EOIK kengashi O‘zbekistonga EOIIda kuzatuvchi–davlat maqomini berish masalasini ko‘rib chiqdi
Evroosiyo iqtisodiy komissiyasi kengashining yig‘ilishida O‘zbekistonga EOIIda kuzatuvchi–davlat maqomini berish bo‘yicha qaror loyihasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda EOIK saytida xabar berildi.
Xabarda aytilishicha, yakuniy qarorni ittifoq davlatlari rahbarlari qabul qiladi.
May oyida Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida senatorlar O‘zbekistonning EOIIda “kuzatuvchi davlat” maqomida ishtirok etish taklifini ma’qullagandi.
EOII to‘g‘risidagi shartnomaning 109-moddasiga muvofiq, kuzatuvchi-davlat vakillari taklifga ko‘ra Ittifoq organlari yig‘ilishida qaror qabul qilishda qatnashish huquqisiz ishtirok etishi mumkin.
Izoh: O‘zbekistonni EOIIga qo‘shilish masalasi mamlakat ichida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. O‘zbek siyosatchilari va ziyolilari ikki guruhga bo‘linib, ittifoqqa a’zo bo‘lish tarafdorlari bo‘lgan birinchi guruh a’zolikning ijobiy tomonlarini bo‘rttirib ko‘rsatishga harakat qilgan bo‘lsa, ikkinchi guruh ushbu ittifoq mamlakat mustaqilligiga tahdid tug‘dirishiga urg‘u berishdi.
Ma’lumki, Karimov prezidentligi davrida o‘z hokimiyatiga xavf paydo qilishi mumkin degan qo‘rquv bilan O‘zbekistonni bu kabi iqtisodiy ittifoq va harbiy bloklar bilan masofa saqlab munosabat qilar va uning davrida bu borasida gap ham bo‘lishi mumkin emas edi. Karimovdan keyin hokimiyat tepasiga kelgan Mirziyoev undan farqli ravishda ochiqroq siyosat olib bora boshladi. Qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni qayta tiklagani kabi, AQSh bosimi ostida O‘zbekistonni Jahon savdo tashkilotiga olib kirish harakatini boshlagan bo‘lsa, boshva tomondan Rossiya bosimlaridan qutulish uchun EOIIga kuzatuvchi davlat sifatida kirishga rozi bo‘ldi. Ammo O‘zbekistonni kuzatuvchi maqomi Rossiyani qanoatlantirmadi. Shu sababli ham Rossiya o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari orqali bosim o‘tkazishni davom ettirmoqda. Hatto O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri bunday bosimlar mavjud ekanligiga iqror bo‘ldi.
“Fuqarolarimiz taqdirini engillashtiradigan qator hujjatlarni tayyorlagan edik. Rossiya bilan bir-ikkita hujjatlarni imzolamoqchi bo‘lgan edik, lekin ular qabul qilmadi. Juda ko‘p nozik tomonlari bor, buniyam, o‘ylaymanki, senatorlarimiz bilishi kerak. Ular aytyaptiki, “To‘g‘ri yozilgan, yaxshi shartnoma. Shartnomani nima qilasiz? Mana, Evrosiyo iqtisodiy ittifoqiga to‘liq a’zo bo‘lib kiringlar. Hech qanaqa shartnoma kerak bo‘lmaydi. Ana shunda hamma muammolar o‘z yo‘li bilan hal bo‘lib ketadi”, – dedi Komilov. Demak, Rossiya O‘zbekistonni EOIIga a’zo qilib olib kirmaguncha bosimlarini to‘xtatmaydi.
EOII iqtisodiy ittifoqdan ko‘ra ko‘proq siyosiy maqsadlarni ko‘zlagan tashkilot bo‘lib, asosan rus hukumati manfaatlarini himoya qilish va o‘zini SSSRning merosxo‘ri sifatida ko‘ruvchi Rossiyaning imperiya da’volarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida xizmat qiladi. Bugungi kunga qadar mazkur ittifoqdan foyda ko‘rgan faqat Rossiya bo‘lmoqda. Ammo bu ittifoqning kelajagi yo‘q. Rossiyaning Belorus va Qozog‘iston bilan kelishmovchiliklari kuchayib borishi, Armanistonni ittifoq doirasida foyda ko‘rmayotgani, ittifoqqa a’zo bo‘lish evaziga Rossiya va’da qilingan gaz narxlari bo‘yicha e’tirozlari, qirg‘iz siyosiy doirasida ittifoqqa qarshi muhitni kuchayib borishi yaqin kelajakda EOII zavol topishidan darak beryapti.
Abdurahmon Odilov