613
0

Qashshoqlik va ocharchilik kapitalizm zulmi bilan Islom adolati oʻrtasida

Doktor Muhammad Jiyloniy qalamiga mansub

Hozirgi ogʻir iqtisodiy vaziyatdan kapitalizmning javobgar ekani inkor qilib boʻlmas haqiqatdir. Chunki bunday ogʻir iqtisodiy sharoitda har soniyada bitta shaxs oʻlmoqda. Xalqaro Bank va Xalqaro Valyuta Fondi kapitalizmning asosiy qurollari boʻlib, ular rivojlanayotgan davlatlar, shu jumladan islomiy va arab davlatlaridagi yomon iqtisodiy ahvoldan bevosita javobgardir. Shuning uchun islomiy va arab olamida 500 milliondan ortiq faqir inson bor boʻlib, ular Yaman, Sudan, Jibuti, Mavritaniya, Iordaniya, Saudiya, Tunis, Marokash, Bangladesh, Indoneziya va boshqa yurtlarda ochlikdan qiynalishmoqda.

Olamga hukmron boʻlib turgan qashshoqlik bilan kapitalizmning asosiy quroli boʻlmish Xalqaro Bank oʻrtasidagi aloqa mustahkam aloqadir. Buni tasdiqlaydigan holat va voqealar juda koʻp. Bugungi kunda Iordaniya va Sudanda joriy qilinayotgan soliqlar va narx-navoning koʻtarilib ketishi xalqlar orasida qasddan ocharchilik hamda ogʻir tang ahvolni paydo qilishda Xalqaro Bankning hissasi borligini koʻrsatuvchi eng kuchli dalildir. Xalqaro Bank va Valyuta Fondi strukturaviy (tizimli) islohotlar programmasi nomi ostida oʻz jinoyatlarini amalga oshirmoqda. Chunki bu programma orqali chidab boʻlmas ogʻir shartlarni qoʻymoqda va iqtisodiy siyosatda oʻzgartirishlar qilishga majburlamoqda. Natijada, davlatlar tijoriy va investitsiya siyosatini erkinlashtirishga majbur boʻlyapti. Bu esa, mustamlakachi shirkatlarga xalqlar boyliklarini talon-taroj qilish imkoniyatini yaratmoqda. Shuningdek qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan ulkan maydonlar qisqardi va yurtlar qarzlarni uzishda katta qiyinchiliklarni keltirib chiqargan iqtisodiy va moliyaviy siyosatlar ummoniga gʻarq boʻldi. Ushbu siyosat va qarzlarning natijasida yurtlar oziq-ovqatni xorijdan olib kiradigan va gigant kapitalistik shirkatlardan yordam soʻraydigan boʻlib qoldi. Kapitalizm hukmronligining olamdagi qashshoqlik, ocharchilik va salomatlik epidemiyasi kabi iqtisodiy vaziyatlarga boʻlgan taʼsiri aksar yurtlar, xususan musulmon yurtlarda koʻrinmoqda.

Kapitalistik nizom tamoyillari odamlarni qashshoqlashishi va millionlab odamlarning och qolishiga olib boradi. Chunki ishlab chiqarish va boylikni koʻpaytirish, talab va taklif qonuni, narxlarni belgilash sistemasi kapitalizmda boylikni taqsimlashning yagona yoʻlidir. Haqiqat shuki, kapitalizm soyasida ishlab chiqarish bir necha yuz yillardan beri yuksalib borayotgan boʻlsa-da, ammo qashshoq va och yalangʻoch shaxslarning soni ham muntazam shaklda ortib bormoqda. Bu koʻrinish Amerika kabi boy hamda Gaiti, Sahroi Kabir Janubi, Livan, Iordaniya va Sudan kabi kambagʻal davlatlarda ham bir xilda namoyon boʻlmoqda.

