AQSh B-52’larni Yevropaga yubordi
AQSh harbiy-havo kuchlari NATO bilan qoʻshma mashqlarda ishtirok etish uchun Yevropaga oltita B-52 bombardimonchi samolyotni yubordi. Bu haqda CNN telekanali xabar bermoqda.
Telekanaldan qayd etishlaricha, bunday harakat yaqinda Qrim qoʻshib olinganining besh yilligini katta tantana bilan nishonlagan Rossiya uchun “signal” boʻlishi kerak. Shuningdek, CNN’dan taʼkidlashlaricha, samolyot yadro qurolini olib yurish imkoniyatiga egadir.
Telekanal maʼlumotlariga koʻra, B-52 oʻtgan hafta AQSh harbiy-havo kuchlarining Luiziana shtatidagi bazasidan parvoz qilgan hamda Buyuk Britaniyaning Feyrford aviabazasiga qoʻngan.
Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko qayta saylangan taqdirda Qrimni Kiyevning yurisdiktsiyasi ostiga qaytarishni ustuvor vazifasi sifatida qoʻyishga vaʼda berdi. U ICTV telekanali efirida bu maqsadga erishish boʻyicha dasturini taqdim etdi.
Ikkinchi muddatga saylanish uchun daʼvogarlik qilayotgan Ukraina yetakchisining aytishicha, rejasi uch bandni oʻz ichiga oladi: Qrim “okkupatsiyasi” tufayli Rossiyaga qarshi sanktsiyalar qismini kengaytirish, Kerch boʻgʻozi va Azov dengizini zudlik bilan “deokkupatsiya” qilish hamda bu mintaqada kemalar harakati erkinligini tiklash maqsadida Rossiyaga qarshi sanktsiyalarning “Azov toʻplami”, shuningdek, Moskva BMTning qator konventsiyalarini buzgani munosabati bilan sud jarayonlariga nisbatan, jumladan, BMTda RFga qarshi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish.