Haftar hamda uning soxta harbiy axboroti

554
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Haftar hamda uning soxta harbiy axboroti

Ustoz Muhammad Sodiq

Haftarning Tripoliga qarshi «Fathul mubin», deb atagan jangovar operatsiyasini boshlaganiga sakkiz oy bo‘ldi… O‘shanda shaharga 48 soatda kirishi kutilgan edi. U G‘arbiy Liviya shaharlaridagi tarafdorlari va tarmoqlariga umid bog‘lagandi… U ayni operatsiya uchun texnika, askar, o‘q-dori, ommaviy axborot vositalari va reklama kampaniyalaridan iborat ko‘plab imkoniyatlarini sarfladi… Xalqaro va regional tomonlardan harbiy, siyosiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlovlar oldi… Biroq shularning barchasiga qaramay, ishlar u istagan g‘alabaga olib bormadi, aksincha, shu sakkiz oy ichida qaqshatqich qarshilik va quturgan urushga duch keldi… Texnikadan ham, o‘q-dorilardan ham, liviyalik va liviyalik bo‘lmagan jangchilardan ham ulkan ziyon ko‘rdi. Biroq, shuncha vaqt o‘tganiga va har tomonlama shuncha yirik ziyon ko‘rganiga qaramay, Haftar Tripoliga kirishga o‘lib-tirilib chiranyapti. Bunga uni hukmronlikka harisligi va hokimiyatga etishishga bo‘lgan o‘chligi undayapti, o‘zi iddao qilgan terrorizmga qarshi kurash emas. U o‘zining yurt tashqarisi va ichkarisidagi tarafdorlarini, qo‘llovchilarini hamon oyma-oy, haftama-hafta, kunma-kun, soatma-soat g‘alaba qozonayotganligi bilan aldayapti. Haftarga qarashli rasmiylar, harbiy axborot vositalari haqiqatni soxtalashtirish va asl jangovar voqelikni buzib ko‘rsatishda davom etishyapti, ular – Tripolini olish jangi hal bo‘ldi, Haftar armiyasi shaharga kecha kirdi yoki bugun kiryapti yoxud ertaga, ertaga bo‘lmasa, indinga albatta kiradi… kabi bayonotlar va gaplar bilan sakkiz oydan beri charchashmadi!!!

Haftar o‘zining axborot kurashi orqali butun dunyoni va donor davlatlarni go‘yo o‘zini bu urushida g‘olib kelgandek, Liviyaning barcha hududini egallagandek ko‘rsatib laqillatmoqda, ulardan harbiy va moliyaviy yordamlarni yanada ko‘proq olish ilinjida o‘zini kuchli odam, haqiqiy hukmdor qilib ko‘rsatyapti. Hozir, shu kunlarda, vaqtdan yutib qolishga harakat qilib, Berlin konferentsiyasi oldidan biron bir g‘alaba yoki hokimiyatni qo‘lga kiritishga urinyapti… Zero, u ham harbiy, ham siyosiy holatdagi shaxs bo‘lib, bu narsa uni konferentsiyada ishtirok etishiga hamda kuchli qo‘lida kuzir kartasi bor shaxs sifatida Liviya siyosiy sahnasida hozir bo‘lishiga imkon beradi. Biz o‘tgan yaqin haftalar davomida Haftarning barcha frontlarda jangovar janglarni va axborot kurashlarini jadallashtirib yuborganini kuzatdik. Aftidan, u bularning barchasini AQSh va boshqa yirik davlatlar, regional kuchlar tomonidan uning Tripoli urushini to‘xtatishini va tinchlik yo‘liga o‘tib, muzokara echimini qabul qilishini talab qiluvchi bayonotlar yangraganidan so‘ng shunday qilayotgan ko‘rinadi. U bu bayonot va talablardan jangni o‘z foydasiga va donor davlatlar manfaatiga hal etishga tezroq shoshilishi kerakligini tushunayotganga o‘xshaydi. O‘t ochishni to‘xtatishga bo‘lgan bu bayonot va talablardan bundan boshqa narsa tushunilmaydi, chunki Amerika haqiqatdan ham urushni to‘xtatishga jiddiy buyruq berganda edi, Haftarning bunga itoat etmasligini tasavvur qilib bo‘lmaydi, u albatta itoat qilgan bo‘lardi. U Rajmadagi qarorgohiga kelgan AQSh delegatsiyasiga ham, Iordaniyaga kelib, uni o‘sha erga chaqirib ko‘rishgan yana bir AQSh delegatsiyasiga ham quloq solmadi va bunga e’tiborsiz qaradi, deyish aqlga to‘g‘ri kelmaydi!

