Mamlakatdagi o‘rta maktablarda hukumatning Islomga qarshi siyosati qo‘llanmoqda
Jyllands-Posten gazetasida chiqqan maqolada kelishicha, bir qator o‘rta maktablar direktorlari o‘quvchilarning maktabda namozni ado etishlariga nisbatan o‘z munosabatlarini bildirishgan. Ular yakdillik bilan, o‘quvchilarning maktablarda namoz o‘qishlari yoki ularga barcha o‘quvchilar foydalanishi mumkin bo‘lgan bo‘sh xona berilishi mumkin emasligiga qaror qilishgan. Bosh direktor Birgit Fedrosso katta shaharlardagi ko‘plab musulmon o‘quvchilar o‘qiydigan o‘rta maktablarda namoz o‘qishni taqiqlashga qaratilgan umumiy siyosat borligini tan olgan.
Ayni shu maqolaning o‘zida integratsiya vaziri Mattias Tesfae ushbu taqiqni «tanaffus paytida o‘quvchilarning namozga chaqirilishi tasavvur qilib bo‘lmaydigan holdir», deya izohlaydi.
Ushbu mamlakatda da’vo qilinayotgan «diniy erkinlik»ning musulmonlarga tegishli emasligi yana bir bor namoyon bo‘ldi. Ularning munofiqligini yanada ochib qo‘yayotgan narsa shuki, o‘rta maktablarda ko‘zlanayotgan asl maqsad o‘quvchilarni erkinlikning liberal qadriyatlari asosida «tarbiyalash» ekanligidir. Ko‘pincha turli o‘rta maktablarda xilma-xillik, bag‘rikenglik va universallik kabi fikrlarga targ‘ib qilinadi. Shunga qaramay, o‘quvchilar G‘arbning qo‘sh standartlari doirasida ta’lim oladilar.
Namozni taqiqlash siyosati shuni ko‘rsatadiki, Islom dini haqida gap ketganda tarafkashlik odatiy yondashuv hisoblanadi. Boshqa jamiyatlardagi kabi Daniya parlamentida musulmonlarga qarshi diskriminatsiya keng tus olib, mustahkam siyosatga aylandi.
Taqiq qo‘llanishiga qonuniy tus berish uchun maktab direktorlari turli bahonalardan foydalanishmoqda. Ba’zilari ilmoniylikni bahona o‘rnida qo‘llashmoqda va bu ziddiyatli bahonadir. Chunki ilmoniylik hayot haqidagi turli qarashlarga ega bo‘lgan kishilarning barchasini o‘z ichiga olishini aniq da’vo qiladi. Biroq taqiq siyosati buning tamoman aksini ko‘rsatmoqda. Chunki «neytrallik», degan narsa yana bir ahmoqona izoh bo‘lib, undan o‘rta maktablar diniy muassasa emas, balki neytral-betaraf joylar, deb da’vo qilishda foydalanilmoqda. Unday bo‘lsa, ayrim shirkat va universitetlar «neytral» emasmi? Chunki ular ishchi va o‘quvchilar uchun namozga alohida xona ajratib beradi-ku. Haqiqatda bu da’vo ahmoqona da’vodir.
Maktablar bosh direktori va integratsiya vaziri «ijtimoiy nazorat»ni ham bahona qilishadi. Ijtimoiy nazorat o‘quvchiga namoz o‘qishi uchun boshqa o‘quvchilar tomonidan «bosim o‘tkazilishi»dan bo‘lgan qo‘rquvdir. Erkak-xotin aralash bo‘ladigan o‘tirishlarga yoki ichkilikbozlik qilinadigan tungi gashtaklarga borishlari yoki ma’lum turdagi kiyimlarni kiyishlari uchun o‘quvchilarga bosim o‘tkazilgan paytda ushbu qo‘rquv qayoqda edi? Keyin, o‘z ixtiyorlari namoz o‘qishni istamaydigan musulmon o‘quvchilar bor, degan gapga dalil bormi?!
Ushbu izohlarning barchasi asossiz va kulgilidir, shuningdek, ular ko‘proq mutaassiblik va ikkiyuzlamachilikni namoyon etadi. Taqiq siyosatining haqiqiy izohi shuki, o‘rta maktablar Daniya hukumatlari qabul qilgan Islomga qarshi siyosatni qo‘llamoqda. Chunki islomiy ramzlar, turmush tarzi, qadriyatlar va islomiy o‘zlik davomiy siyosiy qarshiliklarga uchramoqda. Hatto integratsiya vaziri Mattias Tesfae musulmonlarning namoz o‘qishini «jang hayqirig‘i» deb atadi.
Namoz islomiy o‘zlikning asosiy ustunlaridandir. Bundan tashqari, o‘rta maktablarda avj olayotgan sharmandali turmush tarzlardan farqli o‘laroq, namoz uchun alohida xona ajratilishi sog‘lom muhit va munosib islomiy turmush tarzining markaziy nuqtasi bo‘lishi ham mumkin. Bu esa, ko‘pincha yuqori sinfda rivojlanayotgan sharmandali hayot tarzining aksidir. Zero, turli bayramlar o‘tkazish, ichkilikbozlik va fahsh ishlar o‘rta maktablarning ajralmas qismiga aylangan.
Biz oila boshliqlari va musulmonlar vakillarini o‘rta maktablarda namozga ruxsat berilishi uchun maktablar ma’muriyatiga bosim o‘tkazishga chaqiramiz. Modomiki, musulmon ekanmiz, musulmon o‘quvchilarga o‘zliklarini saqlashda – ayniqsa bu o‘zlik shubha ostiga olinib, taqiqqa yo‘liqqanda – ko‘maklashishimiz lozim. Ular mana shu yo‘l bilan G‘arbning ikkiyuzlamachi me’yorlari qarshisida sabot bilan turadilar. Shuningdek, Islom quvvati shu tarzda yuksaladi.