Butun Amerikani qamrab olayotgan ommaviy norozilik namoyishlari va buning AQSh tashqi siyosatiga ta’siri

833
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Savolga javob

Butun Amerikani qamrab olayotgan ommaviy norozilik namoyishlari va buning AQSh tashqi siyosatiga ta’siri

Savol:

Ikki haftadan beri Qo‘shma Shtatlarda ommaviy norozilik namoyishlari davom etmoqda. Bu namoyishlar davomida zo‘ravonliklar sodir etildi, savdo do‘konlari talandi va politsiya uchastkalari yoqib yuborildi… Xo‘sh, bitta qora tanli amerikalikning o‘ldirilishi shunchalik norozilik olovini yoqdimi? Vaholanki, ilgari bunday holatlar ko‘p sodir bo‘lgan, lekin bu kabi noroziliklar kelib chiqmagan edi! Buning oqibati AQSh tashqi siyosatiga ta’sir qiladimi?

Javob:

Ushbu savollarga javob tiniq bo‘lishi uchun quyidagilarni keltirib o‘tamiz:

1 –   2020 yil 25 may kuni AQShning Minnesota shtatidagi Minneapolis shahrida Amerika politsiyachisi afro-amerikalik bo‘lgan Jorj Floydni shafqatsizlarcha o‘ldirdi. Politsiya xodimi ushbu dahshatli jinoyatni politsiya korpusida o‘rgangan bo‘g‘ish texnikasidan foydalangan holda sodir etdi. Ya’ni, Floydning asfaltga yotqizib, uning karotis arteriyasini tizzasi bilan bo‘g‘di. Bu holat to‘qqiz minut davom etdi, bu orada Floyd «nafas ololmayapman», deya xirilladi… so‘ng jon taslim qildi. Bu manfur jinoyatni barcha amerikaliklar ko‘rdi, Amerika politsiyasining qora tanlilarga nisbatan naqadar shafqatsiz ekaniga o‘z ko‘zlari bilan guvoh bo‘lishdi. Ertasiga odamzodga nisbatan shu darajada vahshiyona munosabatda bo‘linganini qoralovchi namoyishlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri shu shaharda alanga oldi. Keyin bunday alamli bo‘g‘ish tasvirlangan videolavha ijtimoiy aloqa tarmoqlarida keng tarqalishi manzarasida, namoyishlar AQShning boshqa shaharlariga ham ulanib, hatto mamlakatning 80dan ziyod shtatida boshlanib ketdi… Keyin hukumat namoyishlarni to‘xtatish maqsadida komendantlik soati e’lon qildi, chunki namoyishlarga qotillik, talonchilik, savdo do‘konlari va politsiya uchastkalarini yoqib yuborish kabi qator zo‘ravonliklar qo‘shilib ketdi. Amerika politsiyasi namoyishchilarga shafqatsiz munosabatda bo‘lishga o‘tib, turli shaharlarda 4 mingdan ziyod shaxsni qo‘lga oldi, bir necha shaxsning o‘lganini ma’lum qildi. Xavfsizlikni ta’minlash va ko‘chalarni nazoratga olish uchun Milliy gvardiya chaqirildi. Hatto poytaxt Vashingtonda xavfsizlikni o‘rnatish uchun armiya jalb qilindi, bu AQSh tarixida ilgari uchramagan edi. Namoyishchilarning Oq uyga bostirib kirishlaridan qo‘rqib, prezident Trampni er osti yashirin joyiga o‘tkazishdi.

