Pokistonda Navid Battning zo‘ravonlarcha o‘g‘irlab ketilishiga yakun yasash uchun bo‘lgan chaqiriq
Hizb ut-Tahrirning Pokistondagi rasmiy notig‘i muhandis Navid Battning Pokiston razvedka xizmati (ISI) tomonidan 2012 yil 11 may kuni o‘g‘irlab ketilganidan buyon, mana to‘qqiz yil o‘tibdi. Bu haqda Hizb ut-Tahrir – Pokiston viloyati matbuot bo‘limi ikkita bayonot chiqardi:
Birinchisi, 2021 yil 3 yanvarda chiqarilgan «Navid Battning mahkamaga olib kelinishi to‘g‘risida 2018 yil 4 yanvarda qaror chiqarilganiga qaramay, 2012 yil 11 may kuni o‘g‘irlab ketilgandan buyon qaerda ekani noma’lum bo‘lib qolmoqda» sarlavhali bayonot.
Ikkinchisi, 2021 yil 2 mayda chiqarilgan «Payg‘ambarlik minhoji asosidagi roshid Xalifalikni barpo etishga da’vat qilib kelgan Navit Battning ozod etilishi uchun muborak ramazon oyida yo‘llanayotgan chaqiriq» sarlavhali bayonot.
Navid Batt hurmatga sazovor lahorlik musulmon edi. U o‘zining halol va xolis musulmonligi bilan tanilgan oila boshlig‘i, elektrotexnik muhandis, juda kam uchraydigan siyosiy strateglardan biri hamda uzoq yillar davomida Hizb ut-Tahrirning Pokistondagi rasmiy notiqlik vazifasini ado etgan inson edi. Bular uning ko‘p sifatlaridan bir qanchasi, xolos. Biroq, Pokiston razvedka xizmati ushbu sifatlarning birortasini ham e’tiborga olmadi. Bronejilet kiygan o‘nga yaqin razvedka xizmati xodimlari maktabdan bolalarini olib kelayotgan Navid Battni farzandlarining ko‘z o‘ngida maxsus «Suzuki» mashinasiga bosib olib ketishdi.
Navid Batt siyosiy maydondagi yolg‘onlarni fosh eta oladigan noyob qobiliyatli siyosiy mufakkir musulmonlardan biridir. Shuning uchun u suyukli yurti Pokistonni buyuklikka eltadigan «haqiqiy yo‘l xaritasi»ni tasavvur qila oldi. Zero, ushbu o‘tkir nazariya yordamida Pokiston o‘zining geografik, demografik, tabiiy va texnik afzalliklaridan to‘g‘ri foydalanib, shu orqali Janubiy va Markaziy Osiyoda salmoqli markazni egallay oladi. Shuningdek, ushbu o‘tkir nazariya yordamida Pokiston Osiyodagi eng yirik kuch maqomini egallay oladi hamda Islom Ummatining ikkinchi uyg‘onishini ro‘yobga chiqarib, uning 1400 yillik me’rosini qayta tiklab beradi.
Navid Battning bunday zulmga uchrashiga – xoh hukumatda, xoh qurolli kuchlarda bo‘lsin – yurt tepasidagi rasmiy siyosiy doiralarning qaror va harakatlarini real suratda tanqid qilgani sabab bo‘ldi. Chunki rasmiy siyosiy doiralarning qaror va harakatlari bir tomondan, Pokiston imkoniyatlarini sistematik ravishda yo‘qqa chiqarsa, boshqa tomondan, Osiyoning ushbu qismida asrlar davomida farovon yashab kelgan musulmon xalqlar jipsligini parchaladi.
Navid Batt egallagan pozitsiyalardan biri Parvez Musharrafning Pokiston g‘arbidagi aholiga qarshi keng miqyosda sodir etgan urushini tanqid qilganidir. Chunki bu urush Pokiston qo‘shinini yurtning qabilalar mintaqasidagi o‘zining aka-uka va opa-singillariga qarshi urush qilishga etakladi. Bularning barchasi yurt chegaralarining narigi tomonida Afg‘oniston erlarida joylashgan bosqinchi AQSh kuchlariga bo‘layotgan bosimni kamaytirish edi. 17 yil davom etgan bu qirg‘inbarot urush shu vaqt mobaynida shaharlar, maktablar va uy-joylarni xonavayron qildi, o‘n minglab insonni qirg‘in qilib, yuz minglabini qochqinga aylantirdi… Shuningdek, Pokiston ichkarisidagi musulmonlar hayotida ulkan yoriqni paydo qildiki, bu hanuz tuzatilgani yo‘q.
