Livan ikki o‘t orasida: Bir tomonda Makron tashabbusini tiqishtirish ikkinchi tomonda uni buzishga urinish

320
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Livan ikki o‘t orasida: Bir tomonda Makron tashabbusini tiqishtirish ikkinchi tomonda uni buzishga urinish

Muhandis Mujdiy Ali

2020 yil 16 sentyabr kuni «Hurra» telekanali bunday xabar tarqatdi: «Hizbulloh va Amal harakatidan iborat «shia ikkiligi» Frantsiya prezidenti Emmanuel Makronning Bayrut portlashlari ortidan olib kelgan asosiy siyosiy tashabbusini chetga surishga urinayotgani g‘ayritabiiy emas».

Bu masalani, ya’ni, Frantsiya tashabbusini buzishga urinish masalasini tushunish uchun avvalo mintaqa va Livandagi ayrim masalalarni o‘rganishimiz lozim:

–             Livanda Amerika va Evropa tobelari kezib, izg‘ib yurishadi. Amerika tobelari Mishel Aun, Nabiy Bari kabi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki Eronning Livandagi Hizbi singari bilvosita tobelaridir. Bular moddiy jihatdan kuchli tomonlar hisoblanadi. Evropa, ayniqsa, Britaniya va Frantsiya tobelari esa, bular zaif tomonlar bo‘lib, ular Samir Ja’ja, Valid Jonpo‘latlardan iborat. Bular keskin qaror qila olmaydigan, balki ikkinchi tomonning ishlariga xalaqit beradigan ishlar bilan shug‘ullanadigan tobelardir.

–             Eron va uning mintaqadagi qanotlarining roli Amerikaning puxta ishlab chiqilgan siyosatini bajarishdan iborat. Bu rolь Amerika siyosati talablariga muvofiq va vaziyatga qarab kengayib-torayib turibdi.

–             Evropa Eron bilan bo‘lgan savdo yo‘llarini ochish va Eronning AQShdagi savdo munosabatlarini ozaytirishda yadroviy bitimdan foydalanmoqda.

–             Amerika Eron bilan bir tomonlama bo‘lgan va Evropa foydalana olmaydigan bitimni imzolashga qattiq urinmoqda. Bunga eng kuchli dalil, AQSh-Eron o‘rtasida stol ostidan muzokaralar ketmoqda va buni Trampning hozirgi saylovoldi kampaniyasida qilgan bayonotlari tasdiqlab turibdi. Masalan, 2020 yil 13 avgustda «Sputnik» veb-sayti Trampning «agar saylovda yutib chiqsam, Eron bilan 30 kun ichidayoq bitim imzolayman», degan bayonotini nashr qildi. Keyin 22 avgustda «Mudun» elektron sayt ham uning «Ular bitim imzolashmoqchi, aytib qo‘yay, ular bir oyda imzolashga urinayotgan bo‘lsalar, men bir haftada imzolayman va albatta bu ishni puxta bajaraman», degan bayonotini nashr qildi.

–             Amerika Eronga bo‘lgan dushmanligini boshqa davlatlarga, ayniqsa, Saudiyaga bo‘rttirib ko‘rsatmoqda. Bundan maqsad, Eronga bo‘lgan dushmanlik yahudiy vujudiga bo‘lgan dushmanlik o‘rnini egallashidir.

Ana endi, Livanning o‘zida bo‘layotgan voqea-hodisalar voqeligini tushuna olamiz:

–             Frantsiya o‘zining ayrim yo‘qotgan yoki zaiflashgan rollarini qayta tiklab olish maqsadida Livan krizisiga aralashishga urinyapti va bunda global xarakterga ega bo‘lgan dahshatli Bayrut portlashlaridan foydalanmoqchi.

–             Frantsiyaning bu urinishlariga uning Eron bilan bo‘lgan aloqasi yordam berdi. 2020 yil 6 avgustda Makron Livanga qilgan o‘zining birinchi safaridan keyinoq Ruhoniy bilan uchrashdi. Makronning izohlashicha, u Ruhoniyga Frantsiya Eronni qo‘llab-quvvatlaydi va Xavfsizlik Kengashining Eronga qarshi sanktsiyalarni uzaytirishiga qarshi Eronga yordam beradi, degan hamda Erondan o‘zining Hizbiga ko‘rsatma berishini talab qilgan. Bu Makronning Livandagi missiyasiga hamda Frantsiyaning tashabbusiga yordam berish ko‘rsatmasidir.