2 –   Amerikadagi bu norozilik namoyishlari birin-ketin kelayotgan hukumatlar og‘iz ko‘pirtirib maqtanib kelgan ichki barqarorlikni izdan chiqarib yubordi… Olovning alanga olishi, do‘konlarning talon-toroj qilinib, politsiya uchastkalarining xonavayron etilishi amerikaliklarni shu paytgacha o‘z hukumatlari boshqa davlatlarda yoqib kelgan jahannam olovidan ogohlantirdi. Amerikaning butun dunyoga nisbatan qo‘llagan zo‘ravonlik va beboshligi o‘zlarining ham boshiga etayotgani bilan tahdid qildi. Manzara har qanday o‘lchovda dahshatga soladigan darajada bo‘ldi: prezident Oq uy atrofidagi namoyishchilarni ularga qarshi quturgan itlarni qo‘yib yuborish bilan, agar Oq uyning devorlaridan oshib o‘tishga jur’at qiladigan bo‘lishsa, dunyodagi eng qirg‘inbarot qurollarni qo‘llash bilan tahdid qildi. Vaholanki, ular qalin temirli va betonli devor edi. Tramp shtat gubernatorlaridan o‘z shtatlaridagi namoyishchilarni shafqat qilmay qaytarishni, xavfsizlikni kuch bilan o‘rnatishni talab qildi. Ularga Milliy gvardiyadan yordam olishni taklif qildi. AQSh armiyasini tayyor holatga keltirib, agar politsiya va soqchilar xavfsizlikni o‘rnatishga muvaffaq bo‘lolmasalar, armiyani 4 soat ichida aralashishni buyurdi. Haqiqatda ham, armiya poytaxt Vashingtonga joylashtirildi, ammo keyinchalik bu qadamni o‘zgartirishga to‘g‘ri keldi, chunki AQSh qo‘shinlari xalqqa qarshi qo‘yilishi ortidan prezident qator tanqidlarga uchradi. Boshqa tomondan olganda, g‘azablangan olamonni na politsiya to‘xtata olardi, na soqchilar va na koronavirus xavfi. Namoyishning bir qismi tinch namoyishchilar bo‘lib, ular fuqarolik huquqlari ta’minlanishini, qotillarni jazoga tortilishini va politsiya apparatida islohot o‘tkazilishini talab qilishdi. Ikkinchi qismi hukumat markazlariga, ayniqsa, politsiyaga hujum qilishni, u erlarni yoqib, vayron etishni qasd qilganlar bo‘lib, prezident Tramp ularni radikal anti-kapitalist «Antifa» harakati, deb atadi! Uchinchi qismdagilar talash, o‘g‘irlash va fitna chiqarish kabi ishlar bilan shug‘ullandi.

3 –   Oq tanlilar AQSh politsiyasini o‘zlarining asl tayanchi deb hisoblaydi. Shu bois, politsiya qora tanli aholini tahqirlashga odatlangan. Politsiya xodimlari qo‘lida ko‘plab qora tanlilar o‘ldirilgan. Bu hodisalardan ba’zilari hujjatlashtirilgan va tasvirga olingan, ulardan navbatdagisi, Floydning o‘ldirilishi bo‘ldi. Bular juda kam holatlarda uchraydigan hodisalar emas, aksincha juda ko‘p takrorlanib turadi. Chunki Qo‘shma Shtatlardagi irqiy kamsitish ularning jamiyatida ko‘zga yaqqol tashlanuvchi his etilgan illatga aylangan.

Lekin bu erda ma’lum sabablar ham borki, 2020 yil 25 may kuni Minneapolis shahridagi Floydning o‘ldirilishi xalq g‘azabi ko‘lamini kengaytirib yubordi. Va bu AQShdagi davlat organlarining asosan qora tanlilarga qarshi sistematik ravishda sodir etayotgan irqiy kamsitish siyosatiga qarshi g‘azab bo‘ldi. Ba’zisi eski va ba’zisi yangi bo‘lgan bu sabablardan ayrimlarini misol tariqasida keltirib o‘tamiz:

a)     AQSh jamiyatida integratsion jarayonning barbod bo‘lishi:

Hozirgi Amerika jamiyati o‘ziga xos irqchilik asosida shakllangan. Masalan, inglizlar va butun evropaliklar Amerikani yurtning asl egasi bo‘lgan millionlab qizil tanli odamlarni qirg‘in qilish bilan mustamlaka qilishgan. Bosib olingan yangi mintaqalarda ishchi kuchiga ehtiyoj sezilganda esa, Afrikadan qullar olib kelingan edi. Shu bois, amerikaliklar kelib chiqishi afrikalik bo‘lgan har bir insonga o‘zlarining qullari, deb qarashadi. Bu holat bir necha asr davomida rasman shunday davom etdi. Ushbu davr mobaynida afro-amerikaliklar irqiy ajratishlarga hamda oq tanlilarning plantatsiyalari va korxonalarida majburiy mehnatga duchor bo‘ldilar. Milodiy 1790 yilda qabul qilingan grajdanlik huquqi qonuniga ko‘ra, qora tanlilarni fuqaro deb tan olishdan bosh tortilib, Amerika fuqaroligi faqat oq tanlilarga berildi. Garchi afro-amerikaliklar o‘n to‘qqizinchi asrning oltmishinchi yillarida ovoz berish kabi ayrim huquqlarga ega bo‘lsalar-da, biroq to fuqarolik urushi tugagunga qadar irqiy kamsitish Amerikada rasman amal qilindi. O‘n to‘qqizinchi asr o‘rtalaridan keyin «grajdanlik huquqi», deb atalgan yirik harakat paydo bo‘ldi va unda Martin Lyuter King qora tanlilarning Amerikadagi rahbari sifatida shuhrat qozondi. Buning natijasida, qora tanlilarning haq-huquqlari amerikalik fuqarolar sifatida rasman tan olindi. Shundan boshlab afro-amerikaliklar ota-bobolarimiz erisholmagan fuqarolik huquqiga erishdik, deb o‘yladilar. Biroq bu oq tanli amerikaliklar miyasida deyarli o‘zgarish paydo qilgani yo‘q, ularga nisbatan irqchilik bilan muomala qilishda davom etishdi. Amerika rahbarlari irqchilikka barham berilgani to‘g‘risida og‘iz ko‘pirtirib bayonotlar berishsa-da, biroq ko‘plab hujjatlar bu yurtda kelib chiqishi afro-amerikalik bo‘lganlarga qarshi irqchilik ildiz otganidan darak berardi. Amerikada qora tanlilarga nisbatan irqchilik illatining saqlanib qolganiga, turmalarda qora tanli amerikalik mahbuslarning oq tanli amerikalik mahbuslardan bir muncha ko‘pligi ham, qora tanli ishsizlarning ancha ko‘pligi ham aytib turibdi. Shuningdek, afro-amerikalik oilalarning o‘rtacha daromadi bilan oq tanli amerikaliklar daromadini solishtirilganda ham o‘rtada ulkan farq borligini yaqqol ko‘rish mumkin. Sog‘liqni saqlash va boshqa xizmatlar ham aksar aholisi qora tanli fuqarolarni tashkil qiladigan «qoralar kvartali», deb ataluvchi rayonlarda, taraqqiy topgan, deb hisoblanuvchi rayonlarga nisbatan bir muncha qisqartirilgan. Ushbu ko‘proq taraqqiy topgan rayonlarda sog‘liqni saqlash xizmatlari keragicha to‘la ta’minlangan hamda oq tanli amerikaliklar istiqomat qiluvchi uy-joylarning ijaralari ham ancha qimmat.

b)     Hokimiyatga irqchi Tramp ma’muriyatining kelishi:

Prezident Trampni qo‘llab-quvvatlovchi guruh oq tanlilarni boshqalardan ustun, deb hisoblaydi. Bu guruhdagilar Oq uyga Tramp kelganidan boshlab qo‘llab-quvvatlanadigan bo‘ldi. Ular o‘zlarini milliy jihatdan qo‘llab-quvvatlovchi rahbarni Tramp misolida ko‘rishdi. Ular ayni irqiy ustunlikka diniy tus beruvchi evangelist masihiylar bilan qorishib-birlashishdi. Ular prezident Trampning musulmonlarga qarshi ochiq bayonot berishlarini, ulardan ayrimlarining Amerikaga kirish vizalarini olishdan taqiqlaganini, meksikaliklarga qarshi bayonotlar berayotganini, Meksika chegaralari bo‘ylab devor qurish kabi tuzgan ba’zi rejalarini, Xitoyga qarshi savdo urushi e’lon qilganini, koronavirusni xitoylar virusi, deb atayotganini, AQSh ichkarisidagi xitoyliklarga qarshi to‘lqin paydo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashdi. Shuningdek, bu guruhdagilar Trampning 2017 yilda Virjiniya shtatidagi fashistlar namoyishlariga bag‘rikenglik qilganini, etnik ozchilik xalqlarga nisbatan og‘zidan doim tahqirlovchi so‘zlar chiqishini hamda Floyd o‘limi haqida «qora odam», deya izohlab, AQShdagi «qora odamlar» namoyishini qo‘llovchi harakatni bostirish zarur, degan gaplarini ham qo‘llab-quvvatlashdi. Shularning barchasining oqibati o‘laroq, Amerikadagi iqrchilikka gijgijlovchi asosiy omil prezident Tramp bo‘lib qoldi. Shuning uchun ham bu kimsaning qudratdaligi paytida Amerikada qora tanlilar, musulmonlar, meksikaliklar va xitoyliklarga qarshi dushmanona munosabatlar g‘oyat taranglashdi… Bu etnik ozchilikka amerikaliklardan ishlarni tortib olish va boyliklariga ega chiqish uchun kelgan buzg‘unchilar, deb qaraladigan… keyin Amerika jamiyatidagi aksar sektorlarda irqchilik yaqqol ko‘zga tashlanadigan bo‘lib qoldi.