Navid Batt Pokiston armiyasi va hukumat muassasalaridagi nozik ob’ektlarda AQSh nufuzining yoyilishiga yo‘l qo‘ygan yurtdagi malay rasmiylar va korruptsiyachi generallarni ochiqchasiga tanqid qilardi. Chunki «AQSh Federal Tergov Byurosi» va «Markaziy Razvedka Boshqarmasi»dagi turli lavozimdagi rasmiylar Pokistonning bosh qo‘mondonligi, harbiy operativ qismlari va ichki razvedka idoralariga joylashib olib, o‘zlarining nazorat va hukmronliklarini mustahkamlab kelishdi. Hozirda Amerika o‘sha malay rasmiylar va korruptsiyachi generallar yordamida yurtning yadroviy va an’anaviy qurollanish to‘g‘risidagi hamda urush va tinchlik borasidagi qarorlarini nazorat qilib kelmoqda. Vaholanki Alloh Subhanahu va Taolo bunday degan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِن تُطِيعُوا الَّذِينَ كَفَرُوا يَرُدُّوكُمْ عَلَى أَعْقَابِكُمْ فَتَنقَلِبُوا خَاسِرِينَ
«Ey mo‘minlar, agar kofirlarga itoat qilsangiz, sizni ortingizga (kufrga) qaytaradilar, bas, ziyon ko‘rguvchilarga aylanib qolasiz» [Oli Imron 149]
Pokistonda birin-ketin kelayotgan hukumatlar Navid Batt o‘g‘irlangandan beri hech bo‘lmaganda yaqinlari qiyinchilikdan forig‘ bo‘lishi va u bilan uchrashishlari uchun ham uning qaerda saqlanayotganini ma’lum qilishdan yuzsizlarcha bosh tortib kelishmoqda. Bu hukumatlar salkam o‘n yildan beri Navid Batt oilasining, Islom Ummati orasidagi aka-ukalarining hamda azoblanishiga hamdard bo‘lgan barcha insonlarning murojaatiga quloq solmay kelishdi. Marojaatlarga quloq solish u yoqda tursin, hatto Pokiston razvedka xizmati agar Navid Batt o‘zining siyosiy harakatini to‘xtatmaydigan bo‘lsa, uni qatl qilib, jasadini bir chetga uloqtirib tashlash bilan oilasiga tahdid ham qildi.
Mana, Navid Batt o‘g‘irlanishining o‘ninchi yiliga kirar ekanmiz, biz uning ozod etilishini tinimsiz talab qilmoqdamiz. Yoshu qari, uzoq-yaqindagi har bir musulmonni ushbu muborak harakatda ishtirok etishga chaqirib kelyapmiz. Zotan, Navid Battning o‘g‘irlanishi solihlar istagi bilan xoinlar istagi o‘rtasidagi to‘qnashuv nuqtasidir.
Pokiston qurolli kuchlari safida xizmat qilayotgan turli unvondagi sodiq va xolis zobitlarga aytar so‘zimiz:
Elkalaringizni bezab turgan shiorlarga qo‘shimcha, ajoyib oyatlarni ham bir o‘qing. Armiyangizning asl jangovar doktrinasini ham eslang. Qabilalar mintaqasi, Jammu va Kashmirdagi aka-uka va opa-singillaringiz yo‘liqqan xiyonatga yaxshilab e’tibor bering. Shuningdek, ularning Mьyanma, Aqso masjidi va G‘azo sektoridagi mazlumlarga nisbatan loqaydliklariga ham bir boqing.
Sizlardan shuni so‘ramoqchimizki, Pokiston armiyasi qachondan beri gapi boru, amali yo‘q armiyaga aylanib qoldi?! Qachondan beri Islom mudofaachilari faqat yangiliklarni ko‘rib-kuzatib turishdan nariga o‘tmaydigan bo‘lib qolishdi?! Qo‘llaringizdagi qurollarni tiyib qo‘yish va intiqom olish uchun qo‘llamasangiz, nima foydasi bor?! Pokiston qurolli kuchlari safidagi sheryurak o‘g‘lonlar nega AQShning hozirgi manmanligi qarshisida olamga o‘z kuch-qudratini ko‘rsatib qo‘ymayapti?!
Birodarimiz Navid Batt Islom ahkomlariga amal qilishi va go‘zal axloqi bilan tanilgan yigitlardan biri bo‘lib, ishonchli mufakkir va taniqli siyosatchi hamdir. Shuning uchun Pokistonni hamda butun Islom yurtlarini qutqaradigan haqiqiy yo‘l xaritasini taqdim etdi. Bu – Payg‘ambarimiz Muhammad ﷺning minhoji asosidagi roshid Xalifalik yo‘li xaritasidir. Biroq, Navid Battni qadrlab, e’zozlash o‘rniga, oralaringizdagi buzuq unsurlar uni o‘g‘irlab, noma’lum erga olib ketishdi… La havla va la quvvata illa billah. Shu bois, Navid Battning darhol ozod etilishi, oilasi bag‘riga qaytishi hamda minbarlarga ko‘tarilib, Hizb ut-Tahrir safidagi birodarlari bilan birgalikda haq so‘z aytishi uchun orangizdagi har bir xolis kishilarni tegishli doiralarga bosim o‘tkazishga chaqiramiz.
Pokiston diplomatik vakolatxonasi vakillariga bunday deymiz:
Pokiston xalqining surati, obro‘si, tarixi va hozirini butun olamga sizlar namoyish qilasizlar. Navid Vattning zo‘ravonlarcha o‘g‘irlangani esa, yurtingizdagi adolat obro‘siga putur etkazadi. Shu bois, biz sizni hukumatning o‘zini o‘zi kiritib olgan tupikdan chiqarishda o‘z vazifangizni ado etishga chaqiramiz.
Ummatning qayta buyuklik darajasiga ko‘tarilishini orziqib kutayotgan har bir musulmonga:
Zulm va adolatsizlikni fosh etish vazifasini zimmasiga olgan har bir xolis jurnalistlarga:
Biz barchangizni chorlamoqdamiz: keling, Navid Battni ozod etishlari va oilasiga qaytarishlari uchun Pokiston hukumatiga va armiya generallariga bosim o‘tkazish kampaniyasiga qo‘shiling.
Alloh Taolo bunday dedi:
وَإِنِ اسْتَنصَرُوكُمْ فِي الدِّينِ فَعَلَيْكُمُ النَّصْرُ
«Agar sizdan din yo‘lida yordam so‘rasalar, yordam berish zimmangizdadir» [Anfol 72]
Muhandis Salohiddin Azoza
Hizb ut-Tahrirning markaziy matbuot bo‘limi raisi