Xalqaro oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) jamiyatlarga xatar tugʻdirayotgan ushbu ocharchilik haqida chuqur tashvish bildirar ekan, shunday deydi: “Dunyoning turli burchaklari, xususan rivojlanayotgan yurtlardagi 800 milliondan ortiq shaxs oziq-ovqatga boʻlgan asosiy ehtiyojlarini qondira olmayapti. Holbuki, oziq-ovqat taʼminotida keng miqyosda yordamlar koʻrsatilayotgan boʻlsa-da, ocharchilik va qashshoqlik hamon davom etmoqda”. Muammo Amerikadagi Oziq-ovqat va taraqqiyot instituti rektori aytganidek, oziq-ovqat resurslarining kamligida emas. Olamdagi ochlik muammosini oziq-ovqat ishlab chiqarishni koʻpaytirish orqali yechish mumkin, degan eʼtiqod asossiz uydirmadir. Chunki qashshoqlikdagi haqiqiy muammo oziq-ovqat va boylikning xato taqsimlanganidadir. Kapitalizm ochlik muammosini muolaja qilmaydi, balki buning ziddi oʻlaroq shaxslarning oʻz ehtiyojlariga javob bera olmaslik ehtimolini yanada oshiradi. Kapitalizm dunyo boʻylab milliardlab odamlarning xavfsizligi, baxti va farovonligini roʻyobga chiqarish borasida muvaffaqiyatsizlikka yuz tutdi. Balki u yer yuziga qashshoqlik, kasallik, urush, ochlik va vayronagarchilik olib keldi.

Buning ziddi oʻlaroq Islomdagi iqtisod nizomi qashshoqlik va ochlik muammosini umumiy islomiy nizomning ajralmas boʻlagi sifatida yechadi. Chunki iqtisod va boylikka aloqador qonunlar uylanish, oilaviy aloqa, siyosat, qiymatlar, ibodatlar, bitimlar kabi boshqa qonunlarga bogʻliqdir. Masalan zakot iqtisod ustunlarining biridir va u Qurʼonda oʻn toʻrttadan ortiq oyatlarda namoz bilan birga farz qilingan va ushbu siygʻada kelgan.

وَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآتُوا الزَّكَاةَ

“Namozni toʻkis ado qiling, zakotni bering va ruku qilguvchilar bilan birga ruku qiling” [Baqara 43]

Bir kunlik yegulik narsasi boʻlmagan miskinni toʻydirish esa, zihor kabi baʼzi masalalarning muolajasi sifatida kelgan.

فَمَنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَإِطْعَامُ سِتِّينَ مِسْكِيناً

“Endi kim (roʻza tutishga) qodir boʻlmasa (uning zimmasida) oltmishta bechora-miskinga taom berish bordir” [Mujodala 4]

Shundan ayon boʻladiki, Islomdagi iqtisod nizomi bir butun Islom nizomining ajralmas qismidir. Demak u Islom tushunchalari, aqidasi va nizomlariga bogʻliq va bu iqtisodiy nizomni oʻshalardan ajratilgan holda oʻrganish va tatbiq qilish mumkin emas.

Shuning uchun Islomning iqtisodiy nizomini Islom tatbiqining bir juzi sifatida tatbiq qilinsagina adolat va insof roʻyobga chiqadi. Iqtisodga aloqador tushunchalar rizq (boylik) va xizmatlarni belgilash kabi tushunchalarni oʻz ichiga oladi. Shuningdek, bu tushunchalar boʻyicha resurslar yetishmaydi emas, balki yetarlidir va qashshoqlik jamiyatda emas, balki shaxslarda boʻladi.

Ammo Islom nizomidagi qashshoqlik muammosi oziq-ovqat, kiyim-kechak va yashash joyi kabi asosiy ehtiyojlarini qondira olmayotgan kambagʻalning (yaʼni yakka shaxsning) muammosidir. Islom qashshoqlikka tabiiy resurslari yetishmaydigan jamiyat muammosi sifatida emas, balki jamiyat shaxslarining har birining ehtiyojlarini qondirish muammosi sifatida qaraydi. Boshqacha aytganda, Islom kambagʻallar muammosiga ularning har birining asosiy ehtiyojlarini qondirish lozim, deb qaraydi. Shuningdek, Islom odamlarga kamoliy ehtiyojlarini ham ilm, harakat va amal orqali qondirishlari uchun sharoit yaratib beradi. Shuning uchun u oʻzining iqtisodiy nizomida asosiy eʼtiborini tabiiy resurslarni adolat bilan taqsimlashga qaratadi. Islom mana shu yoʻl bilan jamiyatning har bir shaxsining asosiy ehtiyojlarini qondiradi.

