بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
Istihsaan
«اِسْتِحْسَانٌ» «Istihsaan» «إِسْتِفْعَالٌ» “istif’aal” vaznida bo‘lib, lug‘atda biror narsani chiroyli (yaxshi) deb bilishni anglatadi. Ya’ni «اِسْتِقْبَاحٌ» “istiqbaah” xunuk deb bilish so‘zining ziddidir.
Bu so‘zning istilohiy ma’nosi – mujtahidning fikriga ayon bo‘ladi-yu, ammo nususlar (Qur’on va hadis so‘zlari)da biror ifoda bo‘lmagani uchun uni ko‘rsatib berishdan ojiz bo‘lgan dalil – degan ma’noni anglatadi.
Ba’zilar: istihsaan – bir qiyosning talabidan ikkinchi, undan kuchliroq qiyosga o‘tib ketishdan iborat – deyishgan. Ba’zilar: istihsaan – qiyosdan Qur’on-sunnat nususlariga, odatga qaytish – deb hisoblashadi. Shuningdek; – bir masalada, o‘sha masalada kuchliroq sabab borligi uchun, shu kabi masalalarning hukmidan boshqa hukmga o‘tish ham istihsaan ta’riflaridan – deb bilishgan. Masalan: ular Alloh Taoloning
وَالْوَالِدَاتُ يُرْضِعْنَ أَوْلَادَهُنَّ حَوْلَيْنِ كَامِلَيْنِ لِمَنْ أَرَادَ أَنْ يُتِمَّ الرَّضَاعَةَ
– “Onalar bolalarini to‘la ikki yil emizadilar. (Bu hukm) emizishni benuqson qilmoqchi bo‘lgan kishilar uchundir”. [2-233]
degan kalomidagi umumiy bo‘lgan: “har bir onaga qilingan emizish” talabidan, yuqori martabali onani – odatda bunday onalar o‘z bolalarini emizmagani uchun – bu hukmdan chiqarib yuborishadi. (Bu esa, mavjud dalildan – hech qanday asossiz – chekinish, demakdir. Chunki nusus har bir onaga umumiy bo‘lib kelgan).
Shuningdek, ular tikuvchi va dazmollovchi kabi yollangan ishchi to‘g‘risida ham kulliy qoida talablaridan chekinish qiladilar. (Bu ham mavjud dalildan hech qanday asossiz chekinish, demakdir. Chunki Rosululloh «لاَ ضَمَانَ عَلَى مُؤتَمَنٍ» «Omonat olgan kishi (zimmasida, omonatga) kafillik yo‘q», dedilar). Holbuki, kulliy qoida shuni talab qiladiki, yollangan ishchi – agar unga qastdan yoki ehtiyotsizlik bilan zarar etkazmagan bo‘lsa – qo‘lidagi narsaga kafil bo‘lmaydi. Endi xos dalil (istehsaan) talabiga ko‘ra, uning qo‘li omonatli qo‘l bo‘lib qoladi. Xos dalil esa, o‘t qo‘yib yuborish va cho‘ktirib yuborish kabi kuch bilan zarar etkazilmagan bo‘lsa, qo‘ldagi narsaga kafil bo‘lishi istehsaandir. Ayni kafillikdan maqsad, odamlar yollanma ishchiga bergan omonatlarida xotirjam bo‘lishsin, ularga zarar etkazilishdan saqlanilsin hamda yollanma ishchilar orasida beparvolik va xiyonat ko‘payib ketmasin.
Istihsaan dalil emas. Agar chekinish kuchliroq dalilga bo‘lsa, bu dalillar o‘rtasida tarjih (kuchligini tanlash) hisoblanadi. Ammo chekinish dalilsiz chekinish bo‘lsa, bunday chekinish dalil hisoblanmaydi. Chunki Alloh Taolo bunday deydi:
فَإِنْ تَنَازَعْتُمْ فِي شَيْءٍ فَرُدُّوهُ إِلَى اللَّهِ وَالرَّسُولِ إِنْ كُنتُمْ تُؤْمِنُونَ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ ذَلِكَ خَيْرٌ وَأَحْسَنُ تَأْوِيلًا
“Bordiyu biron narsa haqida talashib qolsangiz,— agar haqiqatan Allohga va oxirat kuniga ishonsangiz — u narsani Allohga va payg‘ambariga qaytaringiz! Mana shu yaxshiroq va chiroyliroq echimdir”. [4:59]
Shariat talabi – musulmon kishi Alloh Taolo va Rosuli (s.a.v)ning hukmiga yoki shu ikkisi ko‘rsatgan ijmo va qiyosga ergashishdir. Istihsaan esa, dalildan hech qanday dalil-asossiz chekinish bo‘lib, bu ishning hukmini Alloh Taologa va Rosuli (s.a.v)ga qaytarish hisoblanmaydi.
Bu aksar sahabalarning hukmlaridir. Ya’ni ular Qur’on, Sunnat, ijmo va qiyosdan o‘zga hech narsa, hech qanday istihsaan bilan hukm qilmadilar. Bu istihsaanning ikkinchi ta’rifi to‘g‘risidagi gaplar.
Endi: “mujtahidning fikriga ayon bo‘ladi-yu, ammo nususlar (Qur’on va hadis so‘zlari)da biror ifoda bo‘lmagani uchun uni ko‘rsatib berishdan ojiz bo‘lgan dalil” – deb aytishayotgan birinchi ta’rifiga kelsak, istihsaan hujjat vazifasini o‘tolmasligi aniqdir. Chunki Ushbu ta’rifda istihsaan mujtahidning fikriga yalt etib kelgan, ammo nususlarda biror yordam bo‘lmagani uchun uni ko‘rsatib berishdan ojiz bo‘lgan dalil, deyilgan. Demak, mujtahid fikriga yalt etib kelgan narsa nima ekanini yaxshi bilmaydi-mi, binobarin, bu narsa dalil, deb e’tibor qilinmaydi. (“usul fanini engillatish” kitobidan olindi).