Rossiya AQShning Suriyagi “terrorchi”larni Afgʻonistonga olib oʻtishidan xavotirda

954
0

Rossiya AQShning Suriyagi “terrorchi”larni Afgʻonistonga olib oʻtishidan xavotirda

Rossiya Xavfsizlik Kengashi Kotibi Nikolay Patrushev Suriya va Iroqda yuz bergan inqirozlar Afgʻonistonda qayta takrorlanishidan ogohlantirdi. Uning taʼkidlashicha, Vashington va uning ayrim ittifoqchilari “terrorchi” guruhlarni Suriya va Iroqdan Afgʻonistonga olib oʻtishi jiddiy xatarlarga sabab boʻlishi mumkin. Patrushev bu haqida payshanba kuni Tehronda Eron Milliy xavfsizlik Oliy Kengashining kotibi Ali Shamxoni bilan uchrashuv chogʻida aytib oʻtdi.

“Amerika Qoʻshma Shtatlari va uning ayrim ittifoqchilari terroristik guruhlarni Suriya va Iroqdan Afgʻonistonga olib oʻtishi tufayli mintaqa xavf-xatar ostida qolishi mumkin”, dedi Patrushev.

“AQSh maʼmuriyati mintaqada oʻz maqsadlariga erishish uchun terrorizmdan qurol sifatida foydalanmoqda. U xavfsizlik va barqarorlik qaytishining oldini olishga intilmoqda”, deya qoʻshimcha qildi Rossiya Xavfsizlik Kengashi Kotibi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham juma kuni tashkil qilingan matbuot anjumanida xuddi shu masalaga toʻxtaldi. Sergey Lavrov Idlibdan chiqarilayotgan muxolif jangchi guruhlar haqida gapirar ekan, “Ularning Afgʻoniston kabi urush alangalanayotgan boshqa nuqtalarga yuborilishi haqida shubhalar mavjud. Bunday harakatlar qabul qilinishi aslo mumkin emas, terrorchilar yoʻq qilinishi kerak”, deya taʼkidladi.

Rossiya prezidentining Afgʻoniston boʻyicha vakili Zamir Qobulov esa, “arabic.rt.com” axborot agentligining muxbiriga bergan intervyusida Suriyadan minglab jangchilar Afgʻonistonga olib oʻtilayotganini daʼvo qildi. Qabulovga koʻra, bu harakat Markaziy Osiyoda beqarorlikni vujudga keltirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.