerikaning yirik kompaniyalari bilan bilvosita uchrashdi. Reyter axborot agentligiga ko‘ra, uchrashuvda yigirmadan ziyod kompaniyalarning, shu jumladan, «Boeing», «Amazon», «Microsoft», «Kellogg’s», «PepsiCo», «The Procter & Gamble», «Johnson & Johnson», kabi kompaniyalarning ijroiy rahbarlari qatnashgan. (https://www.dw.com).

Erdogan boshchiligidagi Adolat va Taraqqiyot partiyasi hukumati davrida, Turkiya iqtisodiy jihatdan og‘ir damlarni boshdan kechirmoqda. Buning ko‘p sabablari bor, asosiylari korruptsiya va tashqi qarzdir. Adolat va Taraqqiyot partiyasining qariyb yigirma yillik hukmronligi mobaynida yig‘ilgan soliqlarning 20 foizi qarzning protsentini to‘lashga ketdi. 2020 yilga kelib, to‘langan foizlar jami 590 milliard dollarga etdi. 2021 yilgi raqamlar esa, bundan bir muncha yuqori bo‘ladi. 128 milliardni Markaziy bank zaxirasidan qaerga va kim sarf qilgani haqidagi savolga hech kim aniq javob berolmayapti va bu holat uzoq vaqtdan beri Turkiya jamoatchiligini mashg‘ul kelmoqda!

Erdogan 2023 yilda bo‘ladigan saylovlarda g‘olib chiqish maqsadida iqtisodiyotni tiklashga urinyapti… Ammo shu bilan bir vaqtda, mustamlakachi xo‘jayinlari talablarini bajarish bilan ham mashg‘ul. Ayni maqsadda, u yigirmadan ziyod AQSh kompaniyalari ijroiy rahbarlari bilan internet orqali ikki soat suhbat o‘tkazdi. Uchrashuvi ortidan, AQSh-Turkiya o‘rtasidagi savdo hajmini 100 milliard dollarga etkazmoqchiligini aytdi. Shu bilan birga, Erdogan 2017 yilda Tramp bilan uchrashuvida ham AQSh-Turkiya o‘rtasidagi savdo hajmi uchun 100 milliard dollarni maqsad qilganini aytgan. 2019 yilda bu ko‘rsatkich jami 20 milliard dollarni tashkil qilib, Turkiyaning Amerikaga eksporti taxminan 8.9 milliardni tashkil qilgan edi.

Shuning uchun Erdoganning AQSh kompaniyalari bilan birga o‘tkazgan uchrashuvi va talablari yangilik emas. Chunki yuqoridagi kabi bayonotlarni Tramp davrida ham qilgan. Biz ayni uchrashuv haqida quyidagilarni aytmoqchimiz:

1 – Erdoganning yigirmadan ziyod AQSh kompaniyalari ijroiy rahbarlari bilan bo‘lgan bu uchrashuvi tayyorgarlik uchrashuvlaridan biridir. Ya’ni, u o‘z siyosatini Bayden tuzgan yangi Amerika siyosatiga mos olib bormoqchi. Erdogan ushbu onlayn uchrashuv chog‘ida «19 yil davomida islohot dasturidan hech qachon voz kechmadik. O‘zgaruvchan sharoitlar va talablarga javoban iqtisodiyot, qonun va adolat sohasidagi islohotlar jarayonini qat’iyat bilan davom ettirib kelmoqdamiz», dedi. Ha, Erdogan mustamlakachi xo‘jayinlarini rozi qilish uchun bor imkoniyatini sarflayotganini va shunday davom etishini ochiq namoyon qildi. Chunki Erdogan kabi hukmdorlarning musulmon yurtlarida mavjud bo‘lib turishining sababi, o‘z talablari bajarilmasa ham, xo‘jayinlariga hech qanday cheksiz va shartsiz itoatgo‘ylik qilishlaridir.

Boshqacha ibora bilan aytganda, Erdogan Baydenni xuddi o‘z xo‘jayini bilan uchrashishdan oldin uning sabog‘ini yaxshi o‘zlashtirgan va o‘z vazifasini to‘liq bajargan qul sifatida qarshilamoqchi, bergan ta’limotlariga amal qilib, bu masalada bor kuch-toqatini sarflayotganini namoyon qilmoqchi. Shuningdek, AQSh kompaniyalari talablarini qabul qilishga va bu yo‘lda har qanday turdagi fidokorlikni ko‘rsatishga tayyor ekanini ochiqlamoqda. Shu sababli, 14 iyundagi NATO sammitida bo‘lib o‘tgan Bayden-Erdogan uchrashuvidan oldin Turkiyaning ikki rasmiysi Amerika, Gretsiya va boshqa ko‘plab mamlakatlarda qizg‘in uchrashuvlar o‘tkazdi. Bular Turkiya prezidentligi bosh kotibi o‘rinbosari Ibrohim Kalin bilan Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li edi. Darhaqiqat, prezident matbuot kotibi Ibrohim Kalin AQShning BMTdagi maxsus vakilasi Linda Tomas-Grinfild bilan uchrashdi. Uchrashuvda regional masalalar, jumladan, Suriya, Liviya, Afg‘oniston, Falastin, Eron va Iroq masalalari, shuningdek, migratsiya, gumanitar yordam va terrorizmga qarshi kurash masalalari muhokama qilindi. (Anado‘lu, 2021 yil 2 iyun).

