Qozogʻistonda muddatidan oldin prezidentlik saylovlari oʻtkaziladi

648
0

Qozogʻistonda muddatidan oldin prezidentlik saylovlari oʻtkaziladi

 Mart oyi oxirida Qozogʻiston prezidenti lavozimiga kirishgan Qosim-Jomart Tokayev mamlakatda muddatidan ilgari prezidentlik saylovlari oʻtkazilishini eʼlon qildi. Maʼlum qilinishicha, Qozogʻiston prezidentligi saylovlari, kutilganidek keyingi yilda emas, joriy yilning 9 iyunida boʻlib oʻtadi.

 Qozogʻiston konstitutsiyasiga koʻra, navbatdan tashqari saylovlar u eʼlon qilinganidan 2 oy muddat oʻtgach boʻlib oʻtadi. Shu tariqa, saylovlar 2019 yilning 9 iyunida oʻtkaziladi.

 “Men 2019 yilning 9 iyunida muddatidan ilgari saylovlar oʻtkazilishi boʻyicha qaror qildim”, – degan u fuqarolarga telemurojaatida.

 U bu masalada elbasi Nursulton Nazarbayev bilan maslahatlashganini qayd etib oʻtgan.

 Maʼlumki,19 mart kuni Qozogʻistonning birinchi prezidenti, 29  yil davomida mamlakatni boshqargan Nursulton Nazarbayev muddatidan avval isteʼfoga chiqishini maʼlum qildi. Uning vakolati qonunchilikka koʻra parlament spikeri boʻlgan Qosim-Jomart Tokayevga oʻtgandi.

 Tokayev saylovlarga qadar mamlakatni boshqarishi – oxirgi saylovda saylangan prezidentning vakolati muddatini oxirigacha, yaʼni 2020 yilning apreliga qadar oʻtashi kerak edi. Ammo endi u oʻz lavozimini saylangan prezidentga qoldiradi.

 Tokayevning inauguratsiyasidan keyin Nursulton Nazarbayevning qizi Darigʻa Nazarbayeva parlament spikeri etib saylandi.

 Nursulton Nazarbayev esa Qozogʻiston Xavfsizlik kengashi rahbari va “Nur Oʻtan” partiyasi rahbari lavozimlarini saqlab qoldi, u shuningdek, mamlakat konstitutsion kengashi aʼzosi hisoblanadi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.