Regional davlatlar ham Haftarni shuncha yillardan beri qo‘llab-quvvatlamoqda va bu Tripoli urushi boshlanganda yanada kuchaydi… Demak, Amerika urushni to‘xtatishni jiddiy buyurganda edi, ular ham ayni qo‘llab-quvvatlovni davom ettirishmagan bo‘lardi… Faqat bular mustaqil, erkin va o‘z istaklari qo‘llarida bo‘lgan davlatlar bo‘lishganda edi, ularni Amerikaga bo‘ysunmasliklarini tasavvur qilish mumkin edi… Ammo biz ularni bunday mavqeda, deb bilmaymiz!!!

Hatto Haftarga rasman yoki norasmiy yo‘l bilan yordam berayotgan Rossiya kabi boshqa yirik davlatlar ham Liviyaga AQShning yashil chirog‘isiz va u bilan muvofiqlashmagan holda agressiya qilmaydi, deb bilamiz. Chunki Rossiya u erda nufuz egasi emas. Amerika Rossiyaning bunday agressiyasidan Rossiya bilan Evropa o‘rtasidagi boshqa mintaqalardagi kelishmovchilikni qasddan kuchaytirmoqchi bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin, masalan, Sovet Ittifoqiga tegishli bo‘lgan mintaqalardagi kelishmovchiliklar kabi. Shuningdek, Amerikaning Rossiyani Liviyadagi kurash maydoniga kiritishdan Frantsiya va Angliyaning u erdagi o‘z nufuz doiralaridan chiqarib yuborishni ko‘zlagan bo‘lishi ham mumkin.

Bu kurash va urushning – Alloh Saqlasin – yanada uzoq yillarga cho‘zilishidan qo‘rqyapmiz. Chunki endi Liviyaga Amerikaning yashil chirog‘i ostida Turkiya ham kirishi mumkin, xuddi Suriyaga kirgani kabi.

Amerika butun dunyoni va liviyaliklarni adashtirishda Rossiyaning Liviyadagi agressiyasidan foydalanayotgan bo‘lishi ham mumkin. Ya’ni, Amerikaning Liviya ishiga qayg‘urib, e’tibor berayotganidan maqsadi, go‘yo o‘zini Rossiyaning mintaqaga bo‘lgan ochko‘zligiga qarshi turgan hamda «terrorizm» va Liviyadagi mavjud IShIDga qarshi kurashayotgan qilib ko‘rsatish.

Ha, Liviyadagi xalqaro va mahalliy kurash davom etib, u erdagi jangu-jadal shiddatli tus olib, ommaviy axborotlar urushi ham keskinlashayotgan ekan, maydon hamon mavhum va qorong‘iligicha qolmoqda… Chunki bir tomonda mahalliy doiralar o‘rtasidagi bu urushlar, ixtilof va bo‘linishlar, ikkinchi tomonda bu xalqaro va regional kurashlar, hatto o‘t ochishni to‘xtatishga bo‘lgan u er, bu erdagi tinimsiz chaqiriqlar, Berlin konferentsiyadagi mana shunday da’vatlar hamon qorong‘i qolmoqda… Konferentsiyaga chaqirilgan tomonlar ham tushunarsiz… Konferentsiyaning navbatdagi muddati ham aniq aytilmadi… avval noyabrda bo‘lishi aytilgandi, keyin dekabrda bo‘ladi, deyildi, endi bo‘lsa kelasi yilning boshiga belgilangani aytilmoqda.

Aftidan, konferentsiya o‘tkazish vaqtini bunchalik surilishidan, maqolamiz boshida aytganimizdek, Haftarga ishni jangovar yo‘l bilan hal qilishi uchun vaqt berilayotgan ko‘rinadi.

Mudom kelasi kun va oylarda voqea-hodisalar va fojialarning og‘ir bo‘lishi kutilayotgan ekan, biz Liviyadek bir aziz o‘lkamizga hamda butun musulmon yurtlariga Alloh Taolodan salomatlik tilab qolamiz, Alloh naqadar yaxshi do‘st va naqadar yaxshi nusrat beruvchi zotdir.

Roya gazetasining 2019 yil 18 dekabr chorshanba kungi 265-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.