O‘zbekiston EOII bozorida to‘laqonli ishtirok etishni rejalashtirmoqda

271
0

O‘zbekiston EOII bozorida to‘laqonli ishtirok etishni rejalashtirmoqda

 2021 yilda Evrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (EOII) a’zo bo‘lgan davlatlar bozorlarida to‘laqonli ishtirok etish uchun milliy texnik tartibga solish me’yorlari, ularning talablariga moslashtirish bo‘yicha ishlar jadallashtiriladi.

 O‘zbekiston hukumati EOII texnik reglament talablarini qabul qilish, EOII mamlakatlarida qabul qilingan 26ta texnik reglamentlar asosida maxsus texnik reglamentlarni ishlab chiqish va tasdiqlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda joriy yilgi davlat dasturi loyihasida ma’lumot berilgan.

 Ta’kidlanishicha, bundan ko‘zlangan maqsad ishlab chiqariladigan mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishdir.

 Avvalroq, “O‘zstandart” agentligida joriy yilda amalga oshiriladigan o‘zgarishlar haqida ma’lumot bergan direktorning birinchi o‘rinbosari Javlon Kattaxo‘jaev ham ushbu masalada ma’lumot bergandi.

 Xususan, Evrosiyo iqtisodiy ittifoqida joriy etilgan talablar, qoidalar va normalarni iqtisodiyotga joriy qilish, sanoat mahsulotlarini ushbu bozorga tayyorlash maqsadida 50ta texnik reglament amaliyotga kiritilgan va yangi kiritiladigan texnik reglamentlar Evrosiyo iqtisodiy ittifoqi normalariga uyg‘unlashtirilishi aytilgandi.

 Bundan tashqari, O‘zbekiston hukumati Evrosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida qabul qilinayotgan hujjatlar, o‘tkazilayotgan tadbirlar va rejalashtirilayotgan harakatlar to‘g‘risida ma’lumotlarni yig‘ish, o‘rganish va tahlillarni amalga oshirish taklifini jamoatchilik muhokamasi uchun bildirgan.

 Izoh: Ma’lumki, 11 dekabr kuni O‘zbekiston EOIIda kuzatuvchi-davlat maqomiga ega bo‘lgan edi.

 O‘zbekiston ittifoqda kuzatuvchi davlat maqomini olish arafasida “Rosselxoznadzor” 26 noyabrdan boshlab Farg‘ona viloyatidan Rossiyaga pomidor va qalampir olib kirishni taqiqladi. Keyinchilik, quritilgan o‘rik partiyasida ham xavfli zararkunanda (kapr qo‘ng‘izi) aniqlandi degan iddao bilan “Rosselxoznadzor” Farg‘onadan barcha turdagi o‘simlik mahsulotlari importini taqiqladi. Oradan ikki hafta o‘tgach Navoiy va Qashqadaryo viloyatida etishtirilgan mahsulotlarga ham taqiq joriy etildi… 18 dekabrdan boshlab (O‘zbekiston EOIIda kuzatuvchi davlat maqomini olgach) Rossiya Federatsiyasi hududiga O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatidan ettita korxonadan pomidor va qalampirni olib kirishga ruxsat berildi, bu mahsulotlarda EOIIga a’zo-davlatlar uchun karantin ob’ektlari mavjud emasligi, shuningdek, 2020 yilda pomidor mevalaridagi jigarrang burushiqlik virusi aniqlanmagani xabar qilindi. Demak, Rossiya O‘zbekistonni ittifoqda kuzatuvchi davlat maqomini olish arafasida ikkilanib qolish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi to‘g‘risida “ogohlantirib” qo‘ymoqchi bo‘lgan. Sababi, O‘zbekistonda EOIIga a’zo bo‘lish masalasi ko‘tarilganidan boshlab, o‘zbek jamiyati, xususan ziyoli qatlam ikkiga bo‘linib qolgan edi.

Birinchi guruh – ittifoqqa kirish tarafdorlari – O‘zbekiston ittifoqqa kirsa ko‘p o‘rinlarda, ayniqsa mehnat muhojirlari masalasida engillikka ega bo‘lishiga urg‘u berishdi. Rasmiy Kreml ham O‘zbekistonga ayni shu masalada bosim o‘tkazishga harakat qildi. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ham shunday bosimlar bo‘layotganini ochiq e’tirof qildi.