v)     Koronavirusning AQSh ichkarisidagi oqibatlari:

Amerikada Floydning o‘ldirilishiga qarshi noroziliklar olovini yanada alangalatgan sabablardan biri, bu hodisaning koronavirus tarqalishiga qarshi ko‘rilgan karantin choralari bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelganidir. Zero, karantin choralari amerikaliklarni ancha tashvishga solib qo‘ygan edi. Boshqa tomondan esa, ishsizlik nisbati juda yuqorilab ketib, amerikaliklar o‘z kelajaklaridan xavotirga tushib qolishdi. Uchinchidan, amerikaliklar yurtda o‘z hukumatlarining koronavirus tarqalishiga qarshi o‘z vaqtida kurashda ayanchli muvaffaqiyatsizlikka uchraganini ko‘rishdi. Zero, tibbiy ashyolar va jihozlarning juda qattiq tanqisligi sezilayotgan edi. Vaholanki, koronavirus zarbasi Amerikaga Xitoy va Evropadan keyin etib keldi, bu vaqt Amerika uchun foydalanib qolish zarur bo‘lgan imkoniyat edi. Bundan tashqari, AQSh ma’muriyati ayni epidemiyaga qarshi kurashda adashdi va bu narsa Amerikadagi rasmiy doiralarida Tramp ma’muriyatining koronavirus krizisini hal etish uslubi xususida bo‘linishni keltirib chiqardi.

Mamlakat ichkarisidagi og‘ir va muhim masalalardan yana biri shuki, Amerika jamiyati kapitalistik tuzumning nosozligini har qachongidan ko‘proq his eta boshladi. Chunki Amerikada boylikning bir hovuch kapitalist elita foydasiga, ya’ni, siyosatga o‘z ta’sirlarini o‘tkazuvchi lobiyistlar manfaatiga muvofiq taqsimlanishi juda keng tus olgan. Bunday siyosat ayni elitaning soliqlardan ko‘proq ozod etilishini ta’minladi. Holbuki, soliqning halokatli qismi o‘rtacha va cheklangan daromad ko‘ruvchi fuqarolar bo‘yniga tushadi. Haqiqatdan ham, Amerikadagi bu noroziliklar anti-kapitalist harakat «Antifa»ning quvvati tobora kuchayayotganini ko‘rsatdi. Tramp tomonidan terrorchi, deya tasniflangan bu harakat, 2008 yilgi moliyaviy krizisdan so‘ng kapitalizmning asosiy markazi bo‘lib kelayotgan «Uoll-strit» birjalarini bosib olishga chaqirdi… Harakat tarafdorlari soni ortdi va AQSh jamiyatida chuqur ildiz otdi… kapitalizmga qarshi hayqiriqlar ko‘paydi… Bugun ushbu harakat namoyishchilarni politsiya uchastkalari kabi hukumat bo‘g‘inlarini vayron etishda va yoqishga chaqirganlikda ayblanmoqda.