Islom qashshoqlikka qarshi kurashadi, Rosululloh ﷺ aytadi:

“لَيْسَ الْمُؤْمِنُ الَّذِي يَشْبَعُ وَجَارُهُ جَائِعٌ إِلَى جَنْبِهِ”

“Qoʻshnisi och boʻla turib, toʻq boʻlgan kishi moʻmin emas”, boshqa hadisda:

“مَا آمَنَ بِي مَنْ بَاتَ شَبْعَانَ وَجَارُهُ جَائِعٌ إِلَى جَنْبِهِ وَهُوَ يَعْلَمُ بِهِ”

“Qoʻshnisi och boʻla turib, uni bilib, toʻq holda tong ottirgan kishi menga imon keltirmabdi”. Shuning uchun Islom jamiyatdagi ocharchilik va qashshoqlikka qarshi qattiq kurashadi hamda ularga qarshi kurashishni Allohga boʻlgan imonning alomati deb hisoblaydi. Oʻylab koʻrsak, Rosululloh ﷺ qashshoqlikka barham berishni imonga bogʻladi va bu tushunchani hokim kambagʻallarni oziq-ovqat bilan taʼminlash uchun nazorat qiladigan va qonun chiqaradigan idoriy ish deb hisoblamadi. Rosululloh ﷺ oʻn uch yil ichida aqidaning faqat fikriy jihatiga eʼtibor qaratdi va mana shu mabdaiy aqidaga suyangan holda xitob qildi. Rosululloh ﷺ quyidagi maʼnoda soʻzladi: Agar oʻzingiz daʼvo qilganingizdek, Islomga ishonsangiz qoʻshningiz och boʻla turib, toʻq holda tong ottirmang. Bu muhim bir haqiqatni ifodalaydi, yaʼni musulmon jamiyatda kambagʻallikka yoʻl yoʻq ekanini bildiradi. Rosululloh ﷺdan keyin roshid xalifalar ham mana shu yoʻldan yurdilar va kambagʻallikdan xoli jamiyat sari harakat qildilar.

Ammo kapitalistik mabdada jamiyatning iqtisodiy barqarorligi iqtisodiy taraqqiyotning oʻsishi bilan oʻlchanadi. Kapitalizmda yalpi ichki mahsulotning oʻsayotgani va moliyaviy bozordagi tovarlarning narxi koʻtarilayotgani iqtisod toʻgʻri yoʻlda ketayotganidan darak beradi. Agar iqtisodning oʻsishi toʻxtab qolsa yoki maʼlum muddatga toʻxtasa yoki moliyaviy bozorda tovarlarning narxi tushib ketsagina ogohlantirishlar boshlanadi. Lekin Islomda buning aksi boʻlib, qachon jamiyatda ocharchilik boshlansa, xatar va ogohlantiruv bongi uriladi. Chunki Islom erkakmi, ayolmi yoki goʻdakmi bundan qatʼiy nazar och inson boʻla turib, jamiyat rohatda yashashiga ruxsat bermaydi.

Qurʼoni Karim Islomiy davlatda boylardan yigʻib olinadigan zakotni olishga haqli boʻlgan kishilarni sakkiz xil turga ajratgan. Shuningdek, miskinga ehson qilgan kishining martabasini yuqori darajaga koʻtarar ekan, miskinni toʻydirish ishiga katta ahamiyat berdi. Qurʼoni Karim bu ishni Allohga koʻproq yaqinlashtiradigan ibodatlarga tenglashtirdi.

فَلَا اقْتَحَمَ الْعَقَبَةَ * وَمَا أَدْرَاكَ مَا الْعَقَبَةُ * فَكُّ رَقَبَةٍ * أو إِطْعَامٌ فِي يَوْمٍ ذِي مَسْغَبَةٍ * يَتِيماً ذَا مَقْرَبَةٍ * أو مِسْكِيناً ذَا مَتْرَبَةٍ * ثُمَّ كَانَ مِنَ الَّذِينَ آمَنُوا وَتَوَاصَوْا بِالصَّبْرِ وَتَوَاصَوْا بِالْمَرْحَمَةِ * أُولَٰئِكَ أَصْحَابُ الْمَيْمَنَةِ

