Ne’matov: EOIIga kirish bizga foydali
O‘zbekistonga EOIIga kirish foydaliroq bo‘lgan bo‘lardi, hozir bu masala faol muhokama qilinmoqda. Bu haqda RIA Novostiga O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov ma’lum qildi.
“Hozir bu masala juda sinchkovlik bilan o‘rganilmoqda. O‘rganishlar keyin taroziga solib ko‘riladi va, tabiiy, qaror qabul qilinadi”, – dedi Ilhom Ne’matov.
“O‘zbekistonning iqtisodiyoti, sanoati, qishloq xo‘jaligi o‘smoqda. Eksport hajmi oshmoqda. Bizga bozor, maydon kerak. Bu maydon qaerda? Bu maydon Qozog‘iston, Rossiya, Qirg‘izistonda va ular EOII a’ozlaridir. Shuning uchun to‘g‘risini aytaman – men ishtirok etish tarafdoriman. Faqatgina iqtisodiy manfaatlardan kelib chiqqan holda… Yana bir ahamiyatga ega bo‘lgan omil – demografiya. Aholi o‘smoqda, yiliga 700 ming kishiga ko‘paymoqda. Tabiiy, biz 700 mingni proportsional ish bilan ta’minlay olmaymiz. Bu nimaga olib keladi? Migratsiyaga. Xalqimiz qaerga migratsiya qiladi? Rossiyaga, Qozog‘istonga. Ushbu omil ham O‘zbekistonning EOII bilan yaqin aloqalarni saqlashini belgilaydi. U erda a’zolar (mamlakatlar) uchun, migrantlar uchun boshqa sharoitlar. Shu bois men ushbu sharoitlardan kelib chiqqan holda qaror qabul qilishimiz lozim deb hisoblayman”, – deya qayd etdi u.
Ne’matovning taxminlariga ko‘ra, bu boradagi muzokaralar yaqin kunlarda yakunlanishi mumkin.
“Hozir, fikrimcha, (masala) tezlashtirilmoqda. Yaqinda, dekbr boshida Siluanov jamoasi (Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov) Samarqandda bo‘lgan edi. Demak, muzokaralar olib borilmoqda. Ehtimol, tez orada yakunlanadi. O‘ylaymanki, yaqin kunlarda yakunlashadi”, – dedi Ne’matov.
Izoh: Qirg‘iziston hukumati ham mamlakatni EOIIga olib kirish arafasida “biz uchun 170 million kishilik bozor ochiladi” deya umid bildirgan edi. Ammo voqeda buni tamoman aksi bo‘lib Qirg‘izistonning o‘zi ittifoqqa a’zo boshqa davlatlar, xususan, Rossiya uchun bozor va arzon ishchi kuchi etkazib beruvchi davlatga aylandi. EOIIning asosiy tamoyili “to‘rt erkinlik”, ya’ni ishchi kuchi, kapital, tovarlar va xizmatlarning erkin harakatlanishdan iborat bo‘lishiga qaramay, Qirg‘izistondan tashkilotga a’zo boshqa davlatlarga qishloq xo‘jalik mahsulotlari olib kirilishiga sun’iy to‘siqlar hosil qilindi. Ittifoqdagi asosiy e’tibor Rossiya manfaatlarini ilgari surishdan iborat bo‘lib qoldi. Shu sababli ham Belarus rahbari va Qirg‘izistondagi ayrim deputatlar ittifoqdan chiqish haqida fikr bildirayotgan bir vaqtda o‘zbek hukumati Rossiya bosimi ostida mamlakatni ittifoqqa olib kirish yo‘lida harakat qilmoqda. Mirziyoevning 2020-yilning fevral oyida Rossiyaga amalga oshirishi kutilayotgan tashrifi chog‘ida O‘zbekistonni EOIIga kirish masalasi xal qilinishi ehtimoldan uzoq emas.
Abdurahmon Odilov