–             Mana shunday bir manzarada Frantsiyaning Eron Hizbi to‘g‘risida barchaning diqqatini jalb qiluvchi bayonoti yangradi. «Al-Jazira» kanali veb-saytining 2020 yil 1 sentyabrdagi xabariga ko‘ra, Makron vayron bo‘lgan portni ziyorat qilishi chog‘ida «Eron Hizbi Livan siyosiy rejimining bir bo‘lagidir va saylangan partiyasidir», dedi. Bunday kutilmagan bayonot ayrim ommaviy axborot vositalari va qolgan-qutgan norozilik harakatlarini Frantsiya tashabbusiga bo‘lgan ishonchlarini puchga chiqardi, buni ular rejim tomoniga o‘tish, deb atashdi. Tabiiyki, Makronning 2020 yil 6 avgustdagi birinchi safarida diqqatni jalb qiladigan narsa, Eron Hizbining Livan parlamentidagi a’zosi va uning parlamentdagi vakilligi raisi Muhammad Ra’d bilan ikki marta uchrashgani bo‘ldi. Zotan, Eron Hizbi bilan frantsuzlar uchrashuvlari to‘xtovsiz davom etyapti. Masalan, yaqinda Frantsiyaning Livandagi elchisi Bruno Fushe Eron Hizbining tashqi aloqalar bo‘yicha rasmiysi Ammor Musaviy bilan uchrashdi. Uchrashuv Frantsiyaning kutilayotgan hukumat tuzish ishlarini hal etish bo‘yicha sa’y-harakatlari doirasida bo‘ldi. Shuningdek, uchrashuvga Eron Hizbi bilan «Amal» harakatining Moliya vazirligiga chirmashayotgani ham sabab bo‘ldi!

–             Shunday voqealar davom etar ekan, Frantsiya bilan Evropa BMTning Eronga qarshi sanktsiyalarini yangilashiga to‘sqinlik qilishda davom etmoqda. O‘z navbatida, ayni sanktsiyalarni Xavfsizlik Kengashidan talab qilayotgan AQSh ham 2020 yil 20 sentyabrda BMTning Eronga qarshi barcha sanktsiyalarini qayta tiklashni bir tomonlama ravishda e’lon qildi. O‘sha kuni AQSh davlat kotibi bunday bayonot berdi: «Biz BMTga a’zo barcha davlatlardan Eronga qarshi sanktsiyalarning tatbiq etilishiga bo‘lgan o‘z va’dalariga vafo qiladilar, degan umiddamiz». Tramp hatto «Agar bu davlatlardan birortasi Eronga qarshi BMT sanktsiyalarini joriy qilmasa, oqibati yaxshi bo‘lmaydi», deya tahdid qilish darajasiga etdi. Bir vaqtda, Frantsiya bayonotlari buning ziddiga bo‘ldi. Masalan, Frantsiyaning BMTdagi vakili 2020 yil 20 sentyabrda bunday bayonotlar berdi: «Erondan BMT sanktsiyalarini olib tashlash harakati davom etadi, Tehron o‘z majburiyatlarini bajarmaguncha javobgar bo‘lib qolaveradi», «Frantsiya, Germaniya va Britaniya Eron bilan bo‘lgan yadroviy kelishuvni to‘liq amalga oshirishda sodiq qoladilar», «Yadroviy kelishuv Eronning yadroviy dasturini nazoratda ushlab turishning yagona yo‘lidir».