“11. Bas, u (maqtanchoq kimsa yaxshilik) dovonini oshib oʻtmadi! 12. (Ey Muhammad), dovon (oshishi) nima ekanini siz qayerdan bilar edingiz? 13. (U bir qul) boʻynini (qullikdan) ozod qilmoq, 14-15-16. Yoki ocharchilik kunida biron qardosh yetimga yo muhtoj bechora-miskinga taom bermoqdir 17. Soʻngra u (maqtanchoq kimsa) iymon keltirgan va bir-birlariga (toat-ibodatini ado etishdagi mashaqqatlarga) sabr-qanoat qilishni tavsiya etgan, bir-birlariga (Allohning bandalariga) mehr-muruvvat koʻrgazishni tavsiya etgan zotlardan boʻlmadi! 18. Ana oʻsha zotlar oʻng tomon egalaridir” [Balad 11-18]

Bundan tashqari ramazon roʻzasini tuta olmaslik, vaʼdaga vafo qilmaslik va zihor kabi ishlarning kaforati sifatida miskinni toʻydirishni farz qildi. Bu Islomning jamiyatda boʻladigan ocharchilikka qarshi qanchalik darajada kurashishini koʻrsatib turibdi.

Molikiy oʻzining “Namunaviy iqtisodiy siyosat” nomli kitobida shunday xulosa qiladi: Islomdagi iqtisodiy nizom muolaja qiladigan asosiy muammo jamiyatdagi shaxslarning kambagʻallik muammosidir. Islom odamlardagi qashshoqlik muammosini hal qilish uchun qonun va qoidalar hamda mexanizmlar ishlab chiqishdan oldin, jamiyatdagi shaxslar oʻrtasida qashshoqlik va ochlik borasida ong darajasini koʻtardi. Faqir va miskinlarga oʻzlari erisha olmayotgan oziq-ovqat va tovar resurslari bilan ularni taʼminlash uchun ehson qilayotgan saxiy musulmonning martabasini yuqori koʻtardi. Shuningdek, Makka jamiyatini faqir, muhtoj va yetimlarga nisbatan shafqatsizlarcha muomala qilayotgani uchun tanqid qildi. Islom Makka jamiyatida kambagʻallarga qarshi qilinayotgan munosabatlardan jamiyatni tozalash masʼuliyatini musulmonlarga yukladi. Shuning uchun musulmon xalifalar va hokimlar ichida kambagʻallarni tiriltirish uchun kambagʻallikni oʻldirish lozimligi haqida qasam ichganlari boʻldi va ular bunday soʻzlarni aytishi ajablanarli boʻlmagan edi.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Islom har bir shaxsning asosiy ehtiyojlarini qondirishga kafildir. Islom yer yuzida tatbiq qilinib, uning ustidan hukmronlik qilgan paytda qashshoqlikka qarshi kurashib, unga barham bergan. Chunki Islom shaxsni mehnat qilish, rizq topish va unga harakat qilishga undadi, qarindoshlarga aloqador nafaqani farz qildi. Zakot va sadaqalar hamda umumiy va davlat mulkidan kambagʻallar uchun nafaqa belgiladi.

Bugun esa, olam tarixda boʻlmagan baxtsizlik, kambagʻallik va ocharchilik holatida yashamoqda. Odob-axloq va qiymatlar tubanlashdi, boy kambagʻal ustidan hukmron. Demak yolgʻiz, rahmdil va mehribon boʻlgan va olamlarning robbisi Allohning nizomi porlashi vaqti keldi. Nizomki, qashshoqlik va ochlikka chek qoʻyadi xamda odamlarni boy, oq tanli, qora tanli, gʻarblik yoki shimollikka ajratmaydi. Ha yangi nizom porlashi vaqti keldi, u boylikni taqsimlash va qonunlarda muvozanat oʻrnatadi. Shuningdek, u boylikni yolgʻiz Allohning oʻlchovi bilan oʻlchaydi:

وَالسَّمَاء رَفَعَهَا وَوَضَعَ الْمِيزَانَ * أَلاَّ تَطْغَوْا فِي الْمِيزَانِ * وَأَقِيمُوا الْوَزْنَ بِالْقِسْطِ وَلا تُخْسِرُوا الْمِيزَانَ

“7-8. U zot osmonni baland qilib qoʻydi va sizlar tosh-tarozida tugʻyonga tushmasliklaringiz (yaʼni oʻzgalarga zulm qilmasliklaringiz) uchun mezon-tarozini oʻrnatdi. 9. (Ey insonlar, oʻzaro oldi-berdi muomalalaringizda) toʻgʻri, adolat bilan tortinglar va tarozidan urib qolmanglar!” [Rahmon 7-9]

Roya gazetasi saytidan olindi

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.