Afgʻon hukumati va “Tolibon” oʻrtasidagi muzokaralar Samarqandda oʻtkaziladi

509
0

Afgʻon hukumati va “Tolibon” oʻrtasidagi muzokaralar Samarqandda oʻtkaziladi

2019 yilning 31 mart kuni Oʻzbekiston prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov va Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Afgʻonistonda boʻldi. Bu haqda Oʻzbekiston TIV matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda keltirilishicha, Oʻzbekiston delegatsiyasi Afgʻoniston prezidenti Muhammad Ashraf Gʻani tomonidan qabul qilindi.

 Boʻlib oʻtgan suhbat chogʻida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Afgʻonistondagi holat yuzasidan ham fikr almashildi.

 Afgʻoniston prezidenti tinchlik jarayonini boshlash borasidagi faol koʻmagi uchun Oʻzbekiston tomoniga minnatdorchilik izhor etgan. Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy qayta tiklanishi mavjud holat barqarorlashuvining muhim sharti hisoblanishini va bu jarayonga Oʻzbekiston salmoqli hissa qoʻshayotganini taʼkidladi. Muhammad Ashraf Gʻani iqtisodiy va infratuzilmaviy hamkorlikni faollashtirganligi uchun Afgʻonistonning Oʻzbekistondan minnatdorligini bildirdi. U iqtisodiy hamkorlik mintaqaviy barqarorlikka zamin yaratishini ham taʼkidladi.

 “Afgʻoniston rahbari, shuningdek, tinchlik muzokaralarini tashkillashtirish maydoni sifatida Samarqand shahrini tanlagani uchun Oʻzbekiston delegatsiyasiga minnatdochilik bildirdi”, – deyiladi xabarda.

 Oʻzbekiston delegatsiyasining Kobul shahriga tashrif doirasida Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov va Afgʻoniston prezidentining milliy xavfsizlik masalalari boʻyicha maslahatchisi Hamidulla Muhib raisligida Xavfsizlik masalalari boʻyicha qoʻshma komissiyaning navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

 Shu kunning oʻzida Oʻzbekiston delegatsiyasi Afgʻoniston hukumati Ijroiya kengashi raisi Abdulla Abdulla, Prezidentning milliy xavfsizlik masalalari boʻyicha maslahatchisi Hamidulla Muhib, Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy, BMT Bosh kotibining maxsus vakili, BMTning Afgʻonistonga yordam missiyasi rahbari Tadamichi Yamamoto va sobiq prezident Hamid Karzay bilan muzokaralar oʻtkazdi.

 Oʻzbekiston va Afgʻoniston iqtisodiy bloki vazirlik va idoralari rahbar va vakillarining alohida uchrashuvlari oʻtkazilib, ularda hamkorlik hajmlarini yanada oshirish, oʻzaro savdoga yangicha shiddat berish, yirik qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, Mozori-Sharif–Hirot va Mozori-Sharif–Kobul–Peshovor temir yoʻl magistrallarini, Surxon–Puli-Xumri elektr uzatish liniyasini barpo etish boʻyicha takliflarning amaliy jihatlari koʻrib chiqildi.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.