Biz Amerikaning Livandagi bayonotlari va ishlarining Frantsiya tashabbusini barbod qilish sari ketayotganiga guvoh bo‘lyapmiz:

–             Kutilmaganda Livan sahnida Mustafo Adib, degan yangi ism paydo bo‘ldi. Uni yangi hukumat tuzadigan shaxs sifatida tilga olinyapti. Aftidan, bu kimsa parlament spikeri Nabih Birriyning qanoti ostida hamda sobiq bosh vazir Najib Miqotiyning himoyasida kelganga o‘xshaydi. Chunki Adib Germaniyada elchi bo‘lib ishlagan paytda Barriy bilan yaqin aloqada bo‘lgan shaxs sifatida hamda Najib Miqotiyning maslahatchisi va vakili sifatida tanilgan. Barriy bilan Miqotiy esa, Amerikaga sodiq kimsalardir.

–             Amerikalik siyosatchilar Eron Hizbiga qarshi otashin bayonotlar bermoqda. Bu bayonotlar Amerikaning Eron va uning qanotlarini qirqishga qaratilgan sa’y-harakati doirasida bo‘lyapti. AQSh Davlat departamenti matbuot voizi Morgan Ortagus xonim 2020 yil 2 sentyabrda bunday dedi: «Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi Hizbulloh terroristik tashkilotdir, u hamon Qo‘shma Shtatlar va uning xalqaro hamkorlari uchun katta tahdid tug‘dirmoqda». Bundan tashqari, Pompeo va Shenker kabi boshqa siyosatchilar ham shu mazmunda bayonot berishdi.

–             Eron Hizbini qo‘llab-quvvatlaydi, deyilgan shaxslar va tashkilotlarga ham Amerika tomonidan sanktsiyalar joriy qilish tezlashib ketdi. Buni garchi hozirda Eronga bosim qilib, uning rolini qayta ishlab chiqishga harakat qilish, deya ko‘rilsa-da, biroq Amerikaning Livandagi odamlari Erondan hukumat tuzish o‘yinida foydalanishmoqda. Masalan Barriy bilan Eron Hizbi tuzilajak hukumatdan o‘z hissalariga ega bo‘lishga qattiq chiranishyapti. Ma’lumki, bunday hol hukumat tuzilishini barbod qiladi hamda bosh vazir vazifasini bajarayotgan Mustafo Adibni iste’fo berishga majbur qiladigan holdir. Biroq aytishlaricha, Frantsiya aralashuvi Adibdan iste’fo ishini paysalga solishini talab qilmoqda. Shu narsa e’tiborliki, «MTV» telekanali saytlarida 2020 yil 19 sentyabrda quyidagicha xabar tarqatdi: «Frantsiya Erondan «shia ikkiligini» (Hizbulloh va Amal harakatini) moliyaviy portfeldan voz kechishga ko‘ndirishni talab qildi, agar undan voz kechsa, buning muqobilida Frantsiya dushanba kuni AQShning Xavfsizlik Kengashida Tehronga sanktsiyalar joriy qilish taklifiga ovoz bermaydi, dedi. Biroq Eron Evropaning boshqa davlatlarining pozitsiyasini kutmoqda».

Ushbu Frantsiya-AQSh voqeligi bizni quyidagilarni ta’kidlashga undamoqda: Butun Evropa, xususan Frantsiya bilan AQSh o‘rtasidagi ushbu murakkab vaziyat Livanni ikki olov o‘rtasiga tushirib qo‘ydi. Ammo bu narsa Amerika bilan Frantsiyaning Eron Hizbiga nisbatan tub ixtilofli qarashlarini anglatmaydi. Yo‘q, balki bu Eron yadroviy kelishuvining AQSh tomonidan bekor qilinishi sababli Evropaning iqtisodiy ziyonlari bilan bog‘liq ixtilofdir. Butun Evropa, xususan Frantsiya ushbu ziyonni qayta tiklashga urindi. Frantsiya-AQSh kelishmovchiligida o‘z ifodasini topuvchi sahnlardan biri esa, Livan sahnidir. Shuning uchun aytishimiz mumkinki, «shia ikkiligi»ning Frantsiya tashabbusini bekor qilishga bo‘lgan urinishlari Amerikaning bevosita Nabih Barriy orqali hamda bilvosita Eron Hizbi orqali urinishlariga borib taqaladi. Buning bilvositaligi Eronning o‘z Hizbiga buyurishida ko‘rinadi.

Roya gazetasi saytidan olindi

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.