4 –   Bularning barchasi AQSh tashqi siyosatiga sezilarli darajada ta’sir qildi. Buning sabablari quyidagicha:

a)     AQShdagi bo‘linish holati:

Tramp ma’muriyati Amerikaning mustahkam birlashgan davlat emasligini 2017 yildan beri isbotlamoqda. Bir talay siyosatlar amerikaliklarni bo‘lib tashladi, masalan, urushlar siyosati, AQShning dunyodagi malaylariga ko‘rsatayotgan xalqaro yordamlari siyosati, soliq siyosati hamda etnik ozchilikka bo‘lgan munosabat, immigratsiya va boshqa ko‘plab siyosatlar. Lekin Tramp qudratga kelishining o‘zi bu yurtdagi bo‘linishga asosiy sabab bo‘ldi. Bu kimsadagi g‘oyat takabburlik, amalparastlik, beboshlikni haddan ziyod yaxshi ko‘rish, aqlipastlik, ichki kurashlarni keltirib chiqarishga moyillik, dushmanni sindirish bilan rohatlanish… kabi qator illatlarning barchasi yo prezident Tramp tomonida tur yoki unga qarshi tur kabi haqiqatan ham Amerikaning Tramp masalasida bo‘linishiga, olib keldi. Uning ma’muriyatida ishdan bo‘shatishlar va iste’fo berishlar shu darajada ko‘paydiki, ilgarigi prezidentlar davrida bunchalik bo‘lmagan. Bir tomondan koronavirus krizisi, boshqa tomondan prezident bilan shtat gubernatorlari o‘rtasidagi dahanaki janglar Amerikadagi bo‘linish ko‘lamini yanada kengaytirdi. Ushbu bo‘linish Amerikaning siyosiy va moliyaviy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, butun jamiyatida aks etmoqda. Bu prezident va uning ma’muriyatining xalq noroziliklari krizisiga irqchilikdan kelib chiqib, munosabatda bo‘lishi yurtdagi bo‘linish oloviga moy sepib battar alanga oldirmoqda. Chunki Tramp Floyd o‘limidan keyin boshlangan norozilik harakatiga qarshi chiqdi va xavfsizlikni kuch bilan o‘rnatmoqchi bo‘ldi. Bunday pozitsiyasiga nafaqat Demokratlar bilan shtat gubernatorlari, hatto o‘zining mudofaa vaziri ham qarshi chiqmoqda. Mudofaa vaziri prezident Oq uy yaqinidagi cherkovni ziyorat qilganida unga hamrohlik qilgani uchun uzr so‘radi. Chunki prezident kelishidan oldin xavfsizlik xizmati tomonidan namoyishchilar haydab chiqarilgan edi. Zero, Trampning bunday harakatlari uning siyosiy tashviqoti o‘laroq baholandi. Quyidagi xabar ushbu ichki mojarolarga yaqqol misol bo‘ladi: «Amerikalik sobiq mudofaa vazirlari va o‘nlab harbiy amaldorlar qo‘shma bayonnomada prezident Trampni namoyishchilarga qarshi armiyani jalb qilish to‘g‘risidagi fikri uchun qasamyodini va konstitutsiyani buzganlikda ayblashdi. Bayonnomaga imzo chekkanlar orasida sobiq mudofaa vaziri Jeyms Mattis ham bor». (Al-Jazira, 2020 yil 7 iyun). Bu norozilik faqat sobiq vazirlarga cheklangani yo‘q, balki keskin ravishda hozirgi vazirlarni ham o‘z ichiga oldi. Ayni manbada yana bunday deyilgan: «CNN axborot agentligi AQSh mudofaa vazirligi (Pentagon)dagi bir rasmiyning so‘zlarini keltirdi. Unga ko‘ra, prezident Donalьd Tramp poytaxt Vashington va boshqa shaharlarga o‘n ming nafar askar joylashtirilishini talab qilgan. Mudofaa vaziri Mark Esper bilan AQSh Bosh shtabi boshlig‘i Mark Mayli bu talabga norozi bo‘lishdi. Bu Vashingtonda va Amerika bilan Evropaning boshqa shaharlarida AQSh politsiyasining zo‘ravonligi va irqchiligiga qarshi ommaviy noroziliklar boshlanishi ortidan yuz berdi. «The New Yorker» jurnalining Oq uydagi bir manbaga tayanib aytishicha, prezident Tramp bilan general Mark Mayli o‘rtasida dahanaki jang bo‘lib o‘tgan. Jurnalga ko‘ra, general Mayli Trampning noroziliklarni bostirish uchun ko‘chalarga armiyani joylashtirish talabiga ovozini baland qilib qarshilik bildirgan. Mayli armiyaning ko‘chalarga joylashtirilishini qonunga xilof, deb hisoblaydi».

