Oltmishdan ziyod davlatlar Afgʻoniston boʻyicha navbatdagi majlisni oʻtkazdi
2019 yil 31 yanvar kuni Oʻzbekiston prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev boshchiligidagi delegatsiya Afgʻoniston boʻyicha xalqaro aloqa guruhining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.
Ushbu tadbirda 60dan ziyod mamlakat, jumladan AQSH, Rossiya, Xitoy, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Turkiya, MDH davlatlari, BMT, Yevropa Ittifoqi, NATO, Osiyo taraqqiyot banki, Islom hamkorlik tashkiloti vakillari ishtirok etdilar.
Majlisda ishtirok etish doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi AQSHning Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod va AQSH davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari boʻyicha yordamchisi oʻrinbosari Elis Uells, Germaniya hukumatining Afgʻoniston va Pokiston boʻyicha maxsus vakili Markus Potsel, Buyuk Britaniyaning Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili oʻrinbosari Lesli Kreyg va Fransiya TIVning Janubiy Osiyo departamenti direktori Kamil Peti bilan ikki tomonlama uchrashuvlar ham oʻtkazdi.
TIV xabariga koʻra, uchrashuvlar davomida Afgʻonistondagi vaziyatni tezda barqarorlashtirish boʻyicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish va qoʻshma ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishning amaliy jihatlari muhokama qilingan.