Shu sababdan, Erdoganga yaqin doiralar, ayniqsa, Chovusho‘g‘li bilan Ibrohim Kalin amerikaliklar bilan so‘zlashuvlar olib borib, Amerika talablarini bajarishga urinishmoqda. «S-400» raketalarini o‘rnatish va ularni qo‘llashni o‘qitish uchun kelgan rus harbiy ekspertlarining Turkiyadan Rossiyaga qaytarib yuborilishini ham shu nuqtai nazardan tushunish mumkin. Chovusho‘g‘li Afina safari chog‘ida ayni masalaga to‘xtalib, rus harbiy ekspertlarining o‘z mamlakatlariga qaytib ketishganini tasdiqladi (Bloomberg). Shuning uchun Erdogan va uning delegatsiyasi matbuotda yoritilmaydigan, ammo voqelikda mavjud bo‘lgan ko‘plab masalalar xususida Qo‘shma Shtatlarni rozi qilishga astoydil sa’y-harakat qilib kelmoqda.

Erdogan Bayden davrida AQShning siyosiy ustuvor yo‘nalishlarida o‘zgarishlar bo‘layotganini ham, Bayden pozitsiyasi Tramp pozitsiyasidan o‘zgacha ekanini ham ko‘rib-bilib turibdi. Erdoganning ayni uchrashuv to‘g‘risidagi bayonotlarida kelgan quyidagi iboralar ham shu narsani ko‘rsatyapti. Bayonotda jumladan bunday deyilgan edi: «Baydenning 1915 yilgi hodisalar haqidagi bayonoti munosabatlarimizga qo‘shimcha yuk bo‘lmoqda. Biroq, men 14 iyunda bo‘lajak NATO sammitidagi uchrashuvimiz yangi davrning nishonasi bo‘ladi, degan umiddaman».

Amerikaning dunyoda birinchi raqamli mustamlakachi davlat bo‘lgani e’tiboridan, u ham, uning kompaniyalari ham Turkiyaga sarmoya yotqizishdan faqat o‘zlarining shaxsiy manfaatlarini ko‘zlashadi, hargiz musulmonlar manfaatini o‘ylashmaydi. Shubhasiz, bu turk iqtisodiyotiga foyda emas, ziyon keltiradi. Ular bu erga pul topish va uni muomalaga kiritish uchun kelishadi… Bir dollar sarmoya yotqizishsa, undan bir necha barobar foyda olmagunlaricha tinchishmaydi. Ularning sarmoya yotqizishlaridan farqsiz o‘laroq, bu kabi kompaniyalari ham yurtimizga beqarorlik, boshboshdoqlik va notinchliklar keltiradi. Bu kompaniyalar siyosatchilarimizga tahdid qilib, ularni mustamlakachilarning siyosiy rejalarini bajarishga majburlashadi, o‘g‘irliklari bilan Turkiya davlatini bundan ham yomon ahvolga solishadi.

Erdogan bilan onlayn uchrashgan kompaniyalardan yana biri «Netflix» bo‘lib, u mamlakatda turli xil razolat yoymoqda. Bu kabi kompaniyalarning musulmon yurtlarida buzuqlik va fisq-fujur tarqatishdan boshqa niyatlari yo‘q. Ular bir jihatdan, yurtlarimizda odamlarni yo‘ldan ozdirishsa, boshqa jihatdan, shu orqali milliardlab dollar daromad qilishyapti. Bu esa, yurtimiz iqtisodiyotining ko‘tarilishiga hech bir shaklda hissa qo‘shmaydi. Ming afsuski, moliyaviy sabablar oqibatida, bunga yo‘l qo‘yayotgan kimsa hokimiyat tepasida o‘tirib olib, o‘zining musulmonligini da’vo qilayotgan va azbaroyi mustamlakachi xo‘jayinlarini rozi qilishga urinayotgan Erdogandir.

Xullas kalom, Erdoganning AQSh kompaniyalari ijroiy rahbarlari bilan o‘tkazgan bu uchrashuvi faqat va faqat mustamlakachilar manfaatiga xizmat qiladi. Na Turkiyaga foyda keltiradi, na uning ahliga. Bundan tashqari, Amerika Islom va musulmonlarga ochiq urush e’lon qilgan mustamlakachi davlatdir. Bas, uni ham, unga o‘xshagan davlatlarni ham aslo do‘st, deb bo‘lmaydi.

Roya gazetasining 2021 yil 16 iyun chorshanba kungi 343-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.