O‘zbekistonning tashqi qarzi bir yilda 37,4 foizga oshib, 33,8 mlrd. dollarga etdi
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi o‘tgan yilga nisbatan 37,4 foizga yoki 9,2 mlrd. dollarga oshgan va joriy yil boshida 33,8 mlrd. dollarni tashkil qildi.
“2020 yilda davlat tashqi qarzining sof o‘sishi, kurslar va narxlar o‘zgarishini inobatga olganda, 5,5 mlrd. dollarni tashkil qildi. Bu o‘sish asosan yangi qarzdorliklarning jalb qilinishi va davlat qimmatli qog‘ozlarining chiqarilishi bilan izohlanadi. Xususiy qarzdorlik 3,7 mlrd. dollarga oshib, asosan banklar hissasiga to‘g‘ri keladi”, – deyiladi bank bildiruvida.
Amerikada joylashgan S&P Global Ratings xalqaro reyting kompaniyasi o‘tgan yil yozida O‘zbekistonning fiskal va tashqi qarzlari kutilganidan yuqori darajada ortib borayotganini ma’lum qilgan edi. Kompaniya O‘zbekistonning kredit reytingi kutilmasini “barqaror”dan “salbiy”ga o‘zgartirgan edi.
S&P Global Ratings buni O‘zbekiston hukumatining koronavirus pandemiyasiga bog‘liq sarf-xarajatlar vaji asosida tashqi va fiskal qarzlarni ko‘paytirib yuborgani va qarz olish sur’ati, kamida, kelgusi 12 oy mobaynida ortib borishi bilan izohlagandi.
Izoh: O‘zbekiston Markaziy banki mart oyi boshida e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra, joriy yil 1 mart holati bo‘yicha, O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari 1,1 mlrd dollarga kamayib, 33,2 mlrd dollarni tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, 2021 yil 1 yanvar holati bo‘yicha respublikaning rasmiy zaxira aktivlari 34,9 mlrd dollarni, 1 fevral holati bo‘yicha esa 34,3 mlrd dollarni tashkil etgan. Shuningdek, o‘tgan yilning 9 oyi mobaynida o‘zbek hukumati 5 mlrd 800 million dollarlik oltin sotgan. Iyul, avgust, sentyabr oylarida O‘zbekiston oltin sotish bo‘yicha dunyoda birinchi davlat bo‘lgan. Sotilgan shuncha oltinlarning puli qayoqqa ketyapti?
Bundan tashqari, KITKO analitik markazi 2020 yilda oltin qazib olish bo‘yicha etakchi o‘nta kon ro‘yxatini tuzdi. Ro‘yxatga ko‘ra, birinchi pog‘onani O‘zbekistonning Navoiy viloyatidagi “Muruntov” koni egallagan. Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili “Muruntov”da taxminan 56,7 tonna oltin qazib olingan. Shu bilan birga, konning resurs bazasi 4 ming tonnadan ziyodni tashkil etadi. Bu shundan dalolat beradiki, yaqin kelajakda 1969 yildan beri faoliyat yuritayotgan o‘zbek koni dunyodagi eng yirik oltin koni sifatida o‘z mavqeini saqlab qoladi.
Demak, o‘zbek hukumati bir tomondan shuncha oltin sotgan bo‘lsa, boshqa tomondan qarz olib, qarz botqog‘iga botib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning Yalpi ichki mahsuloti (YaIM) 60 milliard dollarni tashkil etadi. Bu O‘zbekistonning tashqi qarzi YaIMning 50 foizidan oshib ketganini bildiradi. O‘zbek rasmiylari va ba’zi taxlilchilar O‘zbekiston qarzi xavotirli darajaga etmaganini, olinayotgan qarzlar maqsadli ishlatilayotganini va o‘zini oqlashini iddao qilishayotgan bo‘lsada, O‘zbekistonda chuqur ildiz otgan korruptsiya va tanish-bilishchilik, serdaromad sohalar etakchi guruh vakillari tomonidan monopoliya qilib olingani ularning optimistik baholarini shubha ostida qoldiradi. Masalan, O‘zbekistonda so‘nggi ikki yilda 1 ming 986 nafar mansabdor shaxs korruptsiyaviy jinoyatlarni sodir etgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bunday jinoyatlar oqibatida etkazilgan moddiy zarar miqdori 2 trillion so‘mdan oshgan. Shuningdek, O‘zbekistonda 2020 yilda manzilli dasturlarni amalga oshirish uchun ajratilgan 10 trillion so‘mning 845 milliard so‘mi talon-toroj qilingan.
Korruptsiya, monopoliya, sudxo‘rlik – kapitalizm tuzumi tabiatidagi illatdir. Toki bu buzuq tuzum tatbiq qilinar ekan bir xovuch amaldorlar xalq hisobidan to‘kis-sochin yashab, egallab turgan lavozimidan foydalanib bola-chaqalariga etadigan boylik to‘plash payida bo‘lishadi. Chunki ular omonat va mas’uliyat nima ekanligini bilishmaydi. Amaldorlar xalq hisobidan yashayotganlari kamlik qilganidek yana o‘zlarini xalq ustidan xo‘jayin deb hisoblashadi. Shuncha boylik ustida yashayotgan oddiy xalq esa ro‘zg‘or tebratish, bir burda halol non topish ilinjida chet o‘lkalarda sarson-sargardon yurishga, eng qora ishlarni bajarishga majbur bo‘lishadi. Bu ham etmaganidek, yana davlat orqa oldiga qaramay olayotgan qarzlarning foizlari bilan to‘lashlariga to‘g‘ri keladi… Bu botil tuzumni uloqtirib tashlash vaqti kelmadimi?
Abdurahmon Odilov