Jeenbekov va Mirziyoyev telefon orqali muloqot qilishdi
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 aprel kuni Qirgʻiziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Oʻzbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Prezidentlar Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarining kengayishi va mustahkamlanishida, turli sohalardagi serqirra hamkorlikning rivojlanishida kuzatilayotgan barqaror ijobiy tendentsiyani katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib bormoqda, ishlab chiqarish kooperatsiyasining koʻlami kengaymoqda, energetika, transport va qishloq xoʻjaligi sohalaridagi oʻzaro manfaatli hamkorlik amalga oshirilmoqda.
Chegaraoldi viloyatlar hokimlari kengashi hamda Parlamentlararo hamkorlik boʻyicha komissiya yigʻilishlari sheriklikni yanada kengaytirishda katta salohiyat va qatʼiy intilish mavjudligini koʻrsatdi.
Suhbat chogʻida ilgari erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish, hududlararo hamkorlik imkoniyatlarini toʻliq ishga solish, shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish muhimligi alohida qayd etildi.
Prezidentlar mintaqaviy infratuzilma loyihalarini koʻrib chiqishga alohida eʼtibor qaratdilar. Xususan, Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻlini qurish loyihasini amalga oshirish muhimligi va iqtisodiy jixatdan dolzarb ekani taʼkidlandi.
Tomonlar ushbu loyihaning barcha ishtirokchilari oʻrtasida oʻzaro anglashuv mavjudligini va ular boʻlajak hamkorlikka tayyor ekanini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
“Muloqot soʻngida davlat rahbarlari qardosh xalqlarimiz farovonligi va manfaatlari yoʻlida hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish, Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasida intilishlari qatʼiy ekanini yana bir bor tasdiqladilar”, – deyiladi xabar yakunida.