OTB Qirg‘izistonga koronavirusga qarshi kurashga 50 mln dollar ajratadi
Ushbu mablag‘lar respublikaga “Faol munosabat va sarf-xarajatlarni qo‘llab-quvvatlash” dasturi doirasida kelib tushadi.
Osiyo taraqqiyot bankining rasmiy xabarida ma’lum qilinishicha, moliyaviy yordamning katta qismi Qirg‘iziston hukumati pandemiya oqibatlarini engillashtirish uchun qabul qilayotgan eng muhim choralarga yo‘naltiriladi. Bunday choralar sirasiga aholining zaif qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda kichik va o‘rta biznesni rag‘batlantirish kiradi.
Yordam paketi OTBning 25 mln dollarlik imtiyozli krediti va Osiyo taraqqiyot jamg‘armasining 25 mln dollarlik grantini o‘z ichiga oladi.
Aprelda OTB Qirg‘izistonga 200 ming dollar miqdorida favqulodda tibbiy yordam ajratgan. Ushbu pullar YuNISEF liniyasi bo‘yicha dori-darmon va tibbiy qurilmalar xarid qilish uchun sarflangan.
Izoh: Bunga qadar Bosh vazir o‘rinbosari Erkin Asrandiev, “Tashqi yordamning sarflanishi to‘g‘risida hisobot taqdim etish taklif qilindi. Biroq mavjud tizim bunga yo‘l qo‘ymaydi. Nazorat bo‘yicha aytsak, Hisob palatasi, yana boshqa nazorat organlari, Jogorku Kenesh bor”, — degan edi.
Ammo rasmiy xabarlarda xalqaro tashkilotlardan olinayotgan qarzlar byudjet harajatlarini qoplash uchun sarflanishi aytilmoqda. XVFdan olingan 120,8 million dollar ham byudjet harajatlarini qoplash uchun o‘tkazilgani aytildi. OTB rasmiy xabarida qarzning katta qismi kam ta’minlanganlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilishini xabar qildi. Demak, olinadigan bu qarz ham byudjet harajatlarini qoplash uchun sarflanishi kerak. Ammo, Bosh vazir Muxammedkaliy Abilgaziev iyun oyiga kelib pensiya, nafaqa va ish haqi masalasida qiyinchiliklar paydo bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi. Agar olinayotgan shuncha qarzlar byudjet harajatlarini qoplash uchun sarflanayotgan bo‘lsa pensiya, nafaqa va byudjetdan oylik oladiganlarning ish haqi masalasida muammo qaerdan paydo bo‘lmoqda?
Buning javobi oddiy, biz hukumatdan o‘z faoliyatini ochiq-oshkora olib borish, sarf-harajatlari hisobini talab qilmaganimiz sababli rasmiylar qo‘llariga tushgan mablag‘ni o‘zlari istagancha sarflashmoqda. Bir kun kelib bu qarzlarni qaytarish vaqti kelganida hozir amalda bo‘lgan, o‘z o‘g‘rilik va qallobliklarini yopish uchun xalqaro tashkilotlardan ketma-ket qarz olayotgan amaldorlar o‘z cho‘ntaklaridan to‘lashmaydi. Balki, oddiy xalq to‘lagan soliqlar, tabiiy boyliklar hisobidan bu qarzni to‘lashadi. Ya’ni oddiy xalq emagan somsasiga pul to‘lashga majbur bo‘ladi.
Rasmiy hukumat chetdan qarz olib o‘z xalqini qarzdorlik botqog‘iga botirgani etmaganidek, ichki siyosatda ham xalqning cho‘ntagidagi oxirgi pulini qoqib olish yo‘lidan bormoqda. Uzoq vaqt davom etgan karantindan so‘ng ishga qaytmoqchi bo‘lgan fuqarolar koronavirusga analiz topshirishi (ekspress-test yoki PTsR) shart qilib qo‘yildi. Bunday test-analizni esa faqat Bishkekdagi Bonetskiy laboratoriyasi amalga oshiradi. Odamlar analiz topshirish uchun 2000 som to‘lashi kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, taksichilik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lganlar litsenziya olishi va kuniga mashinasini kamda ikki marta dezinfektsiya qilish talab qilinmoqda. Ikki oyga yaqin karantida o‘tirgan, bu vaqt davomida bor pulini sarflab tugatib, kerak bo‘lsa qarz-xavola qilib kun kechirgan odamlar bu talablarni bajarish uchun qaerdan pul topishi esa hukumatni zarracha qiziqtirmaydi. Agar biz “men siyosatga qiziqmayman” deb o‘tiraversak, hukumat bizning oxirgi tiyinimizgacha shilib olgani kamlik qilganidek, bola-chaqamiz ham to‘lab tugata olmaydigan qarz botqog‘iga botirib tashlaydi. O‘z haqqimizni talab qilaylik!
Abdurahmon Odilov