b)     Prezidentlik saylovlari vaqti:

Masalani yanada murakkablashtirayotgan narsalardan biri bu noroziliklarning Demokratlar nomzodi Jo Bayden bilan Respublikachilar nomzodi Trampning saylovoldi kampaniyalari vaqtida alanga olgani bo‘ldi. To‘g‘ri, prezident Tramp o‘zining prezident sifatidagi kelajagidan qattiq havotirda va u shu yilning noyabr oyida qayta saylanishni istaydi, hatto bu uning uchun birinchi raqamdagi masala. Biroq uning xavotiriga asosiy sabab, koronavirus oqibatlari va uning AQSh iqtisodiyotiga ta’sir qilib, millionlab amerikaliklarning o‘z ish joylaridan ajralishlari hamda uning koronavirus krizisini noto‘g‘ri muolaja qilyapti, degan gap-so‘zlardir. Chunki u demokrat raqiblarining saylovoldi kampaniyada ayni faktlardan unga qarshi foydalanishidan qo‘rqmoqda. Qolaversa, bu norozilik namoyishlari to‘lqini avj olar ekan, prezident Tramp o‘z shaxsini xavfsizlikni o‘rnatishga va mol-mulklarni saqlab qolishga qodir kuchli inson sifatida ko‘rsatmoqchi va bu uning saylov imkoniyatlarini oshiradi. Ammo raqibi Jo Bayden, Demokratlar partiyasi va boshqa kuchlar esa, bu holatni aksincha tasvirlashmoqchi. Ular Trampni Amerikani bo‘lib tashlashga harakat qilayotgan, Floydning o‘limi va namoyishlar hodisasi oqibatida AQSh jamiyati uchragan jarohatga malham bo‘la olmaydigan kimsa sifatida ko‘rsatishmoqchi. Namoyishchilarga qarshi o‘zining fashistik bayonotlari sababli shuncha zo‘ravonlik va tartibsizliklarga prezident Trampni javobgar qilib ko‘rsatishmoqda.

v)     Davlatning noroziliklarni bostirishi:

AQSh hukumatining xalq noroziliklariga nisbatan qo‘llagan shafqatsiz va vahshiyona uslublariga hamda prezidentning xavfsizlikni kuch bilan, quturgan itlarni ishga solib, qirg‘inbarot qurollar yordamida o‘rnatish haqidagi so‘zlariga butun dunyo davlatlari guvoh bo‘ldi. Amerikada minglab namoyishchilarning qamoqqa olinishi, politsiya ularni tayoqlari bilan urayotgani, ularga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llayotgani… hammaning ko‘z o‘ngida sodir bo‘ldi. Vaholanki, bunday ishlardan bu yurt o‘nlab yillardan beri xoli edi. Bularning barchasi Amerikaning inson huquqlari, so‘z erkinligi, muxolafatni qo‘llab-quvvatlash kabi dunyo bo‘ylab o‘z dushmanlariga qarshi foydalangan hujjatlarini puchga chiqarmoqda. Bularning hammasi AQShning tashqi siyosatidagi eng katta oqlovidan mahrum bo‘lishiga bevosita ta’sir qilmoqda. Buni Rossiya tashqi ishlar matbuot voizasi Mariya Zaxarovaning «2020 yil may oyi oxirlari va iyun boshlaridan e’tiboran, AQSh Er kurrasidagi biror insonga inson huquqlari masalasida mulohaza bildirish huquqini yo‘qotdi», degan so‘zlari ham tasdiqlamoqda. Zaxarova AQSh hukumatining namoyishchilarga va irqiy kamsitishga va Amerika politsiyasining zo‘ravonligiga qarshi norozi bo‘lganlarga nisbatan munosabatiga izoh berar ekan, «Tamom, shu lahzadan boshlab, AQShda ayni huquq yo‘q endi!», dedi. (Yavmus sabi’, 2020 yil 2 iyun).