 Ittifoqqa kirishga qarshi bo‘lgan qismi esa, O‘zbekiston EOIIga a’zo bo‘lsa mustaqillik qo‘ldan boy berilishiga urg‘u berishdi. Ularning xavotiri bejiz emas edi. Sababi, ittifoq faqat Rossiya manfaatlarini hisobga olgan holda faoliyat olib borayotgani, ittifoqqa a’zo bo‘lgan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Belarus rasmiylari va rahbarlarining EOII borasida salbiy fikrlari internet tarmog‘larida tez-tez uchrayotgan edi. Ammo prezident Mirziyoev ularni tinchlantirish uchun “Bir narsani bilib qo‘yinglar, hech kim mustaqillikni hech kimga berib qo‘ymaydi. Mustaqillik xalq ishongan prezidentning qo‘lida”, – dedi.

 Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Vladimir Tyurdenev ham 21-dekabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan yillik matbuot anjumanida – “Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarni ko‘rganimizda, O‘zbekistonning EOIIda kuzatuvchi maqomini olganiga  “Mustaqillik – alvido” degan reaktsiya. Bu kulgili. EOIIga a’zo bo‘lgan hech qaysi davlat o‘z mustaqilligini yo‘qotmadi. Ular ko‘proq imkoniyatlarni olishdi. Chunki, bu ma’lum bir ishtirokchining miqyosiga qaramay, hamma uchun bir xil bo‘lgan teng huquqli ittifoq”, – dedi.

 Biroq, Mirziyoev 29 dekabr kuni Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga an’anaviy Murojaatnoma bilan chiqdi. Mirziyoev o‘z nutqida EOII haqida aynan mana bularni aytdi:

 “O‘zbekiston yaqinda Evrosië ittifoqida kuzatuvchi maqomi oldi. Ushbu tashkilotga a’zo bo‘lgan davlatlar bozorida to‘laqonli ishtirok etish uchun milliy texnik tartibga solish me’ërlarini ularning talablariga moslashtirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirishi zarur”.

 Mirziyoevning ushbu murojaatnomasi ortidan keyin kuni kecha jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan 2021 yil davlat dasturi loyihasida O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatidagi asosiy hujjatni o‘zgartirish taklifi bildirilgan. Amaldagi kontseptsiya esa ochiq manbalarda uchramaydi.

 O‘zbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosatini izchil amalga oshirish hamda belgilangan strategik rejalarning jadal ijrosini ta’minlash maqsadida, joriy yilning 1 dekabriga qadar tashqi siyosiy faoliyat kontseptsiyasini takomillashtirish taklif etilmoqda. Bu haqda joriy yilgi davlat dasturi loyihasida ma’lumot berilgan…

 Shuningdek, davlat dasturi loyihasida 2021 yili O‘zbekiston Evrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (EOII) a’zo bo‘lgan davlatlar bozorlarida to‘laqonli ishtirok etish uchun milliy texnik tartibga solish me’yorlari, ularning talablariga moslashtirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirishi bildirilgan.

 14 yanvar kuni Rossiya hukumati raisining o‘rinbosari Aleksey Overchuk ham Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi (EOII) kelajakda O‘zbekiston ittifoqqa qo‘shilishiga umid bildirayotganini ma’lum qildi.

 “O‘zbekistonning ittifoqda a’zolikka nisbatan voqealari qanday rivojlanishidan qat’i nazar, biz O‘zbekistonni ittifoq a’zosi sifatida ko‘rishga umid qilamiz va mamlakatlarimiz unga bunda yordam beradi”, – dedi Overchuk.

 Bundan xulosa qilish mumkinki, O‘zbekiston EOIIda kuzatuvchi davlat sifatida qolmaydi, balki unga to‘laqonli a’zo bo‘lib kirishga majbur qilinadi. Rossiya ham hozircha O‘zbekistondan umidini uzgani yo‘q va o‘z imkoniyatidaga barcha vositalar orqali bosim o‘tkazish yo‘li bilan O‘zbekistonni EOIIga a’zo bo‘lishga undamoqda. Agar Rossiya O‘zbekistonni EOIIga a’zo bo‘lib kirishiga erishsa, “bir o‘q bilan ikki quyonni urgan” bo‘ladi. Chunki, O‘zbekistonni EOIIga a’zo bo‘lishi Tojikiston uchun hech qanday tanlov ixtiyorini qoldirmaydi. Tojikiston ham yo ittifoqqa qo‘shilishga yoki o‘z me’yoriy mexanizmlarini EOII shart va talablariga moslashtirishga majbur bo‘ladi.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.