5 –   Shunday qilib, demak, irqchilik Qo‘shma Shtatlarda ildiz otgan. Bir oz vaqt pasayishi mumkin, ammo qayta yanada avj olaveradi. Chunki bu asli Amerikaning kapitalistik tuzumi paydo bo‘lganda shakllangan fikriy kasallikdir. Zotan, inson o‘ylab topgan har bir tuzum bu illatdan xoli emas. Chunki bunday tuzumlar oq tanlini qora tanlidan afzal bilgan inson istagiga va nafs-havosiga bo‘ysunadi. Zero, bunday istakka ega bo‘lgan inson, garchi oq tanlini qora tanlidan afzal deb bilish boshqalarga, qolaversa, vaqti kelganda o‘zlariga zarar etkazishini bilsalar ham o‘z istaklaridan qaytishmaydi.

Bunday irqchilikka barham bergan va bundan keyin ham barham beradigan faqat Islomdir. Islomda inson insondan na rangda ajratiladi va na obro‘da, na boylikda, aksincha, hamma insoniyat bir bo‘lib, bir-birlaridan faqat taqvo bilan afzal hisoblanadilar. Alloh Subhanahu bunday deydi:

يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَى وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوباً وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِير

«Ey insonlar, darhaqiqat Biz sizni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-biringiz bilan tanishishingiz (do‘st-birodar bo‘lishingiz) uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila-elatlar qilib qo‘ydik. Albatta sizlarning Alloh nazdidagi eng hurmatligingiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta Alloh bilguvchi va ogohdir» [Hujurot 13]

Bayhaqiy Abu Nazradan, u Jobir ibn Abdullohdan qilgan rivoyatda aytiladiki, bizga  Rosululloh ﷺ tashriq kunlari o‘rtasida vidolashuv xutbasini qilib, bunday dedilar:

«يَا أَيُّهَا النَّاسُ، إِنَّ رَبَّكُمْ وَاحِدٌ، وَإِنَّ أَبَاكُمْ وَاحِدٌ، أَلا لا فَضْلَ لِعَرَبِيٍّ عَلَى عَجَمِيٍّ، وَلا لِعَجَمِيٍّ عَلَى عَرَبِيٍّ، وَلا لأَحْمَرَ عَلَى أَسْوَدَ، وَلا أَسْوَدَ عَلَى أَحْمَرَ، إِلا بِالتَّقْوَى، إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللهِ أَتْقَاكُمْ، أَلا هَلْ بَلَّغْتُ؟»، قَالُوا: بَلَى يَا رَسُولَ اللهِ، قَالَ: «فَلْيُبَلِّغِ الشَّاهِدُ الْغَائِبَ»

«Ey insonlar, albatta Robbingiz bitta, otangiz bittadir. Ogoh bo‘lingizki, arabning ajamdan, ajamning arabdan, qizil tanlining qora tanlidan, qora tanlining qizil tanlidan afzalligi yo‘q, faqat taqvodagina afzaldirlar. Sizning Alloh nazdida eng hurmatligingiz eng taqvoligingizdir. Ogoh bo‘linglar, dedi. So‘ng: Etkazdimmi? – dedilar. Ha, etkazdingiz, yo Rosululloh deyishdi. Shunda Rosululloh: Bas, bu erda hozir bo‘lganlar hozir bo‘lmaganlarga etkazsin, dedilar». (Shu kabi rivoyatni Busayriy ham rivoyat qilgan). Tabariy ham shunday rivoyat qilgan va rivoyatida «qora tanli oq tanlidan, oq tanli qora tanlidan afzal emas» degan.

Ha, irqchilikni yo‘q qiluvchi faqat Islomdir, chunki uni butun olam Parvardigori nozil qilgan. Islom odamlarni haqqa etaklaydi va butun olamga ezgulik ulashadi.

20 shavvol 1441h

11 iyun 2020m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.